2022 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekiston davlat qarzi qoldig‘i 26,3 mlrd dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 38,0 foizni tashkil etdi. Bu haqda Moliya vazirligining «O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi»da e’lon qilingan.
Ushbu qarzdan, davlat tashqi qarzi — 23,6 mlrd dollarga, davlat ichki qarzi esa — 2,7 mlrd dollarga teng bo‘ldi. Shuningdek, 2021 yil davomida davlat qarzi 2,9 mlrd dollarga o‘sgan.
Davlat qarzi 2021 yil davomida 2,9 mlrd. dollarga oshgan bo‘lsa-da, dollar hisobida YaIM tez sur’atlarda, ya’ni 9,4 mlrd. dollarga o‘sgani tufayli davlat qarzining YaIMga nisbati 39 foizdan 38 foizgacha pasaygan.
2020 yildan boshlab yangi jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi miqdorlarini qonuniy chegaralash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. 2022 yil uchun O‘zbekiston hukumati nomidan va O‘zbekistonning kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd. dollar, O‘zbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 6,0 trln. so‘m miqdorida belgilandi.
2021 yilda davlat tashqi qarzi bitimlariga belgilangan limit 5 mlrd. dollar, O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari hajmi esa 4,92 mlrd. dollar miqdorida qayd etildi.
Fitch Ratings agentligining qayd etishicha, pandemiyadan keyingi davrda qarzlar bo‘yicha maqsadli chegaralarga rioya qilish amaliyotining shakllanishi va byudjet konsolidatsiyasining barqaror strategiyasini amalga oshirish davlat moliyalarini asosiy qulay reyting omillari sifatida saqlab qolish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
2021 yildan ichki majburiyatlar bo‘yicha davlat kafolatlarini berish amaliyoti to‘xtatildi hamda davlat korxonalari va banklari o‘z loyihalarini moliyalashtirish uchun, transformatsiya jarayonlariga muvofiq, jahon moliya bozorlarida davlat kafolatisiz mablag‘ jalb qilishga o‘tkazilayotgani aytildi.
2019−2021 yillarda «O‘zsanoatqurilishbank», «Milliy bank», «Ipoteka bank» banklari hamda UzAuto Motors va «O‘zbekneftgaz» kompaniyalari tomonidan umumiy hajmi qariyb 2 mlrd dollarlik mablag‘lar xalqaro obligatsiyalar chiqarish orqali jahon bozoridan jalb qilindi. Ushbu mablag‘lar tasnifiga ko‘ra davlat qarzi sanalmaydi. Biroq ushbu tashkilotlar davlat nazorati ostidagi bank va korporatsiyalar hisoblanadi.
2021 yil yakuni bo‘yicha jami davlat tashqi qarzining 25,2 foizi yoki 5,9 mlrd. AQSh dollar davlat byudjetini qo‘llab-quvvatlashga, 13,2 foizi yoki 3,1 mlrd. AQSh dollar elektr-energetika sohasiga, 12,2 foizi yoki 2,9 mlrd. AQSh dollar energetika sohasiga, 11,0 foizi yoki 2,6 mlrd. AQSh dollar
transport va transport infratuzilmasiga, 9,1 foizi yoki 2,1 mlrd. AQSh dollar uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalariga yo‘naltirilgan mablag‘lar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Fitch Ratings agentligi o‘zining yangi hisobotida O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun xatarlar mavjudligi haqida ogohlantirib, mamlakat iqtisodiyotining kreditlash hisobiga yuqori o‘sish sur’atlari aktivlar sifatining yomonlashuvi va banklarning tashqi moliyalashtirish manbalariga qaramligining kuchayishi kabi risklarni keltirib chiqarishi mumkinligini ma’lum qilgan edi.
Bundan tashqari, tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish ham o‘sib borayotgani qayd etildi. 2021 yil davomida davlat qarziga xizmat ko‘rsatish jami xarajatlari (davlat byudjeti va davlat korxonalari mablag‘laridan) 2,2 mlrd dollarni (2020 yilda 1,8 mlrd dollar) tashkil etdi. Mazkur davrda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan davlat qarziga xizmat ko‘rsatish xarajatlari 917,6 mln dollarga (2020 yilda 315,9 mln dollar) teng bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat qarzi darajasi bo‘yicha YaIMga nisbatan 38,9% ko‘rsatkich bilan eng xavfsiz ko‘rsatkichni qayd etgan mamlakatlar qatoridan joy olgani ma’lum qilingandi.
O‘zbekiston davlat qarzi 2021 yilning 1 oktyabr holatiga 25,3 mlrd dollarni (YaIMga nisbatan 38,4%) tashkil etgan edi. Moliya vazirligining 2022 yilgi «Fuqarolar uchun byudjet» loyihasida 2022 yil yakuniga umumiy davlat qarzi 33,5 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 45,2% ni tashkil etishi prognoz qilingan. 2022 yilda kutilayotgan byudjet taqchilligining 66%i tashqi manbalar hisobidan qoplash mo‘ljallangan.
Izoh qoldirish