London fond birjasida O‘zbekistonning 635 mln. AQSh dollari va 2,5 trln. so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari joylashtirildi

London fond birjasida O‘zbekistonning 635 mln. AQSh dollari va 2,5 trln. so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari joylashtirildi

O‘zbekiston Respublikasining navbatdagi xalqaro obligatsiyalari ikki transhda – 635 mln. AQSh dollari miqdorida 3,9% kupon bilan 10 yil muddatga va 2,5 trln. so‘m miqdorida 14% kupon bilan 3 yil muddatga chiqarildi hamda Moliya vazirligi tomonidan London fond birjasida joylashtirildi.

Mazkur xalqaro obligatsiyalaridan tushgan mablag‘lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish va Davlat byudjeti defitsitini qoplash uchun yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida joriy yilda Davlat byudjeti taqchilligini qoplash uchun 2,2 mlrd. dollar miqdorida davlat qarzi jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur suveren xalqaro obligatsiyalarini chiqarish maqsadida joriy yilning 8-9 iyul kunlari tashkil etilgan “roud-shou” tadbirlari doirasida:

- AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Lyuksemburg, Shveysariya, Daniya, Singapur va Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlarning 50 ga yaqin xalqaro investorlari ishtirokida audiokonferensiya (Global Investor Call) bo‘lib o‘tdi;

- 27 ta yirik xalqaro investorlar, shu jumladan, “Franklin Templeton”, “Payden and Rygel”, “Lazard”, “Wellington”, “Meag”, “BlackRock”, “Marathon”, “Fidelity” va “Bluebay” vakillari bilan yakkama-yakka formatida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xalqaro investorlarning makroiqtisodiy vaziyat, soliq- byudjet siyosati va davlat qarzi dinamikasi, pul-kredit siyosati va inflyasion targetlash rejimi, Barqaror rivojlanish maqsadlari va yashil iqtisodiyot bo‘yicha rejalar, institutsional islohotlar bilan bog‘liq bir qator savollariga javob berildi.

Joriy yilning 12 iyul kuni bank-anderrayterlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarining dastlabki foiz stavkalari AQSh dollarida 10 yillik muddat uchun 4,25%-4,375% va o‘zbek so‘mida 3 yillik muddat uchun 14,5% atrofida belgilandi va London vaqti bilan soat 08:30da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi.

Buyurtmalar hajmi 3 soat ichida dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun, mos ravishda, qariyb 1,0 mlrd. dollar va 2,0 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 4,125% va 14,25–14,5%ga tushirildi.

Savdo yakunlari bo‘yicha xalqaro obligatsiyalarning hajmi va foiz stavkalari (kupon) quyidagicha belgilandi:

- 3 yillik o‘zbek so‘mi transhi: 2,5 trln. so‘m 14% kupon bilan (2020 yil noyabrda 3 yillik so‘mdagi obligatsiyalar 14,5% stavka bilan joylashtirilgan);

- 10 yillik AQSh dollari transhi: 635 mln. dollar 3,9% stavkada (benchmarkka nisbatan spred – 2,55%).

10 yillik AQSh G‘aznachilik obligatsiyalarining foiz stavkalari 2020 yil noyabr oyidan hozirgi kunga qadar 0,85%dan 1,35%gacha ko‘tarilgan. Mazkur davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasining 10 yillik xalqaro obligatsiyalarining AQSh G‘aznachilik obligatsiyalariga nisbatan spredi 2,85%dan 2,55%ga tushgan.

Xalqaro obligatsiyalar mamlakatlar va hududlar kesimida

Xalqaro obligatsiyalar investorlar kesimida

Qayd etish lozimki, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

BRM obligatsiyalari dasturini ishlab chiqishdan ko‘zlangan asosiy maqsad joriy va kelgusi yillarda BRM obligatsiyalarini chiqarish uchun zamin yaratish hamda O‘zbekistonning 2030 yilga qadar “Barqaror rivojlanish maqsadlariga” erishishini ta’minlash bilan birgalikda qarz mablag‘lardan foydalanishda shaffoflik, hisobdorlikni oshirish hamda taraqqiyotga ta’sirini baholashdan iboratdir.

Mazkur dastur “Mablag‘larni taqsimlash” va “Loyihalarning O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlariga ta’siri” bo‘yicha hisobotlarni tayyorlash va e’lon qilishni ham ko‘zda tutadi.

Joriy yilning 24 mart sanasida Moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasida 2020 yil noyabr oyida joylashtirilgan milliy valyutadagi suveren xalqaro obligatsiyalari tranzaksiyasidan tushgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarni monitoring qilish, taraqqiyotga ta’sirini baholash va BRM obligatsiyalari dasturini ishlab chiqish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolangan. Mazkur anglashuv memorandumi doirasida BRM obligatsiyalari dasturi ishlab chiqildi. O‘zbekistonning BRM obligatsiyalar dasturiga “Sustainalytics UK Limited” tashkilotining mustaqil xulosasi olindi.

Ta’kidlash joizki, yangi chiqarilgan xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi savdosi bugun, 13 iyul kuni London vaqti bilan 08:00 dan barqaror kotirovkalar bilan boshlandi.

Moliya vazirligi xalqaro obligatsiyalarning ikkilamchi bozordagi savdosi kotirovkalari bo‘yicha muntazam axborot berishni davom ettiradi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar