GII 7 ta yo‘nalish va 78 ta ko‘rsatkichdan iborat va ular iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida bo‘lgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Mazkur indeks ikki subindeksning ko‘rsatkichlarining o‘rtacha qiymatlaridan kelib chiqib hisoblanadi.
Birinchi subindeks — innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input). Unga institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozor hamda biznesning rivojlanish darajasi kiradi.
Ikkinchi subindeks esa — innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar (Innovation Output). U iqtisodiyotda texnologiyalar va bilimlarning rivojlanishi, shuningdek, ijodiy faoliyat natijalarini o‘z ichiga oladi.
Natijalar
GIIda Shveysariya yuqori daromadli mamkalatlar orasida ketma-ket 15 yildan buyon birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Shveysariya “inson kapitali va tadqiqotlar” yo‘nalishidan tashqari (6-o‘rin) boshqa barcha yo‘nalishlar bo‘yicha top 5-o‘rinni egallagan.
Shvetsiya va AQSh uch yildan beri mos ravishda 2- va 3-o‘rinlarni saqlab qolmoqda.
Shvetsiya "Biznes rivojlanishi" va "Ijodiy faoliyat natijalar" yo‘nalishida 2-o‘rin, “inson kapitali va tadqiqotlar” 3-o‘rin, "Bilim va texnologiya natijalari" va “Infrastruktura” yo‘nalishida 4-o‘rinni egallagan. Shuningdek, Shvetsiya "Olimlar soni" indikatori bo‘yicha 1-o‘rinni egallagan.
AQSh "Bozor rivojlanishi" va "Biznes rivojlanishi" yo‘nalishi bo‘yicha 139 ta mamlakat ichida 1-o‘rinni egallagan. Mamlakat "Jahon korporativ R&D investorlari" (1-o‘rin), nomoddiy aktivlar intensivligi (1-o‘rin), mahalliy bozor hajmi (2-o‘rin), davlat ilmiy sanoat hamkorligidagi nashrlar ulushi (2-o‘rin), "YaIMda ilmiy tadqiqot xarajatlari ulushi" (4-o‘rin) va xususiy sektorga ajratilgan kreditlar (4-o‘rin) indikatorlari bo‘yicha yuqori o‘rinni egallagan. Bu xususiy sektorning innovatsiyalarni rivojlantirishdagi markaziy rolini namoyon qiladi.
Biroq, "Infratuzilma" yo‘nalishi bo‘yicha (32-o‘rin) AQShning natijalari pastroq.
Shuningdek, AQShda 22 ta innovatsiya klasteri mavjud bo‘lib, ular kuchli venchur kapitali faoliyati, jonli startap ekotizimlari va universitetlar hamda sanoat o‘rtasidagi yaqin aloqalar bilan ajralib turadi.
Masalan, San-Xose – San-Fransisko klasteri dunyoda 3-o‘rinda va innovatsiya intensivligi bo‘yicha 1-o‘rinda turadi. Bu Silikon vodiysidagi yirik texnogigantlar, patent va venchur kapitalidagi yuqori ko‘rsatkichlar bilan ta’minlangan.
Koreya, Singapur, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Niderlandiya, Daniya va Xitoy keyingi o‘rinlardan joy olib top 10 talikka kirdi.
Koreya Respublikasi 2025 yilda 4-o‘ringa ko‘tarildi. Mamlakat "Inson kapitali va tadqiqotlar" yo‘nalishi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, "Olimlar soni" (2-o‘rin), "YaIMda ilmiy tadqiqot xarajatlari ulushi" (2-o‘rin), "Biznesda olimlar ulushi" (1-o‘rin) kabi qator indikatorlar bo‘yicha yuqori pog‘onani egallagan.
Singapur 2025 yilda bir o‘rin pastlab, 5-o‘rinni egalladi. Shunga qaramay, u 139 ta davlat ichida 78 ta GII indikatorlarining 10 tasida 1-o‘rinni egallagan.
Finlandiya (7-o‘rin) va Niderlandiya (8-o‘rin) TOP-10 talikda mustahkam o‘ringa ega. Finlandiya "Infratuzilma" yo‘nalishida (3-o‘rin), Niderlandiya "Ijodiy natijalar" yo‘nalishida (6-o‘rin) ilg‘or ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan. Bu ularning muvozanatli innovatsiya ekotizimini aks ettiradi.
Xitoy ilk bor TOP-10 talik qatoridan joy olib "Bilim va texnologiya natijalari" yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylandi.
Markaziy Osiyo davlatlarining GII dagi o‘rni
Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha GIIda O‘zbekiston 79-o‘rin (2020 yilga nisbatan 14 pog‘ona yuqori) bilan liderlikni egallagan. Undan keyin Qozog‘iston (81-o‘rin), Qirg‘iziston (96-o‘rin) va Tojikiston (108-o‘rin) ketma-ketlikdan joy olgan.
O‘zbekiston “Tadbirkorlik siyosati va madaniyati” (3-o‘rin) "Mehnat unumdorligi o‘sishi" (6-o‘rin), startaplarni moliyalashtirish (6-o‘rin), "Fan va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha bitiruvchilar" soni (13-o‘rin) va "YaIMning ta’limga xarajatlar ulushi" (24-o‘rin) indikatorlari bo‘yicha 139 ta mamlakat ichida ijobiy natijani qayd etgan. Bu iqtisodiy samaradorlikning ortib borayotganidan dalolat beradi.
Biroq, ilmiy tadqiqot va ishlanmalarga sarmoyalar ulushi (98-o‘rin), adabiyot, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha PISA shkalasi (84-o‘rin), kam uglerodli energiyadan foydalanish (118-o‘rin) kabi indikatorlar pastligicha qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida” PF-158-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston 2030 yilga qadar Global innovatsiya indeksi da Top-50 talik mamlakatlar ro‘yxatiga kirishi belgilangan.
Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish