O‘tgan haftada birjada benzen, sement va shakar narxlar ko‘tarildi

O‘tgan haftada birjada benzen, sement va shakar narxlar ko‘tarildi

O‘tgan hafta davomida, ya’ni 7 – 13 dekabr kunlari "O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi" AJning barcha savdo platformalarida 1 132,5 mlrd so‘mlik tovarlar sotilgan bo‘lib, bu avvalgi haftaga nisbatan 9,1% ga ko‘pdir, deb xabar bermoqda birja matbuot xizmati.

Bunda sotuvlarning 85,0% - birja savdolari, 2,2% - ko‘rgazma-yarmarka savdolari, 12,4% - elektron davlat xaridlari va 0,4% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga to‘g‘ri keldi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 451,4 mlrd so‘mni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida o‘tkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining 28,2 mlrd so‘mlik mablag‘lari tejaldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 2 718 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 4,4 mlrd so‘mni tashkil qildi. Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning 4,0% birinchi toifadagi avtoraqamlarga, 10,4% ikkinchi, 13,8% uchinchi, 13,0% to‘rtinchi, 22,2% beshinchi va 36,6% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.

Birja savdolari

Ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 962,5 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘yishdi, shu jumladan:

Paxta yog‘i

O‘tgan haftada birja savdolariga 6 197,0 tonna paxta yog‘i qo‘yildi va ulardan 3 302,0 tonnasi, ya’ni 53,3% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 89 ta xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda barcha navli paxta yog‘ining kunlik o‘rtacha narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 13 502,7 ming so‘mdan 12 728,6 ming so‘mgacha, ya’ni 5,7% ga pasaydi. Hafta yakunlariga ko‘ra 1-navli paxta yog‘ining haftalik kotirovkasi mahsulotni bir tonnasi uchun 13 224,9 ming so‘mni tashkil etdi.

Shakar

Birjaning shakar bozorida ayrim o‘zgarishlar qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 3 382,0 tonna shakar qo‘yildi va ulardan 3 265,0 tonnasi, ya’ni 96,5% sotildi.

Shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha o‘rtacha boshlang‘ich narxlar avvalgi haftaga nisbatan mahsulotning bir tonnasi uchun 6 780,0 ming so‘mgacha yoki 4,5% ga sotuvchi korxonalar tomonidan ko‘tarildi. Shu munosabat bilan, shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 6 782,2 ming so‘mdan 6 803,5 ming so‘mgacha, ya’ni 0,3% ga ko‘tarilgan. O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 6 791,6 ming so‘mni tashkil etdi.

Sement

O‘tgan hafta mobaynida birja savdolariga 101 127,0 tonna sement qo‘yildi va ulardan 89 999,0 tonnasi, ya’ni 89,0% sotildi. Shu bilan birga, birja savdolariga qo‘yilayotgan sement hajmining pasayganligi sababli, uning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari ham avvalgi haftaga nisbatan kamayib, o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 22,5 ming tonnani tashkil qildi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha boshlang‘ich narxlari mahsulotning bir tonnasi uchun 461,4 ming so‘mdan 501,0 ming so‘mgacha yoki 8,6% ga o‘sgan. Shu munosabat bilan, sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlari ham mahsulotning bir tonnasi uchun 538,6 ming so‘mdan 597,8 ming so‘mgacha yoki 11,0% ga ko‘tarilgan.

Benzin

O‘tgan haftada birja savdolariga 20 556,0 tonna AI-80 markali avtomobil benzini qo‘yildi va ulardan 18 612,8 tonnasi, ya’ni 90,5% sotildi. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 49 xaridor ishtirok etdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda sotuvchi korxonalar AI-80 markali avtomobil benzinining o‘rtacha boshlang‘ich narxlarini mahsulotning bir tonnasi uchun 5 700,5 ming so‘mdan 5 852,7 ming so‘mgacha yoki 2,7 %ga ko‘tarishdi. Shu munosabat bilan, AI-80 markali avtomobil benzinning o‘rtacha kunlik narxi ham mahsulotning bir tonna uchun 5 725,5 ming so‘mdan 5 876,0 ming so‘mgacha yoki 2,6% ga o‘sdi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning o‘rtacha haftalik kotirovkasi 5 761,8 ming so‘mni, AI-91 – 6 652,4 ming so‘mni tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi o‘rtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar