“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida Surxondaryo viloyati Denov shahrida tashkil etilgan loyihaning navbatdagi bosqichi ham ushbu ezgu niyatlarga qaratildi.
Xususan, Prezident maslahatchisi o‘rinbosari - Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligida Xalq qabulxonalariga moddiy yordam masalasida murojaat qilgan ehtiyojmand, ishsiz ayollarga Prezident sovg‘alari – tikuv mashinalari tantanali ravishda topshirildi.
Xususan, Denov tumanida 100 ta, Oltinsoy tumanida 100 ta, Sariosiyo tumanida 100 ta, Uzun tumanida 100 ta hamda Sho‘rchi tumanida 105 ta, jami 505 ta ayollarga tikuv mashinalari berildi.
Shu bilan birga, har bir ayol o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yib olishi uchun mahallasidagi yetakchi chevar tadbirkor ayollarga biriktirilib, ularning faoliyati nazoratga olindi. Ya’ni, Prezident Xalq qabulxonasi, sektorlar va “mahalla yettiligi” har bir kooperatsiya ish jarayonini doimiy monitoring qilib boradi. Tikuv mashinasi ajratilgan har bir murojaatchining avval barqaror daromadga chiqib, so‘ng yaqin uch-to‘rt yil ichida o‘z oilaviy tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilishigacha yaqindan yordam berib boriladi.
Bundan tashqari, 250 nafarga yaqin ishsiz fuqaroga subsidiya asosida motokultivator, pishiriq pechlari, sartaroshlik uskunalari kabi qator mehnat jixozlar topshirildi.
Shu tariqa yuzlab oilalarning daromadi shakllandi, ro‘zg‘origa fayz-baraka kirdi.
Tashkil etilgan mazkur tadbir katta festivalga aylanib ketdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadbir doirasida turli ko‘rgazmalar, yarmarkalar hamda sport musobaqalari ham tashkil etildi.
Jumladan, aholi orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb etish maqsadida Prezident Xalq qabulxonasi rahbari Ulug‘bek Muhammadiyev boshchiligida “Istiqbol” mahallasida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” yurish marafoni bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, nuroniylar, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamda 1500 dan ortiq 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Armiyam – faxrim” shiori ostida harbiylarning chiqishlari, ko‘rgazmalari hamda turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi. Erishayotgan yuqori natijalari, tashabbuskorligi va fidoyiligi uchun bir guruh yoshlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Izoh qoldirish