Markaziy bank iste’molchilarga ipoteka krediti bo‘yicha ma’lumot berdi

Markaziy bank iste’molchilarga ipoteka krediti bo‘yicha ma’lumot berdi

Ipoteka kreditlari ommabopligini yanada oshirish va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5886-sonli Farmoni qabul qilingan.

Mazkur farmon asosida ipoteka kreditlarini ajratishda yangi tartib joriy etilib, unga muvofiq ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasiga bog‘liq tarzda o‘zgaruvchanligi belgilangan. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi pasaytirilgan taqdirda, tijorat banklarining yangi tartib doirasida ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi ham mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.

Masalan, tijorat banki va qarz oluvchi o‘rtasida yangi tartib doirasida tuzilgan ipoteka krediti shartnomasida kreditning foiz stavkasi yillik 18 foiz qilib belgilangan va o‘sha kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi yillik 14 foiz miqdorida bo‘lgan.

Ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi 1 foiz bandga pasaysa, ya’ni 13 foiz etib belgilansa, unda ushbu sanadan boshlab qarz oluvchi uchun ipoteka kreditining foiz stavkasi ham 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 17 foizdan hisoblanib boriladi va bank kreditning qaytarish jadvalini qarzdorlarga yangidan qayta rasmiylashtirib beradi.

Shu munosabat bilan, ipoteka krediti oluvchilarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5886-sonli Farmoniga, shuningdek, Markaziy bankning “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi Nizomning (AV ro‘yxat raqami: 3030, 2018 yil 2 iyul.) 36(11)- va 37(2)-bandlariga asosan:

- yangi tartib doirasida ipoteka krediti olish uchun tijorat banki bilan tuzilgan yoki tuzilayotgan ipoteka krediti shartnomasi shartlarida kreditdan foydalanganlik uchun foiz stavkasi turi o‘zgaruvchanligi hamda foiz stavkasi o‘zgarganda bank kreditning qaytarish jadvalini yangidan rasmiylashtirib berishi lozimligi ko‘rsatilganligiga;

- Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi o‘zgarganda belgilangan foiz stavkalarining o‘zgarishi tomonlar uchun tushunarli tarzda bayon etilganligiga va tuziladigan ipoteka krediti shartnomasida foiz stavkasining o‘zgarish tartibi qayd etilganligiga e’tibor berishingizni so‘raymiz.

"Yuqoridagilardan kelib chiqib, yangi tartib doirasida tuzilgan ipoteka krediti shartnomasida kredit foizi stavkasining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq shartlar mavjud bo‘lmasa, shuningdek, kredit shartnomasida kredit foizi stavkasining o‘zgaruvchanligi nazarda tutilgan bo‘lib, ushbu shartga bank tomonidan amal qilinmasa, bevosita kredit ajratgan tijorat bankiga murojaat qilish huquqiga ega ekanligingizni ma’lum qilamiz.

Qarz oluvchilarning huquqlari buzilganligi bo‘yicha asosli murojaatlari tijorat banklari tomonidan qanoatlantirilmasa, mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona “Ishonch telefoni” orqali murojaat qilishingiz mumkinligini bildiramiz", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Soliq kodeksining 378-moddasi 16-bandiga ko‘ra, uy-joy qiymati 300 mln. so‘mgacha bo‘lsa va yana boshqa shartlar asosida imtiyoz beriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar