Moliya vazirligi O‘zbekistonning davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e’lon qildi

Moliya vazirligi O‘zbekistonning davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e’lon qildi

Moliya vazirligi 2020 yilning III choragi bo‘yicha O‘zbekiston davlat qarzi holati va dinamikasi sharhini e’lon qildi.

2020 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston nomidan va uning kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 20,8 mlrd. dollar ekvivalentini yoki YaIMga nisbatan 36,8 foizni tashkil etdi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 9 oyida davlat tashqi qarzi 2,8 mlrd. dollarga yoki yil boshiga nisbatan 18,0 foizga oshib, joriy yilning 1 oktyabr holatiga 18,5 mlrd. dollarga yoki YaIMga nisbatan 32,8 foizga yetdi.

Shundan:

  • hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz – 12,7 mlrd. dollar;
  • hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,8 mlrd. dollar.
  • Davlat ichki qarzi, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 23,6 trln. so‘mni (2,3 mlrd. dollar) yoki YaIMga nisbatan 4,0 foizni tashkil etdi.

Shundan:

  • hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 4,7 trln. so‘m (0,4 mlrd. dollar);
  • hukumat kafolatlagan ichki qarz – 18,9 trln. so‘m (1,9 mlrd. dollar).

Davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me’yorlarga ko‘ra mo‘’tadil darajada saqlanib qolmoqda, deyiladi hisobotda.

2020 yilning uchinchi choragida davlat qarzi qoldig‘ining o‘sishini shakllantiruvchi asosiy omillar:

  • O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 1,5 mlrd. dollarga;
  • Davlat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 1,3 mlrd. dollarga;
  • 4,194 trln. so‘m miqdorida davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi hamda 750 mlrd. so‘mga teng ichki qarzdorlik so‘ndirilishi natijasida davlat qimmatli qog‘ozlari qoldig‘i 3 444,8 mlrd. so‘mga oshdi.

Sharhda ilk bor imzolangan davlat tashqi qarzi bitimlari hamda uning hisobiga moliyalashtirilgan turli sohalardagi loyihalar haqida ma’lumot berilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar