2022 yilning 1 oktyabr holatiga Namangan viloyatida doimiy yashovchi aholi soni joriy yil boshiga nisbatan 48,1 ming kishiga (1,6%) ko‘payib, jami 2 979 ming kishini tashkil etdi. Xususan, shahar aholisi 1 932 ming kishiga (jami aholining 64,9%), qishloq aholisi esa 1 047 ming (jami aholining 35,1%) kishiga yetdi. Namangan viloyati aholi soni bo‘yicha respublikada Samarqand (4 095 ming), Farg‘ona (2954 ming), Qashqadaryo(3461 ming) va Andijon (3 304 ming) viloyatlaridan keyin 5-o‘rinni egalladi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvar holatiga mehnatga layoqatli aholi, viloyat doimiy aholising 54,1%ini, mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar va mehnatga layoqatli yoshdan kattalar 45,9%ni tashkil qilgan. Xususan jins va yosh guruhlari bo‘yicha (5 yillik intervalda) qilingan tahlilda, erkaklar va ayollar tarkibida 5 yoshgacha bo‘lgan yoshlar aholining asosiy qatlamini shakllantirib, umumiy 409 ming kishini tashkil etgan.
Joriy yilning 1 oktyabr holatiga aholi sonining taqsimlanishi 1 514 ming erkaklar (50,8%), 1 466 ming (49,2%) nafar ayollar hissasiga to‘g‘ri keldi. Hududlar kesimi bo‘yicha qaralganda, Namangan shahri (657 ming), Chust (273 ming) va To‘raqo‘rg‘on tuman (232 ming)lari viloyatdagi eng ko‘p aholi istiqomat qiluvchi hududlar hisoblanadi.
Viloyat bo‘yicha 1 kvadrat kilometrga o‘rtacha 400 kishi to‘g‘ri kelib, Namangan shahri (4 492 kishi), Namangan tumani (936 kishi) va To‘raqo‘rg‘on tumani (881 kishi) aholisi eng zich joylashgan hududlar sirasiga kiradi.
2022 yilning dastlabki 9 oyi davrida, tug‘ilishlar soni 60 mingtani, o‘limlar soni 10 mingtani, qayd etilgan nikohlar soni 14,6 mingtani va nikohdan ajralishlar soni 3,2 mingtani tashkil etgan.
Aholi migratsiyasi bo‘yicha viloyatga 1,9 ming kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelgan va 3,7 ming kishi doimiy yashash maqsadida ko‘chib ketgan.
Izoh qoldirish