O‘zbekistonlik o‘quvchi ilk bor Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik o‘quvchi ilk bor Xalqaro biologiya olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi

Xalqaro biologiya olimpiadasida o‘zbekistonlik o‘quvchilar oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritdilar. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yaponiya tomonidan tashkil qilingan IBO2020 Challenge — Xalqaro biologiya olimpiadasida 52 ta davlatdan 262 nafar ishtirokchi qatnashdi. Masofaviy tarzda o‘tkazilgan ushbu olimpiada natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi mamlakat tarixida ilk bor biologiya yo‘nalishida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu natijani Toshkent pediatriya instituti qoshidagi akademik litsey 2-bosqich o‘quvchisi Saida Valijonova qayd etdi.

Shu bilan bir qatorda, olimpiadada Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi BDU akademik litseyi o‘quvchisi Ravshanbek Karimov hamda Jizzax pedagogika instituti akademik litseyining 2-bosqich o‘quvchisi Sardor Tojiboyev kumush medal sohibiga aylandi.

Ma’lumot uchun, 1997 yilda O‘zbekiston uchun xalqaro olimpiadadagi ilk medalni biologlar qo‘lga kiritgan, bu bronza edi. 1998 yilda o‘zbekistonlik o‘quvchilar ikkita bronza, 1999 yilda bitta bronza, 2000 yilda ilk kumush medalni olib kelgan. Uzoq tanaffusdan so‘ng 2019 yilda uchta bronza qo‘lga kiritilgan.

2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qaroriga muvofiq xalqaro olimpiadalar g‘oliblari va ularning o‘qituvchilari bazaviy hisoblash miqdorining quyidagi miqdorlarida bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanishi belgilangan:

  • 1-o‘rin (oltin medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdori (hozirda 223 ming so‘m)ning 500 baravar (111,5 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 450 baravar (100,35 mln so‘m);
  • 2-o‘rin (kumush medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 mln so‘m), o‘qituvchisiga — 250 baravar (55,75 mln so‘m);
  • 3-o‘rin (bronza medal) uchun — o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 mln so‘m), o‘qituvchisiga -150 baravarida (33,45 mln so‘m).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro kimyo olimpiadasi kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritgandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar