O‘zbekistonning «Ideal» brendi mahsulotlari Saudiya Arabistoniga eksport qilinadi

O‘zbekistonning «Ideal» brendi mahsulotlari Saudiya Arabistoniga eksport qilinadi

O‘zbekistonning «Ideal» brendi mahsulotlarini Saudiya Arabistoni bozoridan munosib joy olishini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning Ar-Riyoddagi elchixonasi tomonidan mamlakatimizning «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi, Saudiya Arabistoni Podshohligining «Al-Fath Al-Inmaiya» muassasasi va «Yahya Azam Jalal» chakana savdo shirkati vakillari o‘rtasida videomuloqot tashkil etdi.

Uchrashuvda «Ideal» brendi ostida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ularni ishlab chiqaruvchi korxona faoliyati taqdim etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Suhbat chog‘ida «Ideal» brendi mahsulotlari bugungi kunda ISO 9001 xalqaro sertifikatiga egaligi, yaqin kunlarda BSCI sertifikatini olishi, Germaniya, Rossiya va Qozog‘istonga eksport qilinayotgani, ishlab chiqarish va marketing jarayoniga xorijiy davlatlardan yuqori tajribali mutaxassislar jalb etilganiga e’tibor qaratildi.

O‘z navbatida, «Al-Fath Al-Inmaiya» muassasasi rahbari Akmal Jalol O‘zbekistonga qilgan safarlari doirasida «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi mahsulotlari bilan yaqindan tanishganini aytib, ularning sifatiga yuqori baho berdi.

Saudiyalik tadbirkor dastlab Jidda va Madina shaharlarida «Ideal» brendi savdo do‘konlarini ochish taklifini berdi. «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi asoschisi Baxtiyor Umarov esa ushbu loyihani franchayzing orqali saudiyalik hamkorlar bilan amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot davomida o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida saudiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistonga tashrif buyurib, ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishi, Podshohlik bozoriga mos kiyim-kechak va poyafzal mahsulotlari bo‘yicha buyurtma berishi bo‘yicha kelishib olindi. Shuningdek, «Istiqlol Tekstil Dizayn LLC» kompaniyasi mutaxassislari ham Saudiya Arabistonida bo‘lib, Jidda va Madina shaharlarida «Ideal» brendi mahsulotlari uchun savdo inshootlarini tanlash, ularni jihozlash va boshqa tizimli ishlarni amalga oshirishda qatnashadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar