O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalari qurishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston quyosh elektr stansiyalari qurishni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston o‘n yil davomida umumiy quvvati 5000 MVt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari (QES) qurishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Xabarda ta’kidlanishicha, 2021 yil oxiriga qadar O‘zbekistonda har biri 100 MVt quvvatga ega ikkita QESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Mazkur yo‘nalishda vazirlik Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) ishtirokida davlat-xususiy sheriklik dasturi asosida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha «Scaling solar» loyihasi ustida ish olib bormoqda. XMK quyosh energiyasi sohasidagi loyihalarni tanlash va tender o‘tkazishda yordam berish bo‘yicha yetakchi maslahatchi tashkilot sifatida jalb etilgan.

2019 yil XMK ko‘magida O‘zbekistonda xalqaro tender tanlovlarning birinchi bosqichi tashkil etilib, uning natijalari 4 oktyabr kuni e’lon qilindi. Tender Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatli birinchi QES qurish maqsadida o‘tkazilgan.

- Xalqaro tanlovning dastlabki bosqichida Hindiston, Ispaniya, Xitoy, Norvegiya, BAA, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Fransiya, Janubiy Afrika Respublikasi, Janubiy Koreya va Yaponiyadan 23ta kompaniya ishtirok etdi, shulardan 11ta kompaniya dastlabki saralash tanlovidan o‘tdi, - deydi Energetika vazirligi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida generatsiyani rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Abdulla Otaboyev. - Tijorat takliflari «Acwa Power» (Saudiya Arabistoni), «Jinko Power» va «Aljoimah Energy & Water Consortium» (XXR/ Saudiya Arabistoni), «Masdar» (BAA), «TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd» (XXR) va «Total Eren» (Fransiya) kompaniyalari tomonidan taqdim etilgandi.

Tender komissiyasi ishtirokchilarning texnik, tijorat takliflarini o‘rganish va baholash natijalariga ko‘ra, BAAning «Masdar» kompaniyasini tanlov birinchi bosqichi g‘olibi deb e’lon qildi. Mazkur kompaniya tarif bo‘yicha 1 kVt/soat ishlab chiqarilgan elektr energiyasini 2,679 sentga baholagan.

Loyihani moliyalashtirish Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining 5,1 million dollargacha miqdordagi kafolati hamda XMKning 41 million dollargacha miqdordagi qarz mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda. Loyiha, shuningdek, Jahon bankining O‘zbekistondagi birinchi kafolatli operatsiyasi bo‘ladi.

«Masdar» Abu-Dabi hukumatining «Mubadala Investment Company» kompaniyasining shu’ba korxonasi hisoblanadi. U qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi xalqaro kompaniyalardan biridir.

Kompaniya tomonidan amalga oshirilgan investitsiyaviy loyihalar portfeli 4000 MVt.dan ortiq hajmda qayta tiklanadigan manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan quvvatlarni o‘z ichiga olgan.

Shuningdek, «Masdar» kompaniyasi Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini loyihalashtirish, qurish va undan foydalanish loyihasini amalga oshiradi.

Yangi ob’yektni qurish ishlarini 2021 yil oxirigacha boshlash ko‘zda tutilgan. 2023 yil aprel oyida ishlab chiqarish quvvatlarining birinchi bosqichi (250 MVtgacha) va 2024 yil oxiriga qadar barcha quvvatlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar