O‘zbekiston 2020 yil inson kamoloti indeksida 106-o‘rinni egalladi

O‘zbekiston 2020 yil inson kamoloti indeksida 106-o‘rinni egalladi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan e’lon qilingan 2020 yilgi Inson kamoloti indeksi hisobotida O‘zbekiston 106-o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston Respublikasi ushbu hisobotda dunyoning 189 mamlakati ichida indeks qiymati 0,720 (maksimal indeks qiymati 1,000) bilan 106-o‘rinni egallab, 2019 yildagi hisobot natijalariga nisbatan +2 o‘ringa va +0.01 indeks qiymatlari bilan yaxshilandi.

Inson kamoloti indeksida 3 ta asosiy omillar — uzoq va sog‘lom hayot kechirish, bilim olish va munosib turmush darajasi hisobga olinadi.

Indeks hisoboti bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining natijalari quyidagicha:

  • aholining tug‘ilganda kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligini belgilaydigan umr ko‘rish davomiyligi indeksi 71,7 yilni tashkil etadi (+0,1 yil o‘sish);
  • ta’lim indeksining ta’limning o‘rtacha davomiyligi 11,8 yil (+0,3 yil ijobiy o‘zgarish) va kutilayotgan ta’lim davomiyligi 12,1 yilni (+0,09 yil ijobiy o‘zgarish) tashkil etgan;
  • xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha aholi jon boshiga YaMD miqdori $7142 ni tashkil etib o‘tgan yilga nisbatan $680 ga o‘sgan.

COVID-19 inqirozidan so‘ng, Inson kamoloti indeksining keyingi 2021 yilgi hisobotida aksariyat mamlakatlar natijalari keskin pasayish kuzatilmoqda. Pandemiyaga qarshi kurashish uchun qabul qilingan cheklovlarga qaramasdan, joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida mamlakatimizda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 0,4 foizni tashkil etdi. Bu ko‘ratkich ko‘plab boshqa rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarga nisbatan ijobiy natija hisoblanib, yil yakuniga borib iqtisodiy o‘sish 1,4 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, inson kamoloti to‘g‘risidagi ushbu hisobot BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan 1990 yildan boshlab nashr etib kelinayotgan bo‘lib, O‘zbekistonning ko‘rsatkichlari 1993 yildan buyon qayd etib kelinmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar