O‘zbekiston fuqaroligini olish soddalashtiriladi

O‘zbekiston fuqaroligini olish soddalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi 14.06.2021 yildagi O‘RQ-696-son Qonun qabul qilindi.

Yangi qonunga asosan 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan, shuningdek respublikada kamida 15 yil doimiy yashab kelayotgan shaxslar O‘zbekistonning fuqarosi deb tan olinishi mumkin.

Ota-onasidan biri (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekistonning fuqarosi deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekistonda yashab kelayotgan bola ham respublikaning fuqarosi deb tan olinishi mumkin.

Yuqorida ko‘rsatilgan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ariza beruvchi ularni sud tartibida aniqlashi mumkin.

O‘zbekistonning fuqaroligiga mansublikni aniqlash ham shaxsning fuqarolikka mansubligini aniqlash to‘g‘risidagi arizasi, ham O‘zbekistonning yoki chet davlatning vakolatli organi so‘rovi bo‘yicha amalga oshirilishi mumkin.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni O‘zbekistonning fuqarosi deb tan olish to‘g‘risidagi arizaga boshqa hujjatlar qatorida 2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekistonga kirib kelganligini va doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinganligini yoki O‘zbekiston hududida 15 yil va undan ortiq yil davomida doimiy yashab kelayotganligini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Fuqarolik mavjudligini ko‘rsatuvchi pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat bilan bir qatorda, endi respublika fuqarosining identifikatsiyalovchi kartasi ham O‘zbekistonning fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi.

Respublikaning fuqaroligini belgilangan tartibda olgan shaxsga quyidagi hujjatlar beriladi:

  • ichki ishlar organi tomonidan - O‘zbekiston fuqarosining identifikatsiyalovchi kartasi yoki respublikaning fuqaroligi mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • konsullik muassasasi tomonidan - O‘zbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti yoki respublikaning fuqaroligi mavjudligini tasdiqlovchi boshqa hujjat.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar