“2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi”ning 109-bandida “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasini atroflicha muhokama qilib, asoslangan xulosalarni tayyorlash” vazifasi qo‘yilgan. Topshiriq Oliy Majlis palatalari (kelishuv asosida), Vazirlar Mahkamasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, tegishli vazirlik va idoralarga berilgan. Birgalikda tayyorlanishi ko‘zda tutilgan axborot-tahliliy ma’lumotda quyidagi masalalarga, ya’ni:
- YeOII bilan hamkorlikning milliy iqtisodiyotga ta’siri;
- qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarga mosligi tahlili;
- har bir iqtisodiyot tarmog‘iga ta’siri bo‘yicha baholash;
- asosiy ijobiy va salbiy ta’sir yo‘nalishlarini aniq yoritib berish;
- boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik istiqbollari bilan o‘zaro bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Bu maqolada YeOII bilan hamkorlik haqida fikr yuritishda mazkur masalaning ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolayotgan bir jihati haqida fikr yuritilmoqda. Ya’ni, YeOII bilan hamkorlikni kuchaytirishning mamlakatimiz iqtisodiyoti va ayniqsa, xalqimiz hayotiga ta’sirini baholash o‘ta murakkab va qiyin masala. Bunga ehtiyoj bor, negaki, ekspert va blogerlar tomonidan matbuot va internet saytlarida O‘zbekiston YeOIIga ehtimoliy kirishining mamlakatimiz iqtisodiyotiga ta’siri bo‘yicha e’lon qilinayotgan maqolalarning muayyan qismi hissiyotlarga berilgan, aniq tahlillarga asoslanmagan va o‘ta yuzaki fikr va mulohazalardan iborat bo‘lib qolmoqda.
Masala o‘ta keng ko‘lamli bo‘lganligi bois bu topshiriqni talab darajasida bajarish uchun Oliy Majlis Senati darajasida maxsus komissiya tuziladi. Mazkur komissiyaga Dasturning 109-bandida ko‘zda tutilgan tashkilot va idoralar vakillari hamda tegishli mutaxassis va olimlar, ekspertlar, jamoatchilik vakillari, ayniqsa, shu masalada fikr bildirayotgan blogerlar ham qo‘shilishi to‘g‘ri bo‘lardi. Blogerlarning bu komissiya tarkibiga kirishishiga ayrimlar qarshi bo‘lishi mumkin. Chunki blogerlarning ko‘pchiligi chuqur bilimli, jiddiy fikrlar bilan chiqayotgan vatandoshlarimizdir. O‘ylaymanki, ular ham Vatanimizni biz kabi sevishadi, xalqimiz hayoti yaxshi bo‘lishi uchun qayg‘urishadi.
Endi mazkur Davlat dasturining 109-bandi topshirig‘ida ko‘zda tutilgan vazifalar haqida fikr yuritamiz. Ma’lumki, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016 yildan boshlab, kelgusi istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratdi. Natijada “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish konsepsiyasi” yaratildi. Unda mamlakat darajasida yalpi ichki mahsulot, viloyat va tumanlar kesimida hududiy ichki mahsulot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari hisob-kitob qilingan.
Shunga o‘xshagan konsepsiya, strategiya, prognozlar alohida viloyat, shahar, tumanlar, tarmoq va sohalar bo‘yicha ham ishlab chiqildi.
Keyingi bosqichda YeOII ning ta’sis va faoliyatini boshqarishga mo‘ljallangan boshqa normativ-me’yoriy hujjatlarini sinchiklab o‘rganib chiqish lozim bo‘ladi. Bu oson ish emas, negaki, bu tashkilotning eng muhim 2 tagina hujjati, ya’ni “Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tashkil etish bo‘yicha shartnoma” 154 varaq va uning 1–ilovasi bo‘lmish “Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi haqida Nizom” 860 varaqdan iborat. Yevroosiyo ittifoqining bundan boshqa yana qancha hujjatlari bor.
YeOII ning barcha hujjatlarini hamda mamlakatimizda ishlab chiqilgan qisqa, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyot rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab bergan konsepsiya, strategiya va prognozlar to‘plamlarini o‘rganib bo‘lgandan keyingina ularning bir-biriga mosligini aniqlashga imkon tug‘iladi. Ko‘rinib turibdiki, bu ko‘plab mutaxassislar ishtirokida amalga oshiriladigan va katta kuch talab qiladigan murakkab jarayon hisoblanadi.
Demak, internetning qaysidir saytida o‘qib olingan bir maqola yoki o‘zining shaxsiy faraz va taxminlariga asoslanib YeOIIga kirish haqida fikr yuritish jiddiy odamning ishi emasligi ko‘rinib turibdi.
Davlat dasturining 109-bandidagi keyingi masala YeOIIga kirish ehtimolining iqtisodiyotning har bir tarmoq va sohalariga ta’sirini baholash bilan bog‘liq. Mabodo YeOIIga a’zo bo‘lsak, bu turli tarmoq va sohalarimizga turlicha ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, meva-sabzavot eksporti, mehnat migrantlari, xalqaro transport-kommunikatsiya, elektr energiya bozori kabi qator tarmoq va sohalarga uning ijobiy ta’siri hozirdan ma’lum. Avtosanoat, maishiy texnika ishlab chiqaradigan qator tarmoqlarga u juda katta salbiy zarba beradi. Negaki, bu tarmoqlar turli sabablarga ko‘ra, o‘z mahsulotlarini xalqimizga jahon bozoridagi o‘rtacha baholardan yuqori narxlarda sotib kelishyapti. Mabodo YeOIIga kirsak, ular yangicha sharoitlarga moslashib, mahsulotlari sifatini yaxshilashlari va narxini pasaytirish imkoniyatlarini topishlari shart bo‘ladi. Aks holda, ular bankrot bo‘lishlari muqarrar.
Bu o‘rinda yana bir o‘ta muhim masala haqida fikr yuritish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Gap shundaki, mabodo JST, YeOII va yoki boshqa iqtisodiy ittifoqlarga kirsak, ularning doirasida eksport va import tovarlar bo‘yicha barcha boj to‘lovlari bir xil bo‘ladi. Bu o‘zgarish qaysidir mahsulotlarimiz bo‘yicha bizning foydamizga ishlasa, boshqa bir guruh mahsulotlar bo‘yicha bizga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eksport va import qilinadigan mahsulotlarning turlari juda ko‘pligi va har bir mahsulot bo‘yicha yana bir necha xil standartlarning mavjudligi bu masala bo‘yicha katta –katta vazirlik, idora va tashkilotlar, olimu-mutaxassislar juda ko‘p ter to‘kishlari va ularning hisob-kitoblarini qilib berishlari kerak bo‘ladi.
Demak, bunday sharoitda mahsulotlarimizni boshqa davlatlarga eksport qilishimiz uchun tovarlarimizni xalqaro standartlar va sertifikatlash tizimiga o‘tkazishimiz shart bo‘ladi. Bu ishning ko‘lami qanchalik katta ekanligini ko‘rsatish uchun bitta misol keltiraman. Bu yil mahsulotlar bo‘yicha 3 mingta standart qabul qilishni mo‘ljallaganmiz, ularning sonini 10 mingta yetkazmoqchimiz. Shundayam xalqaro standartlarga mosligimiz bor-yo‘g‘i 40 foizga yetadi, xolos.
Shu ikkitagina misollar ham ko‘rsatib turibdiki, YeOIIga kirishning har bir tarmoq va sohaga ta’sirini alohida-alohida o‘rganish maqsadga muvofiq.
Yana bir o‘ta muhim masala, O‘zbekistonning YeOII bilan aloqalarining kuchayishi uning boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik istiqbollariga qanday ta’sir ko‘rsatishi bilan bog‘liq. Bu haqda men oldin ham maqola yozgan va uni internet saytlarida e’lon qilganman. Qisqa qilib aytganda, jahon iqtisodiyotining globallashuvi va davlatlararo raqobatning tobora kuchayib borayotgan bir sharoitida mamlakatlarning turli mintaqaviy va global integratsiya birlashmalariga a’zo bo‘lishi yoki yangi iqtisodiy ittifoqlar tuzishga bo‘lgan intilishlar tobora kuchayib boryapti. Bu tabiiy, albatta, negaki bunday iqtisodiy ittifoqlar, bir tomondan, bir mamlakatning boshqa davlat yoki guruhlardan o‘zini himoya qilish vositasi bo‘lsa, ikkkinchi tomondan, iqtisodiy taraqqiyotning muhim manbai va rezervi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Internet saytlarida ayrim ekspert va blogerlar O‘zbekistonning YeOIIga kirishi uning JSTga kirish jarayonini qiyinlashtiradi, degan fikrlarni e’lon qilishyapti. Bu umuman to‘g‘ri fikr va men ham unga qo‘shilaman. Haqiqatdan ham O‘zbekiston mabodo YeOIIga kirsa, keyin JSTga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlarda mamlakatimizga nisbatan qo‘shimcha savollar paydo bo‘lish ehtimoli bor. Muayyan bir mintaqaviy yoki global ittifoq a’zosi bo‘lgan davlat JSTga kirayotganda mazkur tashkilotning a’zo davlatlarida mazkur davlat oldiga yangi muammolar qo‘yishganligi oldin ham uchragan. Bu muammolar mazkur davlatlar delegatsiyalarining uchrashuvlarida muhokama qilingan va har ikki tomonning manfaatlariga mos keladigan kelishuvlarga erishilgan.
Bundan tashqari, qator davlatlar boshqa bir ittifoqlarning a’zosi bo‘la turib, JSTga qabul qilinishgan. Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lgan Sharqiy Yevropa davlatlari ham Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lib turgan holda JSTga a’zo bo‘lib kira olishgan. Ko‘rinib turibdiki, qaysidir bir davlat biror bir ittifoqqa a’zo bo‘lib turgan holda JST ga qabul qilinishi ko‘p uchragan hodisa ekan. Demak, O‘zbekiston ham bu ishni qila oladi, degan fikrdaman.
Qolaversa, turli iqtisodiy ittifoqqa a’zo davlatlar jahon davlatlarining mutloq ko‘pchiligini tashkil etadi va ularning jahon iqtisodiyotida tutgan o‘rinlar juda katta. Masalan, ayni paytda jahonning eng yirik 9 ta iqtisodiy ittifoqiga ( Yevropa ittifoqi, ASEAN, NAFTA, MERKOSUR, BRIKS, Mustaqil davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay Hamkorlik tashkiloti, YeOII, Janubiy Afrika bojxona ittifoqi) kiruvchi davlatlar 2018 yilda jahonda yaratilgan yalpi ichki mahsulotning 76,0 foizini ishlab chiqarishgan.[1]
JSTga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlarda mabodo O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lsa, u JSTga a’zo davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarini kamaytirishi mumkin, degan hadik ham bor. Bu noto‘g‘ri va asosga ega bo‘lmagan xavotir. Negaki, O‘zbekiston o‘z oldiga istiqbolda rivojlangan davlat bo‘lish vazifasini qo‘ygan. Buning uchun u rivojlangan davlatlardan innovatsion va raqamli texnologiyalar, yuqori unumli mashina va mexanizmlar, zamonaviy qurilish materiallari, aloqa vositalari kabilarni sotib olishi kerak bo‘ladi. YeOIIga a’zo davlatlarda bularning ko‘pi hali yo‘qligi ma’lum. Demak, bu jarayonlar bir-biriga halaqit qilmaydi.
O‘zbekiston kelgusi istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishni maqsad qilgan. Lekin mamlakatimizning iqtisodiy manfaatlari shuni taqozo etsa, biz YeOIIga yoki boshqa iqtisodiy ittifoqqa kirishimiz ham mumkin. Bir paytning o‘zida bir nechta ittifoqqa a’zo bo‘lish jahon hamjamiyatida oddiy bir hol ekanligini esa yuqorida ko‘rib o‘tdik.
Yana qaytaraman, ayrim ekspert, olim va blogerlar YeOIIga kirishishimizning ijobiy va salbiy ta’sirlarini qayerdadir eshitgan yoki o‘qigan maqolalari, Rossiyada ishlayapgan bitta–ikkita tanishlari, hatto ko‘chada yoki choyxonada eshitgan fikrlariga asoslangan holda o‘ta yuzaki baholashmoqda. Bu noto‘g‘ri va bu yo‘llar bilan ular o‘zlarini va ba’zan boshqalarni ham chalg‘itishmoqda. Men bunday ekspert va blogerlar e’tiborini mazkur maqolada bayon etilgan masalalarning javobini aniqlab olgandan keyingina YeOIIga kirishning asosiy ijobiy va salbiy ta’sir yo‘nalishlarini baholash mumkinligiga qaratmoqchiman.
Xullas, bunday o‘ta murakkab va keng qamrovli jarayon haqida yuzaki fikrlar bildirmaylik. Masalani chuqurroq o‘rganaylik va keyin xulosa qilaylik. Vatanimiz va xalqimizning istiqboli porloq bo‘lishini xohlasak, hayotimizga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan masalalarga nisbatan jiddiyroq munosabatda bo‘lganimiz maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Odil Olimjonov,
iqtisod fanlari doktori, professor
[1] https://data.worldbank.org/indicator/BX.GSR.GNFS.CD ma’lumotlari asosida muallif hisoblagan.
Ushbu maqolada bildirilgan fikrlar muallifning shaxsiy qarashlari bo‘lib, tahririyat yoki O‘zbekistondagi boshqa biror muassasa nuqtai nazarini aks ettirmaydi.
Izoh qoldirish