O‘zbekistonda elektromobillar uchun birinchi quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘i qurilishi boshlandi

O‘zbekistonda elektromobillar uchun birinchi quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘i qurilishi boshlandi

Makro supermarketlar tarmog‘i O‘zbekistonda elektromobillar uchun birinchi quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘ini qurishni boshladi. Bu haqda ISN Magazine’ga tayanib, Spot xabar berdi.

Kompaniya quvvatlantirish tarmoqlarini qurish qarorini dastlabki muvaffaqiyatdan so‘ng qabul qilgan — 2020 yilning oktyabrida Toshkentdagi Makro Ekopark avtoturargohiga shahardagi elektromobillar uchun birinchi multirazyomli stansiya o‘rnatgan edi.

Hozirda Makro 30 ta AC, CCS va CHAdeMo quvvatlantirish stansiyalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan — 20 tasi birinchi bosqichda, 10 tasi ikkinchi bosqichda. Ularning barchasi nafaqat Toshkentdagi, balki boshqa shaharlardagi supermarketlar tarmog‘ida joylashadi.

«Mamlakatda elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyasini o‘rnatgan birinchi chakana sotuvchi ekanligimizdan faxrlanamiz va ushbu tarmoqni kengaytirish navbatdagi mantiqiy qadamdir», — deydi Makro rahbari Roman Sayfulin.

Uning ta’kidlashicha, kompaniya atrof-muhitni himoya qilish borasidagi majburiyatlariga jiddiy yondashadi va yangi texnologiyalarni o‘z mijozlari bilan bo‘lishishdan doimo mamnun.

2020 yilning oxirida O‘zbekiston elektromobillar uchun kurs olayotgani ma’lum bo‘lgandi:

- «O‘zavtosanoat»ni faqat elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazish rejalashtirilmoqda;
- Mamlakatga elektromobillarning olib kirilishi uchun yig‘imlar bekor qilinmoqda;
- Ikki oy ichida quvvatlantirish qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash vazifasi qo‘yilgan;
- Bundan tashqari, mamlakatda elektromobillar importi so‘nggi ikki yilda 10 barobarga oshgan, elektromobillar ishlab chiqarish borasida esa qator loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar