O‘zbekistonda boshlang‘ich kapitali 100 mln. AQSh dollari bo‘lgan "Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi" tashkil etilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda boshlang‘ich kapitali 100 mln. AQSh dollari bo‘lgan

Joriy yilda O‘zbekiston Hukumati va Islom taraqqiyot banki hamkorligida boshlang‘ich kapitali 100 mln. AQSh dollari bo‘lgan "Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamg‘armasi" (Economic Yemrowermyept Fund) tashkil qilinishi kutilmoqda.

Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda Islom taraqiyot banki delegatsiyasi vakillari o‘rtasida maqsadli va manzilli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuvda aytib o‘tildi.

Tadbir davomida bugungi kunda hududlarni rivojlantirishda mahallalardagi “drayver” nuqtalarni aniqlash va shu asosda ishlarni tashkil etish borasida olib borilayotgan islohotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, “Ayollar daftari” asosida xotin-qizlar muammolari bilan ishlashda banklar tomonidan taqdim etilayotgan loyihalar xususida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, tashkil etilishi kutilayotgan Fond tomonidan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash uchun platforma yaratish, daromad manbalarini ta’minlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish hamda bu jarayonlarda mahallalar bilan yaqindan hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda. Bunda haqiqatdan ko‘makka muhtoj fuqarolarni aniqlashda mahalla xodimlarining o‘rni va ahamiyati katta.

Tadbir so‘nggida kutilayotgan ikki taraflama muzokaralarni 2021 yilning iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan hukumatlararo uchrashuvda davom ettirishga o‘zaro kelishib olindi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar