– Mamlakatimizda “mahallabay” ish tizimi keng yo‘lga qo‘yilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
– Prezidentimizning tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘yilgan “mahallabay” ishlash tizimi aholi muammolarini o‘rganish va joyida hal qilishga qaratilgan bo‘lib, u bugungi kunda tom ma’noda rahbarlar va xalq o‘rtasida ko‘prik bo‘lmoqda. Natijada har bir mahalla kichik hudud sifatida rivojlanib, bu yerda barcha fuqarolarning shaxs sifatida jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun hamma sharoitlar yaratilmoqda desam, adashmayman. Asosiy maqsadimiz – mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish orqali halqimizning ishonchini oshirishdir. O‘zbekiston uchun muhim loyihaning birinchi ishtirokchilaridan biri sifatida ishtirok etganimdan mamnunman.
– O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi bo‘lgan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
– O‘zim shu yerda tug‘ilganman, bolaligim ham shu yerlarda o‘tgan. Hozirda Farg‘ona davlat universitetining iqtisodiyot fakultetida ham tahsil olayapman. Ushbu lavozimga kelgunga qadar “Zolotaya dolina” MChJ rahbari sifatida ishlaganman. Albatta, tadbirkorlik bilan shug‘ullanganim ham qaysidir ma’noda menga yangi faoliyatimda ko‘mak berdi va qo‘l keldi. Chunki tadbirkor ko‘pchilik bilan uchrashadi, ular bilan muloqot qiladi. Shu orqali odamlarning hayoti bilan tanishadi.
– Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla ahlining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, aholi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi?
– Men mas’ul bo‘lgan Chekxitoy mahallasi tuman markazidan 20 km uzoqlikda joylashgan. Mahallada 503 ta xonadon bo‘lib, ularda 2 200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda yirik sanoat korxonalari mavjud emas. Mahalla aholisi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik, shuningdek, hunarmandlik bilan ham shug‘ullanadi. Masalan, supurgi va mochalka yetishtirish, undan turli xaridorgir buyumlar yasash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘pchilik xonadonlar aynan shu ish bilan shug‘ullanadi.
– Hududda aholining qaysi ijtimoiy guruhlari ko‘pchilikni tashkil qiladi, mahallangizning “ijtimoiy portreti”ni raqamlar bilan ko‘rsatish mumkinmi? Ishni nimadan boshladingiz?
– Hokim yordamchisi sifatida ishni mahallada bir qator tadqiq va so‘rovlar o‘tkazishdan boshladik. Xatlov orqali hududdagi oilalarning ijtimoiy ahvoli, tomorqasidan foydalanish darajasi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga ishtiyoqini aniqlash yo‘nlishlari bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazildi. Natijada birinchi, ikkinchi va uchinchi toifaga kiruvchi 296 ta xonadon bilan ishlash, ularning daromadini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Savatchilik va qalampirchilik mahalla iqtisodiyotining “dravyverlari” sifatida belgilab olindi. Xonadondagi mehnatga layoqatli fuqarolarni kasb-hunar yoki tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish va shundan so‘ng ularga daromad topishlari uchun asbob-uskuna ajratish maqsad qilib qo‘yildi. Mahallada 130 nafar fuqaroning ishsiz ekani aniqlandi. Shuningdek, hududdagi infratuzilma holati ham o‘rganildi va bu yo‘nalishlarda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar belgilab olindi. 77 nafar “Ayollar daftari” va” Yoshlar daftari”ga kirgan fuqarolarga 12 sotixdan ekin maydoni ajratilib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
– Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Misollar keltiring va ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
– Avvalambor, mahalladagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga qaror qilindi. An’anaviy ravishda hudud aholisi supurgi yetishtirish va yasab, sotish bilan shug‘ullanadi. Shundan kelib chiqib, bu yo‘nalishni kengaytirish choralari ko‘rildi. Lider tadbirkorlar ko‘magida xonadonlarda supurgi ishlab chiqarishni kengaytirgan holda, uni eksportga chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda 1 mln dollarlik supurgini xorijga yetkazib berish rejalashtirilgan. Xususan, Bag‘dod tumanida joylashgan “Zolotaya dolina” MChJda hunarmandchilik mahsulotlari, jumladan, savat va chelak eksporti yo‘lga qo‘yildi. Bu ishni yanada kengaytirish niyatidamiz.
Oldindan issiqxona bilan shug‘ullanib kelgan, ishini kengaytirish istagida bo‘lgan fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratildi. Shuningdek, ular zarur ko‘chatlar, o‘g‘itlar bilan ham ta’minlandi.
Hokim yordamchisining tashabbusi o‘laroq, mahallada tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolarga ham har tomonlama ko‘mak berilmoqda. Masalan, mahallada istiqomat qiluvchi Lazizbek Botiraliyevga uy sharoitida trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun imtiyozli kredit olib berildi. Bu orqali esa mahallada yashovchi bir necha ayollar ham ish bilan ta’minlandi.
Shuningdek, mahallada yashovchi 7 nafar fuqaroga tikuvchilik, issiqxona, chorvachilik yo‘nalishlari uchun 399,4 mln so‘mlik kredit ajratildi. Hozirda 24 nafar fuqaro yangi kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilmoqda. Bundan tashqari, 20 ta oilaga subsidiya ajratildi.
– Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
– Fikrimcha, uch-to‘rt mahallalar o‘rtasida kasbga o‘qitish bo‘yicha markazlar, monomarkazlarni tezroq tashkil kilish joiz. Bu yerda hokim yordamchilari tavsiyasi bo‘yicha mahallada yashovchi kasb o‘rganishga muhtoj yoki yangi kasb-hunar egallashni istagan fuqarolar o‘qitilishi zarur.
Yana bir taklif – aholiga berilgan yerlarda yetishtirilayotgan mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlarda sotuvlarini yo‘lga qo‘yish darkor. Eksportga yo‘naltirishda esa Investitsii va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda ish olib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shuningdek, hokim yordamchilari tamonidan taklif etilgan istiqbolli loyihalar alohida e’tiborga olinib, soliq, kadastr, kredit masalalarida imtiyozlar berilishi zarur. Endigina ish boshlagan yangi tadbirkorlarni, toki o‘zi oyoqqa turib ketmaguncha, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim.
Bundan tashqari, kreditlarni fuqarolarning o‘ziga karta ochgan holda banklar tashlab berishi mumkin. Bu esa odamlar uchun ancha arzonga tushadi, uning nazoratini hokim yordamchisiga topshirsa bo‘ladi.
– Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar olib boryapsiz?
– Albatta, xalqning turmush darajasini yaxshilashda infratuzilmaning ahamiyati juda katta. Tuman mutasaddilarining ko‘magi bilan mahallaning suv ta’minoti yaxshilandi. 2 ta yangi quduq qazilib, suv to‘plash minorasi barpo etildi, 3,5 km yangi quvurlar tortilib, suv xonadonlargacha kirib bordi.
Shuningdek, mahallaning bir qator ko‘chalariga shag‘al va asfalt (3000 metrdan ziyod) yotqizildi. Ko‘cha chiroqlari qo‘yilib, yangi transformator, simyog‘ochlar o‘rnatildi.
– Yangi loyihalar haqida ham so‘zlab bersangiz.
– Hozirgi paytda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi savdo hamkorlariga har oyda 10 ming dona chelak yuborilmoqda. O‘zaro kelishuv asosida 500 dona savat ham tayyorlab qo‘yildi. Shu bilan birga, 7 ming dona savat uchun xorijdan buyurtma tushgan. Savatsozlikni rivojlantirish uchun birinchi navbatda uning xomashyo bazasini yaratish kerak. Davlat tomonidan mahallamiz aholisiga dehqon xo‘jaliklari tashkil qilish uchun jami 10 gektar yer taqsimlab berilishi kutilmoqda. Ana shu yerlarga Amerika va Xitoy toli qalamchalarini ekishni niyat qilib turibmiz. Shu tariqa mahallada savatsozlikni rivojlantirish orqali kamida 100 ta xonadon uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish mumkin.
Mavjud imkoniyatlarni ishga solgan holda mahalladan o‘tuvchi Andijon — O‘sh katta magistral yo‘li bo‘yida bo‘sh turgan yerda 90 ta yengil konstruksiyali savdo shoxobchasi qurish ishlari boshlandi. Bu yerda bir yo‘la 180 nafardan ziyod aholi ish bilan ta’minlanadi. Majmuada mahallaning o‘zida ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan ham savdo qilinadi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytirishni rejalashtirganmiz.
Bag‘dod tumanining Chekxitoy mahalla fuqarolar yig‘inida ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirish maqsadida asalarichilik kooperatsiyasi tashkil etildi.
Mahalladagi hokim yordamchisi Nurmatjon G‘oziyevning aytishicha, mazkur kooperatsiya orqali 20 ta oilada ish bilan band bo‘lmagan a’zolarning bandligi ta’minlandi va xonadonlarda kasanachilik asosida yetishtirilgan mahsulotni “Bag‘dod zamin asali” MChJ kelishilgan narxda xarid qilib oladi. Bir so‘z bilan aytganda, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish lozim.
– “Mahallabay” ish tizimi barcha darajadagi davlat hokimiyati organlarining o‘zaro yaqindan hamkorligiga mo‘ljallangan. Ushbu aloqa qanday yo‘lga qo‘yilgan? Mahalladagi faoliyatingizda tuman, viloyat va respublika tomonidan qo‘llab-quvvatlashni sezyapsizmi?
– Albatta, hokim yordamchilari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda tuman sektor rahbarlari, soliq inspeksiyasi, “Mahallabay ishlash markazi” xodimlari hamda viloyat, respublika vakillarining har tomonlama ko‘magi katta ahamiyatga ega. Biz mas’ullarning yordamini har doim his qilib turibmiz.
Shuningdek, hokim yordamchilari ishlashi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan, ish joyi va zarur mebel, kompyuter jihozlari, mahsus planshetlar ajratilgan. Hokim yordamchilari uchun o‘tkazib borilayotgan seminarlarda bizlar nafaqat bilimimizni oshiramiz, balki tajriba almashamiz. Viloyat hokimi tomonidan tashkil etilgan Telegram guruhida bizning faoliyatimizga to‘siq bo‘layotgan har bir muammo mutasaddilar tomonidan tezkorlik bilan hal etiladi.
– Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
– Mahallamizda korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish uchun har bir ishimda oshkoralik va ochiqlikni ta’minlashga harakat qilaman. Mahalla faollari va oqsoqollari, deputalarni jalb etib, aholini toifalarga ajratish, ular bilan doimiy monitoringlar olib borish, xalq oldida hisobotlar berish tartibini ishlab chiqqanmiz. Mahallada sektor rahbari, Xalq qabulxonasi, huquqni muhofaza qilish organlari bilan birgalikda sayyor qabullar, huquqiy maslahatlar o‘tkazib boriladi. Aynan shu tadbirlar aholining huquqiy ongini yuksaltirish va korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
– Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman, “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
– Ishonch bilan aytishim mumkinki, “mahallabay” ish tizimi Yangi O‘zbekistonni qurishga katta hassa qo‘shadi. Islohotlar mevasini mahalla hayoti, kishilar turmush sharoitlarining yaxshilanayotganida ko‘rish mumkin. Buning uchun barcha bilim va tajribamni ishga solishga tayyorman. Albatta, o‘z hayotida ijobiy natijalarni ko‘rgan fuqarolarda kelajakka ishonch paydo bo‘ladi.
Izoh qoldirish