9 dekabr kuni Farg‘ona shahrida Qirg‘iziston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Artem Novikov va O‘zbekiston bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sardor Umurzoqov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Qirg‘iziston Respublikasi hukumati matbuot xizmati.
Unda tomonlar ustav kapitali 50 mln dollarga teng bo‘lgan qirg‘iz-o‘zbek investitsion jamg‘armasini tashkil qilishga va bojxona sohasini rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirishga kelishib olishdi.
Artem Novikovning so‘zlariga ko‘ra, savdo-sotiqni kengaytirish va savdo darajasini oshirish uchun ikki mamlakat o‘rtasidagi transport va tranzit hamkorligini faollashtirish va ularning tranzit salohiyatidan o‘zaro manfaatli foydalanishga e’tibor berish muhim hisoblanadi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish uchun Yo‘l xaritasini imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Izoh qoldirish