Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Guliston” mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (“Guliston” mahallasi)

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– O‘zim Samarqand davlat qishloq xo‘jalik institutini iqtisod mutaxassisligi bo‘yicha bitirganman. Ish faoliyatimni tumanimizdagi Statistika bo‘limida bosh mutaxassis lavozimidan boshlaganman. 2022 yildan boshlab “Guliston” MFYga tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi etib tayinlandim. Statistika sohasida to‘plagan ish tajribam menga hokim yordamchisi lavozimida ham qo‘l keldi.

– Mahallangizning joylashuvi, u yerdagi mavjud infrastruktura ob’yektlari (yo‘llar, maktab, bog‘cha, poliklinika, sanoat korxonalari), aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz?

– “Guliston” MFYda 7,5 km ichki yo‘llar mavjud bo‘lib, hududda 1 ta umumta’lim maktabi, 8 ta maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritadi. Mahallada yirik sanoat korxonalari mavjud emas. Mahallada jami 3456 nafar aholi istiqomat qiladi, shundan 1712 nafari xotin-qizlardir. Mahalladagi xonadonlar soni 726 ta, oilalar soni esa 833 ta. Kam ta’minlangan oilalar soni 18 ta.

O‘tgan vaqt mobaynida mahalla infrastrukturasini yaxshilash maqsadida, 192 ta xonadonga ichimlik suvi yetkazish, 14 km uzunlikdagi ichki yo‘llarni shag‘allashtirish, 6,5 km zovurlarni tozalash, 1 ta transformator va 20 ta beton tayanch ustuni o‘rnatish ishlari mahalla fuqarolari va homiylar yordamida amalga oshirildi.

– Mahalladagi ishlarni nimadan boshladingiz?

Dastlab xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan yaqindan tanishdik. Har bir xo‘jalikning iqtisodiy ahvoli va daromad manbalari o‘rganilib, shu asosda aholi bilan ishlash bo‘yicha yillik rejalar tuzildi. Fuqarolar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida Telegram messenjerida “Guliston” MFY guruhi tashkil etildi (hozirda a’zolar soni mingdan ziyod). Ushbu guruhda mahalla yangiliklari, tajribali tadbirkorlar faoliyati, biznes g‘oyalar va hududda amalga oshirilayotgan ishlar yoritib borilmoqda. Mahallani har tomonlama o‘rganish natijasida 726 ta xonadon va 3456 nafar aholi to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, 4 ta toifaga ajratildi. Xatlov natijalariga ko‘ra, 1 va 2-toifaga kiruvchi 369 ta xonadon bilan ishlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, tahlillar asosida mahallaning “o‘sish nuqtalari” va drayver yo‘nalishlari aniqlab olindi.

– Mahallangiz rivojining asosiy iqtisodiy o‘sish drayveri nima? Nega ushbu yo‘nalishlar tanlab olindi? Tanlangan yo‘nalishlarni tezkor rivojlantirish uchun nima ishlar qilinmoqda?

Mahalla geografik jihatdan Samarqand shahri atrofida joylashganligi, tuman hududida xalqaro ahamiyatga ega M-39 yo‘li o‘tganligi sababli, xizmat ko‘rsatish (xususan, umumiy ovqatlanish xizmatlari) va savdo-sotiq bilan shug‘ullanishga juda qulay. Shundan kelib chiqqan holda asosiy drayver yo‘nalish sifatida yuqoridagi yo‘nalishlar tanlab olindi. Bundan tashqari, hududda parrandachilik, baliqchilik hamda chorvachilik yo‘nalishlarini ham rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlar mavjud.

– Mahallangizda xizmat ko‘rsatish va savdo-sotiqni rivojlantirish bo‘yicha yaxshi tajriba to‘plangan ekan. O‘tgan vaqt davomida bu yo‘nalishda qanday natijalarga erishildi?

Jomboy tumanida bugungi kunda xizmat ko‘rsatish va savdo-sotiq faoliyatini yo‘lga qo‘ygan 400 nafardan ortiq tadbirkor mavjud bo‘lib, jumladan, tumanning “A.Qurbonov”, “Nazar” va “Samarqand” mahallalari baliqchilikka ixtisoslashgan. Yuqorida ko‘rsatilgan mahallalarda baliqchilik bilan shug‘ullanish uchun yer maydonlari mavjud bo‘lib, yildan yilga baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni ko‘payib bormoqda. Bugungi kunga qadar 140 ta xonadonga baliqxona, 46 ta xonadonga issiqxona qurib berildi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar tomonidan hududiy iqlim sharoitiga mos biznes turlarini yanada rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Asosiy maqsadimiz – tadbirkorlarni ko‘paytirish va aholi daromadlarini oshirishdan iborat.

– Mahallangizda ishsizlik muammosi qanday hal etilmoqda? Bunga misollar keltira olasizmi?

Aholi bandligini ta’minlash masalasi doimiy diqqat markazimizda turibdi. Xususan, 2022–2024 yillar davomida jami 282 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi: ularning 207 nafari tekstil, 15 nafari umumiy ovqatlanish va yana 60 nafari boshqa yo‘nalishdagi mahalliy korxonalarga ishga joylashtirildi.

Shuningdek, 64 ta oilaga tikuv mashinalari ajratilib, 198 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilish orqali daromad manbaiga ega bo‘ldi. Tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida mahalla fuqarolariga jami 110 ta kredit ajratildi.

Shu jumladan, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 8 nafar, chorvachilik uchun 6 nafar va kichik tikuvchilik sexi ochish uchun 3 nafar fuqaroga imtiyozli kreditlar berildi. Natijada hududda 3 ta o‘rdakchilik xo‘jaligi, 2 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi hamda 54 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti (YaTT, oilaviy va xususiy korxonalar) tashkil etildi

– 2025 yilning o‘tgan davrida mahallada amalga oshirilgan ishlar haqida batafsilroq so‘zlab bersangiz. Ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishildi?

Hokim yordamchisining tashabbusi va ko‘magi orqali jami 37 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida 2 mlrd. 215 mln. so‘mlik 145 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, 1 mlrd. 575 mln. so‘mlik 52 ta loyihaga tavsiyanoma berildi va amalga oshirishga yo‘naltirildi. Joriy yilda Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hisobidan 6 nafar fuqaroga 6 mln. so‘m subsidiya ajratildi.

Mahalladagi kasb-hunarga o‘qish istagi bo‘lgan fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilib, 59 nafar fuqaro yangi, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qishga jalb etildi.

Hokim yordamchisining ko‘magi bilan mahalladagi 321 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Kam daromadli ishsiz fuqarolarning 6 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 43 nafar fuqaro xorijda ishlash uchun shartnoma asosida ishga yuborildi.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda, sizning fikringizcha, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?

– Kambag‘allikning kelib chiqish sabablari har bir xonadonda turlichadir. Tajribam va kuzatishlarimga tayanib aytsam, mahallamizdagi kambag‘allikning asosiy omili – fuqarolarda aniq kasb-hunar ko‘nikmalarining yo‘qligi va buning oqibatida doimiy ish joyiga ega emasligidir. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishda ilg‘or xalqaro tajribalarni qo‘llash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish ustida tizimli ish olib boryapmiz.

– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi?

– Mening tashabbusim bilan qiymati 220 mln so‘mlik, yillik quvvati 100 ming dona erkaklar mavsumiy kiyimlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Mamayusupov Mashrab” oilaviy korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada 22 nafar ishsiz fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor Ergasheva Sitora Komil qizi tomonidan qiymati 200 mln. so‘mlik milliy shirinliklar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilib, yana 4 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, mahalladagi mavjud 3 ta yuridik korxona tomonidan umumiy ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilishi hisobiga 9 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Faoliyatim davomida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratmoqdaman. Xususan, joriy yilda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 7 nafar xotin-qizga tadbirkorligini boshlash uchun imtiyozli kreditlar ajratildi va ularning o‘zini o‘zi band qilishiga erishildi.

– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

Mamlakatimizda hokim yordamchilari o‘z vazifalarini to‘kis bajarishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan, deb ayta olaman. Shunday bo‘lsa-da, ish faoliyatimiz samaradorligini yanada oshirish uchun hokim yordamchilarining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi?

Eng asosiysi, mahalla darajasida hokim yordamchilari hamda mahalla “yettiligi” faoliyati orqali amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida aholining dunyoqarashi asta-sekin o‘zgarib bormoqda. Kishilarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, o‘z daromadlarini oshirishga intilish va ishonch paydo bo‘ldi. Buni tadbirkorlikning u yoki bu turi bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolardan tushayotgan murojaatlar soni kun sayin ortib borayotganligidan ham ko‘rishimiz mumkin.

Qisqacha qilib aytganda, hokim yordamchilari instituti, “mahallabay” ishlash tizimi mamlakatimizdagi bunyodkorlik ishlarining ajralmas bo‘g‘iniga aylanib ulgurdi. Bu ishga men ham hissa qo‘shayotganimdan xursandman!

Jamolliddin Turdimov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №12/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar