O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingida 7 pog‘ona ko‘tarildi

O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingida 7 pog‘ona ko‘tarildi

20 sentyabr kuni AQShning Kornel universiteti, Fransiyaning Insead biznes maktabi va Butunjahon intellektual mulk tashkiloti Global innovatsion indeks reytingini e’lon qildi.

O‘zbekiston Global innovatsion indeks reytingida 132 davlat orasida 86-o‘rinni egalladi. Bundan avval mamlakatimiz reytingda 2020 yil 93-o‘rin va 2015 yilda 122 o‘rinlarni egallagan edi.

Global innovatsion indeksi 20 sentyabr sanasida e’lon qilgan nashrining nomi “COVID-19 inqirozi orqali innovatsiyalarni kuzatish” bo‘lib, hisobot COVID-19 inqirozning global innovatsiya ko‘rsatkichlariga ta’sirini baholaydi.

Global innovatsion indeks (The Global Innovation Index) 81 ta ko‘rsatkichdan iborat va ular iqtisodiy rivojlanishning turli darajalarida bo‘lgan mamlakatlarning innovatsion rivojlanishini tavsiflaydi. Mazkur indeks ikki subindeks ko‘rsatkichlarining o‘rtacha qiymatidan kelib chiqib hisoblanadi. Birinchi subindeks innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar (Innovation Input) – institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, ichki bozor va biznesning rivojlanish darajasi kiradi. Ikkinchi subindeks esa innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar (Innovation Input) – texnologiyalar va bilimlar iqtisodiyotining rivojlanishi hamda ijodiy faoliyat natijalarini o‘z ichiga oladi.

Mamlakatimiz innovatsiyalarni joriy etish uchun mavjud resurslar va sharoitlar subindeksida o‘tgan yilgi natijalaridan 6 pog‘ona ko‘tarilib 75 o‘rinni; innovatsiyalarni joriy etishda erishilgan amaliy natijalar subindeksida esa 18 pog‘ona ko‘tarilib 100-o‘rinni egalladi.

Reytingga ko‘ra, O‘zbekistonning dunyo miqyosida kuchli indikatorlari quyidagilar: “Ilm-fan va muhandislik sohasida bitiruvchilar soni” - 7-o‘rin, “Biznesni yo‘lga qo‘yishning soddaligi” - 8-o‘rin, “Mehnat unumdorligi” - 8-o‘rin, “Kapitalni yalpi tarzda to‘plash” - 7-o‘rin, “Ta’lim uchun davlat xarajatlari” - 28-o‘rin.

Quyi o‘rta daromad guruhi davlatlari orasida O‘zbekiston 2021 yil 10-o‘rinni egalladi. Mazkur guruh mamlakatlari orasida O‘zbekiston institutlar, inson kapitali va tadqiqotlar, infratuzilma, va ichki bozorning rivojlanish darajasi yo‘nalishlarida yetakchi qatorlarini egallab turmoqda.

Global innovatsion indeks reytingida Shveysariya — 1-o‘rin, Xitoy — 12-o‘rin Rossiya — 45-o‘rin, Qozog‘iston — 79-o‘rin, Qirg‘iziston — 98-o‘rin, Tojikiston — 103-o‘rinni egalladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tegishli davlat boshqaruv organlari va idoralari hamda xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikda so‘ngi yillarda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va Global innovatsion indeks reytingida o‘rnini yaxshilashga qaratilgan salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Natijada, mamlakatdagi innovatsion faoliyatda tub ijobiy burilishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan muntazam tarzda e’tirof etib kelinmoqda. Reytingning bu yilgi sonida mamlakatimizning O‘rta Osiyo va Janubiy Osiyo davlatlari ichida 4-o‘rinda ekanligi ta’kidlangan.

O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va innovatsion rivojlanishda milliy o‘lchamlarni to‘g‘ri belgilab olish, mamlakatning xalqaro miqyosda innovatsion rivojlanishini ta’minlash uchun 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan va undagi asosiy vazifalardan biri etib 2030 yilga qadar respublikamizni Global innovatsion indeks baholash reytingida yetakchi 50 ta davlat qatoriga kiritilishi qat’iy belgilab berilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar