Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Fozil Yo‘ldosh” MFY)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Fozil Yo‘ldosh” MFY)

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

Bu vazifaga kelishdan avval Bulung‘ur tumanidagi 2-son kasb-hunar maktabida ishlab chiqarish ta’limi bo‘yicha direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlaganman. Mahallada ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, biron bir kasbni egallashlari uchun zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar hamda to‘g‘ri yo‘nalish berishda o‘qituvchilik tajribam qo‘l keldi. Odamlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish uchun esa mutaxassisligim iqtisodchi ekani yordam berdi.

– Yo‘l boshida eng qiyin bo‘lgan narsa nima bo‘ldi va siz uni qanday yengdingiz?

Odatda, biror ishni boshlash qiyin tuyuladi. Boshlab olgandan keyin jarayonga tushasiz va o‘z ustingizda ishlay boshlaysiz, qiyinchiliklarni ham sekin-asta yengishga o‘rganasiz. Menda ham shunday bo‘lgan. Umumiy holatni o‘rganish uchun uyma-uy yurib xatlov o‘tkazdik. Shundan keyin xatlov natijasida aniqlangan muammolar yechimi ustida tizimli ishlar boshlandi. Muammolarni hal qilish bo‘yicha ikki yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasini tuzib, bosqichma-bosqich ishladim. Ba’zi masalalarda yuqori tashkilotlarga tegishli tartibda xat chiqarib, yechim topishga harakat qildik. Hozirda muammolar yechilib, tadbirkorlar soni ortmoqda, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda va ishsizlar soni kamaymoqda.

– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?

Mahallamiz tuman markazidan 18 km uzoqlikda joylashgan. Unda 1 338 ta xonadon mavjud. Aholi soni 7 175 nafarni tashkil etadi. MFY hududida 27 ta asosiy ko‘cha bo‘lib, asosiy qismi asfalt qilingan. Ijtimoiy soha ob’yektlaridan 3 ta maktab, 1 ta musiqa va san’at maktabi, 2 ta bolalar bog‘chasi mavjud. Aholining aksariyati dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Mahallamiz fuqarolari asosan tomorqada va ijara yer maydonlarida pomidor ekadi. Mahallamiz hududida 2024 yilda pomidor bozori ochdik. U yerdan respublikamizning barcha hududlariga pomidor yetkazib beriladi. Undan tashqari “Yangiyo‘l agro star” MChJ bilan hamkorlikda tabiiy quyosh nurida pomidor quritilib, pomidor qoqi tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida 150 nafar mahalla xotin-qizlari va yoshlar uchun mavsumiy ish o‘rinlari yaratildi. Mahallamiz fuqarolari va “Navobot” naslli parranda fermer xo‘jaligi bilan hamkorlikda parrandachilik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, fermer xo‘jaligi 1 kunlik jo‘jalarni va yem mahsulotlarini bepul yetkazib beradi. Fuqarolar o‘z xonadonida jo‘jalarni 40 kun davomida boqib, yetilgan parrandani fermer xo‘jaligiga qaytarib sotadi. Ishsiz fuqarolarimizning bandligini shu kabi kooperatsiya usulida ta’minlab kelyapmiz. Bundan tashqari, mahallamiz hududida ishsiz fuqarolarga kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi tomonidan subsidiya evaziga berilgan asbob-uskunalar to‘plangan “Tadbirkorlik markazi” tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 6 ta yo‘nalishda faoliyat yuritib kelmoqda.

– Xonadonbay o‘rganish natijasida qanday yangi iqtisodiy imkoniyatlarni aniqladingiz?

Uy xo‘jaliklarini o‘rganish natijasida aholining ko‘nikmalaridan foydalangan holda xonadonlarda kichik ishlab chiqarishlar tashkil etish mumkinligi va bu orqali katta natijalarga erishish mumkinligini ko‘rdim. Masalan, mahallada yetishtirilgan sut mahsulotlarini xonadonlarning o‘zida qayta ishlash, issiqxona tashkil etish, parrandachilik, chorvachilik kabi yo‘nalishlarni kengaytirish va yangilik olib kirish evaziga aholining yillik daromadini oshirish mumkin.

– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?

Mahallamizning asosiy drayveri dehqonchilik, pomidor yetishtirish va shu yildan boshlab uni pomidor qoqi shaklida quritish bo‘lsa, endilikda mahalla drayverlari qatoriga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini ham kiritmoqdamiz. Masalan, MFYda mashhur xalq baxshisi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining muzeyi mavjud. Ushbu muzeyga keluvchilar uchun bitta ko‘chani tanlab oldik. Ushbu ko‘chani tunu-kun xizmat ko‘rsatish ko‘chasiga aylantirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilmoqda. Ko‘chadagi barcha xonadonlarda savdo do‘konlari, ovqatlanish nuqtalari va turli xizmat ko‘rsatish shoxobchalari tashkil qilinadi. Hozirgi kunda ushbu ko‘cha ariqlariga to‘liq beton lotoklari o‘rnatildi, ko‘cha qayta asfalt qilinmoqda. Ko‘chada tadbirkorlik sub’yektlari joylashtirilib, ish faoliyati boshlanmoqda.

– Mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qanday imkoniyatlar mavjud? Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkorlar ish bilan ta’minlandi?

Mahallamizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Avvalambor, mahallaning joylashuvi qulay bo‘lib, Jizzax viloyatining Baxmal tumaniga o‘tuvchi yo‘l uning markazidan o‘tadi va bu tadbirkorlik uchun ancha qulaylik yaratadi. Bir kunda mahalla markazidan o‘tuvchi yo‘lovchilar hisobiga ko‘chaning asosiy qismida yangi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatini yo‘lga qo‘yib kelyapmiz. Bundan tashqari, sanoat yo‘nalishida xonadonlarda shlakoblok, fasad plitasi, penoblok, gips blok kabi qurilish materiallarini ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi. Hozirgi kunda mahallada kichik biznes sub’yektlari 22 ta, yakka tartibdagi tadbirkorlar 62 ta, savdo va xizmat ko‘rsatish 49 ta va ishlab chiqarish sub’yektlari soni 6 tani tashkil etadi. Mahallamizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun Xalq banki, Milliy bank, Biznesni rivojlantirish bankining hududiy bo‘limlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Ushbu tadbirkorlik sub’yektlarida hozirgi kunda 450 nafardan ortiq fuqaro ishlab kelmoqda. Bundan tashqari, 2025 yil boshidan hozirgi kunga qadar mahalla hududida aholi xonadonlarida 60 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Bu orqali hududda istiqomat qiluvchi 120 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

– Biror ehtiyojmand oilani yoki yosh tadbirkorni qo‘llab-quvvatlab, ular hayotida aniq o‘zgarish qilgan holatni eslab o‘ting.

2025 yilda yoshlar bandligiga alohida e’tibor qaratildi va bu borada Aloqabank bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Natijada, mahallamiz yoshlaridan 24 nafarini kasbga o‘qitib, keyinchalik ularga bank tomonidan o‘z tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishlari uchun 100 mln. so‘mgacha bo‘lgan summada garovsiz imtiyozli kreditlar ajratilishida amaliy yordam berildi. Hozirda ushbu yoshlarning bandligi ta’minlandi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Masalan, Begali Usmonovga avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yo‘nalishini rivojlantirish uchun 100 mln. so‘m, Mehroj Suyunovga yuk tashish yo‘nalishida tadbirkorlik qilish uchun 32 mln. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, ayting-chi, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Sizningcha, hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima qilish kerak?

Mahallada ishsizlikni qisqartirishning asosiy yo‘li tadbirkorlikka o‘rgatish, biron bir kasb-hunarga o‘qitish, tomorqadan samarali foydalanish va xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilish kabilardir. Qaysi yo‘nalish bo‘lmasin, yuqorida keltirilgan yo‘l bilan borilsa, ishsizlik qisqaradi, aholi daromadlari oshadi. Buning uchun mahallalarda yangi texnologiyalar namunalari mavjud bo‘lgan, ular to‘g‘risida doimiy ma’lumotlar olish mumkin bo‘lgan tadbirkorlik markazlari tashkil etilishi kerak, deb o‘ylayman. Umuman, mahalladagi ichki imkoniyatlardan unumli foydalanish kerak.

– Odamlar sizni ko‘proq qaysi muammolar bo‘yicha izlashadi? Misol keltira olasizmi?

– Tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, odamlar mahalladagi hokim yordamchisini ko‘proq tadbirkorlik bilan bog‘liq masalalarda izlashadi, murojaatlarning ko‘pchigi ham shu mazmunda. Biz ularga bu masalalarda maksimal yordam berishga harakat qilamiz.

– O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Birinchi navbatda, hokim yordamchilarining bilimini oshirib borish uchun malaka kurslari tashkil qilinishi zarur. Shuningdek, hokim yordamchilari o‘z tajribalarini boshqalarga o‘rgatishi uchun ularni boshqa hududlarga safarlarga yuborish ham maqsadga muvofiq bo‘lardi. Hokim yordamchilari yangi chiqayotgan texnika va texnologiyalardan ham yaxshi xabardor bo‘lishlari kerak. Buning uchun maxsus metodik qo‘llanmalar, dasturlar lozim.

– Agar sizda byudjet, vaqt va resurslar bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lmasa, mahallangizda qaysi loyihani amalga oshirgan bo‘lardingiz?

Agarda menda shunday imkoniyat bo‘lganida, uy xo‘jaliklarining imkoniyatlaridan kelib chiqib, avval xonadonlarni, so‘ngra har bir ko‘chani biron bir tadbirkorlik yo‘nalishiga ixtisoslashtirgan bo‘lardim. Bu yo‘nalishda uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni loyihalarning masshtabiga qarab rasmiylashtirish, murakkab yo‘nalishdagi ishlab chiqarish sohalariga ssudalar orqali moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ygan bo‘lardim. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlik ko‘lamini oshirishga imkon berishi mumkin.

– 2025 yilda o‘z oldingizga mahallangizni rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz? Siz ishlayotgan mahalla 5 yildan keyin qanday bo‘lishiga ishonasiz?

Yaqin kelajakda, ya’ni 5 yildan so‘ng mahallamizda turizm, xizmat ko‘rsatish sohasi bilan birgalikda pomidor yetishtirish va uni sanoat usulida qayta ishlash keng yo‘lga qo‘yilishiga ishonaman. Hozirgi kundagi holatdan tubdan farq qiluvchi zamonaviy texnologiya va texnikalar yordamida mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlash, bu orqali mahalla brendi yaratilib, bu tajriba nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham qiziqish uyg‘otadi, deb o‘ylayman. Hozirgi harakatlarimiz shu natijaga erishishga qaratilgan.

– Bu tizimdagi ish tajribasidan so‘ng, o‘zingizni kelajakda qayerda tasavvur qilasiz? Sizning shaxsiy rivojlanishingiz uchun mahallada ishlash qanday foyda berdi?

Hokim yordamchisi bo‘lib ishlash davomida men o‘zim uchun juda ko‘p yangi sohalarni o‘rgandim, chunki ushbu lavozim majburiyatining ko‘p yo‘nalishli ekanligi kishiga katta tajriba beradi. Odamlar bilan muloqot qilish, ularni tinglash va muammolarini hal qilishga ko‘maklashish hamda buning ijobiy natijasini ko‘rish kishiga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Kelajakda o‘z bilim va tajribamdan keng foydalangan holda hokim yordamchilari orasida yetakchilaridan biri bo‘lishimga ishonaman.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar