– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilgan. Men ushbu lavozimga oliy ma’lumotli iqtisodchi sifatida, avvalo, o‘z ishimni puxta o‘rganish va mahalladagi muammolarni hal etishga yordamlashish uchun kelganman. Bundan avval ta’lim sohasida – maktabda o‘qituvchi, so‘ngra direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaganman, shuningdek, sug‘urta faoliyati bilan ham shug‘ullanganman. Sug‘urta sohasida ishlash menga moliya va tahlil qilish qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam bergan bo‘lsa, o‘qituvchilik kasbi odamlar bilan ishlashda, sabr-toqatli bo‘lishda va nazariy bilimlarimni amaliyotga tatbiq etishda qo‘l keldi. O‘qituvchilik va sug‘urta faoliyatidagi tajriba hokim yordamchisi lavozimida menga strategik iqtisodiy fikrlash, ishlarni tizimli boshqarish hamda odamlar bilan faol muloqot qilish kabi ko‘nikmalarni o‘zlashtirishimga yordam bermoqda.
– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?
– Yangihayot tumani 2021 yilda Toshkent shahar hududida yangi tuman sifatida tashkil topgan. Shundan beri mahalliy infratuzilma va iqtisodiyotni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy holatni yaxshilash bo‘yicha bir qator muhim islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. O‘zim ham 2021 yilda shu tumanning Xushnud mahallasiga ko‘chib kelganman va o‘zimga yondosh bo‘lgan mahallaga ishga kirganman. Men ishlab turgan mahalla — Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Yorqin hayot” mahallasidir.
“Yorqin hayot” mahallasi, asosan, ko‘p qavatli uylardan tashkil topgan bo‘lib, unda 5876 nafar aholi, 2050 ta xonadon, 2522 ta oila istiqomat qiladi. Mahallamiz transport va savdo nuqtalariga yaqin joyda joylashgan. Mahallada 1 ta 285-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi va 566-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud, ular ta’lim va tarbiya sohasida aholini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutadi. Mahallada sanoat va ishlab chiqarish korxonalari sanoqli, ammo mahallaning asosiy drayveri hisoblangan 100 dan ortiq kichik biznes va tadbirkorlik sub’yekti aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Aholini ish bilan ta’minlashda asosan xizmat ko‘rsatish sohasi va kichik biznes sub’yektlari muhim rol o‘ynamoqda.
Mahalla infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2022-2023 yillarda “Tashabbusli byudjet” dasturiga loyiha kiritganman. Aholi bilan faol harakat qilib, ko‘cha chiroqlarini ta’mirlash uchun 100 mln va kuzatuv kameralari o‘rnatish uchun 170 mln so‘mlik loyihalar yutib olingan. 2023 yilda mahallamizdagi Yo‘ldosh-16 mavzesi ko‘chalariga asfalt yo‘llar yotqizildi, biroq Yo‘ldosh-17 mavzesining ba’zi ko‘chalari hali ham ta’mirtalab. Shu sababli 2025 yil fevral oyida “Tashabbusli byudjet”ga asfaltlashtirish ishlarini ham loyiha sifatida kiritishga aholi bilan kelishib oldik.
– O‘tkazilgan so‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi?
– “Yorqin hayot” mahallasi rivojining asosiy drayverlari xizmat ko‘rsatish hisoblanadi. So‘rovlar natijasida, aholi o‘rtasida ko‘pchilikning iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishga qiziqishi va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoji borligi aniqlandi. Mahalla rivojidagi ustuvor vazifalardan biri — yangi ish o‘rinlarini yaratish va tadbirkorlikni rag‘batlantirish bo‘lib, bu aholining daromadini oshirishga yordam beradi.
– 2024 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?
– 2024 yilda “Yorqin hayot” mahallasini rivojlantirish bo‘yicha bir qator muhim qadamlar tashlangan. Ishsizlikni kamaytirish va aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan dasturlar natijasida mahallada yangi ish o‘rinlari yaratildi. Mahallani obodonlashtirish ishlari kuchaytirildi, xususan, mahalla hududiga rais boshchiligida 300 tup mevali va manzarali ko‘chat ekildi. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, yil davomida 180 nafar aholiga homiylar ko‘magi ostida oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy yordamlar ajratildi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun kichik va o‘rta biznesni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan dasturlar amalga oshirildi. 2024 yildagi eng katta yutuqlardan biri – oilaviy kreditlar dasturi doirasida imtiyozli kredit olib o‘zini o‘zi band etgan bir qator fuqarolarimiz faoliyatlarini kengaytirib, YaTT hamda kichik va o‘rta biznes vakillariga aylanishgani bo‘ldi. Hozirda mahalladagi 5 nafardan 20 nafargacha ishsiz fuqaroning bandligini ta’minlashgan. Imtiyozli kreditlarni o‘z vaqtida to‘lab samarali ishlayotgan tadbirkorlarimizning 5 nafariga faoliyatlarini yanada kengaytirish uchun Biznesni rivojlantirish banki orqali garovsiz 100 mlnlik kreditlar ajratishga erishildi.
Shuningdek, aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mahallamiz hududida 2 ta sog‘lomlashtirish klinikasi va bitta o‘quv markazi ochildi.
– Joriy yilda mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 17 yanvardagi PQ-12 Qaroriga asosan, 2025 yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar asosida dastur yaratilib, ish olib boriladi.
Jumladan, mahallalarda kambag‘allikni kamaytirish va farovonlikka erishish uchun quyidagi bir qator muhim vazifalar belgilangan:
- Ishsizlikni kamaytirish;
- Tadbirkorlikni rivojlantirish;
- Mahallada ijtimoiy dasturlarni kuchaytirish;
- Ta’lim va kasbga o‘qitish;
- Infratuzilmani rivojlantirish;
- Mehnat migratsiyasi va xorijda ishlayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, 2025 yilda xatlov asosida mahallamizda 47 nafar ishsiz fuqaro mavjudligi aniqlanib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy portfeli yaratildi va mahalla yettiligi bilan hamkorlikda bazaga kiritildi. Ayni paytda ulardan malakasi yo‘qlarini ta’lim va kasbga o‘qitish, norasmiylarini o‘zini o‘zi band etish va rasmiy daromadli ishlarga joylashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Mehnat migratsiyasidan qaytgan 5 nafar fuqaroning 1 nafari mahalla hududidagi 566-bog‘chaga tarbiyachilikka, 1 nafari vacant.argos.uz sayti orqali rasmiy ishga joylashtirildi, 3 nafarining norasmiy daromad olayotganligi aniqlanib, faoliyat olib borayotgan turidan kelib chiqqan holda o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish kambag‘allikni kamaytirish va aholi farovonligini ta’minlash uchun katta ahamiyatga ega. Bunda mahallaning barcha a’zolari va davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlik muhim rol o‘ynamoqda.
– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?
– Mahallamizda hozirda kambag‘allik reyestrida turuvchi 66 ta oila mavjud. Ijtimoiy xodim va hokim yordamchisi so‘rovnomasi orqali aniqlangan kambag‘al oilalar va fuqarolarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish yo‘llari belgilanib, xizmatlar biriktirildi. Bular – oilaviy yordam, subsidiyalar, tibbiy xizmatlar, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Ma’lum bir vaqt oralig‘ida berilgan moliyaviy ko‘maklar ortidan daromadi oshgan oilalar yettilik dalolatnomalari orqali kambag‘allik reyestridan chiqariladi.
Mahalladagi kambag‘allikning asosiy sabablaridan biri – ishsizlik va ijtimoiy yordamning yetishmasligi. Aholining ayrim qismining malakasizligi va zarur kasblarga ega bo‘lmasligi ham kambag‘allikka olib keladi. Shuningdek, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishda xalqaro tajribalardan foydalanish va yangi ish o‘rinlari yaratish iqtisodiy faoliyatni oshirishga katta yordam beradi.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Shuningdek, bu borada bizga ilg‘or xorijiy tajriba ham qo‘l kelishi mumkin. Davlat xizmatchisi sifatida 2023 yilda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, “Seminar on Government Effectiveness and Efficiency for Developing Countries” (“Rivojlanayotgan mamlakatlarda davlat boshqaruvi samaradorligi”) mavzusidagi seminarda ishtirok etdim. Bu menga Xitoy tajribasi asosida kambag‘allikni qisqartirish dasturlarini amalga oshirishda yordam beradi. Chunki Xitoyning iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni kamaytirish borasidagi tajribasi jahonga tanilgan. Xitoy bu masalalarda muhim natijalarga erishgan va ularning tajribasi boshqa davlatlar uchun qimmatli o‘rnak bo‘la oladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “Xitoy 32 modeli” kitobining elektron nusxalari barcha mahallalarga tarqatilgan bo‘lib, mazkur kitobda kambag‘allikka qarshi kurash doirasida Xitoyda hukumat markaziy va mahalliy hokimiyat organlari tomonidan amalga oshirilayotgan mexanizmlar va vositalar taqdim etilgan. Kitob Xitoyda kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha qo‘llaniladigan 32 ta modelni o‘z ichiga olgan va har bir hokim yordamchisi o‘z mahalliy drayveridan kelib chiqqan holda o‘ziga mos yo‘nalishni tanlab, mahallasiga tatbiq etishi va kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribalarini qo‘llashi foydali bo‘ladi deb o‘ylayman.
– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.
– “Yorqin hayot” mahallasidagi faoliyatim natijasida juda muhim yutuqlarga erishildi. Masalan, vaqtincha ishsiz bo‘lgan 451 nafar ishsiz fuqaroni doimiy ishga joylashtirishga muvaffaq bo‘ldik. Shuningdek, huquqiy tushuntirishlar orqali 330 nafar fuqaroning o‘zini o‘zi bandligini ta’minlashga yordam berildi. Mutaxassislikka ega bo‘lmagan 74 nafar fuqaroni kasb-hunarga yo‘naltirib, ularni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha maxsus sertifikatga ega bo‘lishlariga erishildi.
Mahallada oilaviy tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan 43 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar ajratish uchun tavsiyanomalar berildi, ularga jami 916,0 mln so‘mlik kredit mablag‘lari taqdim etildi. Bundan tashqari, yoshlar va ayollar daftarida ro‘yxatda turgan fuqarolarga subsidiya mablag‘lari hisobidan asbob-uskunalar ajratildi. Shuningdek, mahallada 13 nafar hunarmand shakllanib, ular “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish uchun subsidiyalar oldi. Bu kabi tadbirlar mahallada ishsizlikni kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatdi.
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar bo‘yicha mahalla yettiligi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz. Xorijga ishlashga ketgan 65 nafar fuqaro bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali bog‘lanib, ularning xorijdagi ish o‘rinlari, daromad topish manbalari va vatanga qaytib ishlash istagi bor-yo‘qligi o‘rganilmoqda. Xorijda daromad topishga qiynalayotganlarga bu yerda biz olib borayotgan dasturlar va subsidiyalar, bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar beryapmiz. Vatanga qaytgan fuqarolarga ish boshlash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va treninglar tashkil etilgan. Joriy yildan Mahallaga biriktirilgan mahalla bankirlari tomonidan ularga kreditlar taqdim etilib, biznes faoliyatiga yo‘nalish berilmoqda.
– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?
– O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini takomillashtirish uchun bir necha taklifim bor. Birinchidan, raqamlashtirish va avtomatizatsiya jarayonlarini yettilik orqali ishlashning samaradorligini oshirish uchun yagona platformadan foydalanish muhim. Masalan, yettilik a’zolarining har biriga alohida platforma ajratilgani bois fuqarolarning ma’lumotlari to‘liq aks etmayotganligi aholining murojaatlarini tez va samarali hal qilishda birmuncha noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ikkinchidan, milliy zaxiraga kiritilgan hokim yordamchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi tomonidan maxsus tayyorgarlik va o‘qitish dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. O‘z shaxsiy rivojlanish rejalari ustida ishlab, muntazam kasbiy kompetensiyalarini oshirib boradilar. Ular rahbarlik va boshqaruv sohasidagi zamonaviy bilimlar va ko‘nikmalarga ega. Shu sabab zaxiraga kiritilgan hokim yordamchilariga yuqori lavozimlarga tayinlovda ham zaxirada turmaydigan davlat xizmatchilariga nisbatan ustuvorlikni berish kerak. Bu, o‘z navbatida, ish faoliyatning yanada samarali bo‘lishiga yordam beradi.
– Ham hokim yordamchisi vazifasini bajarish, ham ayol kishi bo‘lib uy ishlarini eplash oson emas! Birdaniga ikki mas’uliyatli vazifa qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritish sharafli bo‘lish bilan bir qatorda juda mas’uliyatli va og‘ir vazifa. Bu vazifa nafaqat vakolatlar doirasida ish olib borish, balki odamlar bilan ishlashda ularning dardini tinglash, muammolariga yechim topish, kayfiyatini ko‘tarish, mahalla osoyishtaligini ta’minlashni talab qiladi.
Oila bekasi sifatida uy ishlari va oilaviy mas’uliyatlarimni ham e’tiborga olaman. Bunda oilaviy yoki shaxsiy ishlarning barchasini muvofiqlashtirish uchun aniq va samarali vaqt boshqaruvi muhim. Oilaviy qo‘llab-quvvatlash – bu mening uy ishlarini bajarishimga yordam beradigan asosiy omillardan biri. Oilada har bir kishining o‘z roli bor, shuning uchun oila a’zolarim bilan hamjihatlikda, vazifalarni o‘zaro taqsimlash uy ishlarini osonlashtiradi. Masalan, oila a’zolarim ovqat tayyorlash, xonadonni tozalash va bolalarga qarashda menga yordam berishadi.
Qancha qiyinchilik bo‘lmasin, oilam va ishdagi hamkasblarim bilan birgalikda barcha vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishni maqsad qilganman. Ish va oila hayotining orasida to‘g‘ri balansni topish – mening asosiy maqsadlarimdan biridir.
– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?
– Mahalla aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati o‘zgardi, chunki ular amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasini o‘z hayotida sezishmoqda. Ta’lim, ish bilan ta’minlash va infratuzilmani yaxshilash kabi sohalardagi islohotlar aholi uchun qulayliklar yaratmoqda.
Maqsadim – mahallamiz aholisining hayotini yaxshilash, ularga yangi imkoniyatlar yaratish va yil oxirida mahallamni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish!
Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
"Iqtisodiy sharh" jurnali №1/2025
Izoh qoldirish