“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturini rivojlantirish uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturini rivojlantirish uchun qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda

9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda hududlarda hali yetarlicha o‘rganilmagan, sayyohlar jalb etilmagan qadamjolar ko‘pligi ta’kidlandi. Madaniyat vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga 300 ta madaniy meros ob’yekti va ziyoratgohni restavratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan 8 buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi bo‘lgan moturidiya ta’limotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimligiga shu borada ko‘rsatmalar berildi. Buxoro viloyatida islom dini va mintaqadagi din namoyandalari tematik xiyoboni loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturi kelgusi yili izchil davom ettiriladi. Buning uchun Ro‘za va Qurbon hayitlari, Navro‘z, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayramlari davrida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda. Shuningdek, nomavsumiy sayohatlar uchun Ichki turizm oyligi, haftaligi va kunlari tashkil etiladi.

Prezidentimiz pandemiya sababli turizm sohasi uchun 2020 yil oxirigacha berilgan imtiyoz va preferensiyalarni 2021 yil oxiriga qadar uzaytirish, aholi uchun transport va mehmonxona xizmatlari bo‘yicha chegirmalar berib, ichki turizmni ommaviy tashkil etish muhimligini ta’kidladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar