“Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan:
pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlar (pensiya va nafaqalar)ni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Bunda pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.
2022 yil 1 iyuldan:
- davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, OTMdagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi;
Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali "Yagona mehnat milliy tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (YaMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi.
- davlat pensiyalarini tayinlash YaMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YaMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi;
- davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.
Shuningdek, 2022 yil 1 iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan Pensiya jamg‘armasining binolari bo‘yicha minimal talablarga asosan har bir hududda bittadan Pensiya jamg‘armasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamg‘armasi bo‘limi” tashkil etiladi.
Izoh qoldirish