O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan hamkorlikda qiymati 5 million dollarga teng eksportbop zargarlik buyumlarini ishlab chiqardi

O‘zbekiston Janubiy Koreya bilan hamkorlikda qiymati 5 million dollarga teng eksportbop zargarlik buyumlarini ishlab chiqardi

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Vitaliy Fen va Koreya zargarlik fedaratsiyasi raisi Li Bong Song o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Toshkent shahrida oltindan zamonaviy eksportbop zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Mazkur investitsiya loyihasining umumiy qiymati 5 million dollarga teng bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur loyihani amalga oshirish uchun barcha tayyorgarlik ishlari yakunlangan. Janubiy Koreya tomoni ishlab chiqarish jarayoni va ilg‘or texnologiyalar joriy etish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.

«Ayni paytda 1,5 million dollarlik ishlab chiqarish texnikasi va jihozlar O‘zbekistonga jo‘natish uchun tayyorlab qo‘yilgan. Uskunalarning aksariyati dunyoda o‘xshashi yo‘q va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari tomonidan buyurtma asosida tayyorlangan», deydi Li Bong Song.

Yaqin 3 yil ichida to‘liq ishlab chiqarish ishlari yo‘lga qo‘yilib, 500ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Li Bong Sing, shuningdek, Osiyodagi eng yirik bozor – Hongkong bozoriga O‘zbekistondan tayyor zargarlik buyumlarini eksport qilishga qiziqish bildirdi. U Hongkongdan berilayotgan buyurtmalarni O‘zbekistonda tashkil etilayotgan qo‘shma korxonaga yo‘naltirishga tayyorligini ma’lum qilgan.

Bu O‘zbekistondan zargarlik buyumlari va qimmatbaho metallardan tayyorlangan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega boshqa mahsulotlarni barqaror eksport qilishni yo‘lga qo‘yishga imkon beradi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 fevral holatiga oltin zaxiralarining sof hajmi yil boshidan beri 8,1 tonnaga (yoki 0,26 mln. troy unsiyaga) oshdi va bu oltin-valyuta zaxiralarining 482 mln. dollarga ko‘payishiga yordam berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar