O‘zbekiston va Britaniyaning tahlil markazlari hamkorlik memorandumini imzoladi (+video)

O‘zbekiston va Britaniyaning tahlil markazlari hamkorlik memorandumini imzoladi (+video)

2021 yil 07-10 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston vakillari Londonda bir qator muzokaralar va uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Xorijiy mamlakatlar rivojlanish instituti (ODI) ofisida ijrochi direktor Sara Pantuliano Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) direktori Obid Hakimov bilan uchrashdi.

Xorijiy mamlakatlar rivojlanish instituti (ODI) - 1960 yilda tashkil etilgan Xalqaro taraqqiyot va gumanitar masalalar bo‘yicha mustaqil tahliliy markaz. Londonda joylashgan markazning vazifasi “Rivojlanayotgan mamlakatlarda kambag‘allikni kamaytirish, azob-uqubatlarni yumshatish va barqaror turmush tarziga olib keladigan siyosat va amaliyotlarni ilhomlantirish va xabardor qilish"dan iborat. Bunga “yuqori sifatli amaliy tadqiqotlar, siyosat bo‘yicha amaliy maslahatlar, siyosiy masalalarni tarqatish va muhokama qilish” orqali erishiladi.

2020 yilda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) Markaziy Osiyo va Kavkazdagi TOP-10 eng yaxshi tahlil markazlari ro‘yxatiga kirdi va 2016 yilda o‘z ko‘rsatkichlarini uch pog‘onaga yaxshiladi (o‘sha vaqtda Markaz 13-o‘rinda edi). 1998 yildan boshlab Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining «Ekonomicheskoye obozreniye» jurnali nashr qilina boshlandi, Review.uz jurnalning elektron versiyasi. Iqtisodiy tadqiqotlar markazi 2019 yil 3 oktabrdagi Prezident Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga aylantirildi. Birinchi Hukumat Akseleratorining faoliyati tashkil etildi.

Uchrashuvda iqtisodiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, shuningdek, ta’lim sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, qo‘shma tadqiqotlarni jadallashtirishning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Xorijiy mamlakatlar rivojlanish instituti o‘rtasidagi uchrashuv yakunida ODI va CERR tadqiqotlari, tahlil va kommunikatsiyalari sohasidagi hamkorlikni hamda iqtisodiy islohotlar jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar doirasida hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun anglashuv memorandum imzolandi.

Tomonlar hamkorlikning salohiyatli yo‘nalishlarini, jumladan, ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida birgalikdagi tadqiqot va tahlillar, semenar yoki konferensiyalar kabi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni belgilab oldi.

Xususan, savdo siyosatidagi o‘zgarishlarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va alohida tarmoqlarga ta’siri, kambag‘allikka qarshi kurash, energiya samaradorligini oshirish va qiymat zanjirlarini rivojlantirishning mintaqaviy muammolari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida o‘zaro amaliy hamkorlik bo‘yicha keyingi bosqichlar belgilab olindi.

CERR direktori O. Hakimov S. Pantulianoni joriy yilning kuz oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi. ODI rahbari samimiy minnatdorchiligini bildirdi va O‘zbekistonga tashrif buyurish taklifini qabul qildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Barcha savollar uchun telefon orqali bizga murojaat qiling: (78) 150 02 02 (417)

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar