O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Ishga marhamat” mono-markazlari tashkil etish, yoshlarni kasbga va tadbirkorlik asoslariga o‘rgatish maskanlari hamda mahalla guzarlarida o‘quv kurslari ochish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, 8 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 24 tadan 67 taga oshirilib, ruxsat olish talablari va soliq to‘lovlari deyarli bekor qilindi. Bu bandlikni ta’minlash borasida katta resurs ekani ta’kidlab o‘tildi.
Markaziy bankka o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratish, Moliya vazirligiga tadbirkorlikni boshlayotgan ishsiz fuqaroga 3 oy mobaynida bino-inshootning ijara to‘lovi uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish