Markaziy bank 2020 yil va 2021 yil I choragi uchun Ipoteka kreditlari tahlilini taqdim etdi.
Ipoteka kreditlari qoldig‘i 2018 yil 1 yanvar holatiga 9,7 trln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil 1 yanvar holatiga 3 barobarga ko‘payib, 28,3 trln. so‘mga yetdi. Shuningdek, ipoteka shartnomalari soni 121,7 ming donadan 238,4 ming donaga yetib, qariyb 2 barobarga oshgan.
O‘zbekistonda ipoteka bozoridagi kreditlar holati co‘nggi yillarda uy-joyga bo‘lgan talabning oshib borishi hamda aholini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ipoteka kreditlar hajmining keskin oshishiga sabab bo‘ldi.
Bunda, ipoteka kreditlari hajmi va unga bo‘lgan talabning oshishi:
- Mamlakatda aholi sonining o‘sib borishi (so‘nggi 4 yildagi o‘rtacha o‘sish 1,8 foizni tashkil etmoqda);
- respublikada investitsion faollik va uy-joy qurilishi sur’atlarining oshganligi;
- aholi real daromadlarining (so‘nggi 4 yildagi o‘rtacha yillik o‘sish 6,9 foizga teng) oshib borayotganligi;
- Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida hududlarda urbanizatsiya darajasining ortib borishi va uy-joy qurilishi uchun zarur infratuzilmalarning kengayishi;
- bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlash tizimining joriy etilishi natijasida tijorat banklari ipoteka kreditlari ajratish uchun barqaror resurs manbai bilan ta’minlanayotganligi;
- yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun va ulushdor jismoniy shaxslarga ajratiladigan ipoteka kreditlarining soddalashtirilganligi bilan izohlanishi mumkin.
2017-2020 yillarda jami 220,2 ming nafar fuqarolarga umumiy qiymati 25,8 trln. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Xususan, 2020 yilda 77,3 ming nafar fuqarolarga 9,1 trln. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilib, ularning soni 2017 yildagi ko‘rsatkichga nisbatan 2,1 baravarga o‘sdi.
Hududlar kesimi bo‘yicha qaralganda, 2020 yilda ajratilgan ipoteka kreditlarining 64 foizi 5 ta hududlar hissasiga to‘g‘ri kelib, bunda 35 foizi (3, 183,7 mlrd. so‘m) Toshkent shahri, 10 foizi (871,8 mlrd. so‘m) Samarqand viloyati, 8 foizi (690,6 mlrd. so‘m) Toshkent viloyati hamda 6 foizi (534,3 mlrd. so‘m) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2020 yilda O‘zbekistonda ipoteka kreditlari qoldig‘ining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 4,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich Qozog‘istonda 5,3 foizni, Ruminiyada 8,5, Vengriyada 9,1 va Rossiya Federatsiyasida 9,4 foizni tashkil qildi.
Davlatlar kesimidagi solishtirma tahlillar ipoteka kreditlari hajmining YaIMga nisbati aholi daromadlariga nisbatan yuqori elastiklik xarakteriga egaligini ko‘rsatib, o‘rta va undan quyi daromadli davlatlarda shu jumladan O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya va Bolgariyada ipoteka kreditlarining YaIMga nisbati 10 foizdan oshmagan holda shakllangan.
2020 yilda ipoteka kreditlari qoldig‘ining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,1 foiz), Jizzax (8,4 foiz), Surxondaryo (8,3 foiz) hamda Sirdaryo viloyatlarida (7,9 foiz) nisbatan yuqori shakllangan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkichlar Navoiy (2,4 foiz), Toshkent (3,8 foiz), Buxoro (4,4 foiz) va Andijon (4,5 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
O‘tgan yilda 36 134 nafar fuqarolar tomonidan 1 207,2 mlrd. so‘m miqdoridagi ipoteka kreditlari, jumladan, Toshkent shahrida 274,7 mlrd. so‘m (jami so‘ndirilgan ipoteka kreditlarining 22,8 foizi), Qashqadaryoda 146,4 mlrd. so‘m (12,1 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasida 128,5 mlrd. so‘m (10,6 foiz) va Andijonda 89,3 mlrd. so‘m (7,4 foizi) so‘ndirilgan.
Izoh qoldirish