— Mamlakatimizda “mahallabay” ish tizimi keng yo‘lga qo‘yilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?
— “Mahallabay” ish tizimining joriy etilishi joylardagi muammolarni quyi bo‘g‘inda turib to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etish imkonini beradi. Shu ma’noda, shaxsan Prezidentimizning tashabbuslari bilan yo‘lga qo‘yilgan yangi “vertikal tizim” ayni muddao bo‘ldi. Yangi tizimning yo‘lga qo‘yilishi natijasida har bir mahalla kichik hudud sifatida rivojlanib, bu yerda barcha fuqarolarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun hamma sharoitlar yaratilmoqda desam, adashmayman. Hokim yordamchisining funksional vazifasi – tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va xonadon daromadini ko‘tarish evaziga kambag‘allikdan chiqarish hisoblanadi. Asosiy maqsad – mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish orqali hududda yashovchi aholi turmush darajasini oshirishdir. Asosiy maqsad – mahallani har tomonlama rivojlantirish, aholi muammolarini hal etish orqali hududda yashovchi aholi turmush darajasini oshirishdir 2022 yil dekabr oyida men Olmaliq shahrida muhtaram Prezidentimiz bilan uchrashuvda ishtirok etdim va bu yerda “mahallabay” ish tizimi yo‘lga qo‘yilishi haqida ilk marotaba eshitdim. Bu menga katta motivatsiya berdi. Mamlakatimiz rivoji uchun muhim loyihaning asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida ishtirok etayotganimdan mamnunman.
— O‘zingiz va ushbu lavozimga qanday kelganingiz haqida batafsilroq so‘zlab bering. Hokim yordamchisi etib tayinlangan mahallangizdagi ishlar bilan avval qanchalar tanish edingiz? Ilgarigi qanday ish tajribangiz hokim yordamchilariga yuklatilgan vazifalarni hal qilishga imkon bermoqda?
— 2022 yil 11 yanvardan beri Uymavut MFYda hokim yordamchisi bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Ma’lumotim oliy. Ushbu lavozimga kelgunga qadar 16 yil davomida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanganman. Qishloq xo‘jaligi mutaxassisligi bo‘yicha Toshkent davlat agrar universitetini bitirganman. Bundan oldin Toshkent o‘rmon xo‘jaligida direktor o‘rinbosari bo‘lib ham ishlaganman. Keyinchalik 2006 yilda tenderda yer yutib olib, fermerlikni rivojlantirishga hissamni qo‘shdim. 2006 yilda “Sadibek-Atakent” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligini tashkil etib, unga rahbarlik qilib keldim. “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovida Respublikada 3-o‘rin sohibi bo‘lishga erishdim. “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganman. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanganim menga yangi ishimda ham juda qo‘l keldi. Chunki tadbirkor ko‘pchilik bilan uchrashadi, muloqot qiladi, faoliyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlari tashkil qilish, qo‘l ostidagilariga o‘z vaqtida oylik to‘lash uchun bosh qotiradi. U orqali odamlarning hayotini yaqindan biladi.
— Mahallangiz haqida batafsil ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, qishloqda yoki shahardami, kattaligi qanday, mahalla aholisining ishlashi uchun qanday yirik korxonalar mavjud, aholi, asosan, qaysi faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi?
— Men mas’ul bo‘lgan Uymavut mahallasi Toshkent viloyatining Qibray tumani markazidan 4 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, ko‘p millatli qishloq xisoblanadi. Xonadonlar – 527 ta, aholi soni – 3047 nafar, oilalar soni – 800 ta. Hududda yirik sanoat korxonalari ham mavjud. Iqtisodiyotning hamma sohalarida faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlik sub’yektlari bor. Bugun mahallada mineral suv ishlab chiqarish korxonasi, bo‘yoq ishlab chiqarish korxonasi, 2 ta mebel ishlab chiqarish sexlari, 2 ta yirik to‘qimachilik fabrikasi ham mavjud, bu yerda 300 dan ortiq fuqarolar ishlaydi. Fermer xo‘jaliklari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari (poyabzal ta’mirlash ustaxonasi, tikuvchilik atelesi, to‘y liboslarini ijaraga berish xizmatlari, go‘zallik salonlari va h.k) ham bor. Mahallamizda 5 ta ovqatlanish maskani, 2 ta metan gaz quyish shoxobchalari barqaror faoliyat yuritib kelmoqda.
Men ish boshlagan paytimda mahallada 24 ta tadbirkorlik sub’yekti mavjud bo‘lgan bo‘lsa, Bugungi kun holatiga mahallada 72 ta biznes sub’yekt faoliyat yuritmoqda.
— Mahallani rivojlantirishda qaysi sohalarga ustuvorlik berildi?
— Mahallamiz “drayveri”, ya’ni o‘sish nuqtasi qishloq xo‘jaligining bog‘dorchilik, sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishlari hisoblanadi. Mahallamiz “drayveri” qishloq xo‘jaligining bog‘dorchilik, sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishlari hisoblanadi Aholi o‘z tomorqasi va ijaraga olingan yerlarda qulupnay ekish va mavsumda ularni yo‘l bo‘ylarida sotish bilan shug‘ullanadi. Shundan kelib chiqib, mahalladagi 6 nafar fuqaroga auksionda 50 sotix, 1 gektardan dehqonchilik uchun yer olib berishga muvaffaq bo‘ldim. Oldin aholi, asosan, dehqonchilik bilan shug‘ullangan bo‘lsa, endilikda ko‘pchilik sanoat korxonalariga ishga joylashmoqda. Qo‘shimchasiga, tomorqasida dehqonchilikni ham yo‘lga qo‘ymoqda. Davlatimiz tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlardan ham samarali foydalanishga harakat qilyapmiz. Xususan, Uymavut MFY bo‘yicha o‘tgan yili 1,2 mlrd imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu ko‘rsatkich yanada oshdi. Shunisi ham muhimki, ular 100 foiz vaqtida qaytarilmoqda.
— Ishni nimadan boshladingiz? Natijalar qanday bo‘ldi?
— Ishni aholini to‘liq hatlovdan o‘tkazish bilan boshladik. Xatlov natijalari bo‘yicha xonadonlar 4 toifaga bo‘lib chiqildi. Hokim yordamchisi sifatida ishni boshlaganimda mahallada 186 nafar ishsiz fuqaro istiqomat qilar edi. 2022 yilning oxirida ularning barchasi doimiy ishga joylashtirildi yoki o‘z o‘zini band qilishi hisobiga uy sharoitida ish bilan ta’minlandi. 2023 yil boshida mahallada atigi 8 nafar kishi ishsiz edi. “Temir daftar”da esa bironta fuqaro qolmadi. Yil boshida “Ayollar daftari”da 84 nafar ayol va qizlar bo‘lgan bo‘lsa, “Yoshlar daftari”da 19 nafar fuqaro bor edi. Ularning hammasiga joriy yil davomida bepul kasb-hunarga o‘qitish va subsidiya asosida asbob-uskuna olib berish, ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan oilalar farzandlarining harbiy xizmat va o‘qish kontraktlarini to‘lab berish imtiyozli kredit ajratish hisobiga hal etilib, hozirda rasman 2 nafar ishsiz qoldi, xolos.
Rejali va tizimli ishlash orqali ko‘zlangan natijalarga erishish mumkin, ya’ni biron ish boshlashdan oldin “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Natijalarimiz ham yomon emas. Masalan, Nazirchayeva Vasila ismli fuqaromizga subsidiya asosida kompyuter jamlanmasi olib berildi. Hozirda u mahallada “kserokopiya” va kompyuter xizmatlari ko‘rsatmoqda va shu asnoda oila byudjetiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Yana bir fuqaromiz Ixlosova Zuhraxon tikuvchilik atelesida oddiy tikuvchi bo‘lib ishlar edi. U ham o‘z ishini ochish istagini bildirdi. Zuhraxonga ham tuman markazidan 1 sotix joy Ye-Auksiondan yutib olib berildi. Fuqaro shu yerga 33 mln imtiyozli kredit asosida konteyner o‘rnatib, tikuv atelesini ochdi va o‘zi tadbirkor bo‘lib, yangi 5 ta ish o‘rni yaratdi. Bunga o‘xshagan misollar juda ko‘p. Mahallamizda 20 yildan beri bo‘sh turgan bir xonadon bor edi. Egasini topib, bu yerda qozoq milliy taomlari kafesini ochish borasida taklif berdik. Xonadon egalari Qozog‘istondan 100 ming dollar investitsiya olib kelib, bu yerni ta’mirladilar va zamonaviy qozoq milliy taomlari oshxonasi ochildi. Bugunda bu joy tumanda mashhur “Bayterek” beshbarmoq kafesi sifatida tanildi. 20 dan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. Harakatlarim natijasida shu yili “Eng yaxshi hokim yordamchisi” tanlovida Toshkent viloyatida birinchi o‘rin, respublikada esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim.
— Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion va tayyor usullarni qo‘lladingiz? Misollar keltiring va ushbu uy xo‘jaliklari bilan ishlash natijalari haqida batafsil ma’lumot bering.
— Asosiy e’tiborni lider tadbirkorlarga qaratib mahallada “Mirishkor tajribasi” asosida kooperatsiyani rivojlantirib, “Bir maxalla-bir mahsulot”, “Bir ko‘cha-bir mahsulot” tamoyillarini qo‘lladik. Lider tadbirkor fermer bilan 12 ta xonadonda chorvachilik yo‘nalishida, 2 ta xonadon bilan parrandachilik yo‘nalishida kooperatsiyani yo‘lga qo‘ydim. Tekstil yo‘nalishida 5 ta xonadon bilan kooperatsiya hamkorligini yaratdik. Bu yil kasanachilikni rivojlantirdik. Mahalla xonadonlaridagi korxonaga borib ishlay olmaydigan, bolalar tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgan ayollar, nogironligi bor fuqarolarni kasanachilik uslubida ish bilan ta’minladik. Tadbirkor ularga ertalab yarim tayyor mahsulot olib borib, kechqurun tayyor mahsulotni olib ketadi. Shu bilan bir qatorda nogironligi bor yoki yetim farzandlari bor xonadonlarga moddiy yordam ko‘rsatishga saxiy tadbirkorlarni biriktirdik. Lekin aholi orasida boqimanda kayfiyatda bo‘lgan, davlat menga yordam beradi, deb o‘tirgan kishilar ham yo‘q emas
— Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?
— Men mahallada ishni boshlab, fuqarolar bilan muloqotda shu narsani bildimki, ko‘pchilik fuqarolarda u yoki bu tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, o‘z ishini ochish niyati bo‘lgan, lekin ish boshlashi uchun bilimi yoki mablag‘i yetishmagani, yoki zarur infrastruktura yo‘q yoxud yeri yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, ularga ko‘mak berishga harakat qildik. Bilimi yetishmasa, o‘quv kurslariga yo‘llanma berildi, tajribasi kam bo‘lsa, seminar treninglar tashkillashtirildi, ishni nimadan boshlashni bilmaganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatilib, motivatsiyalar berildi. Mahalla hududida mutaxassisligi bo‘yicha ish topilmasa, tuman rahbarlariga va sektorimiz rahbariga murojaat qilib, davlat muassasalariga ishga joylashtirildi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyatlardan foydalangan holda 6 oylik imtiyozli davrga ega 14 foizli kreditlar ajratilgan bo‘lib, bunday kreditlarni olish uchun fuqarolardan talab juda ko‘p bo‘ldi. O‘z ishini boshlayman degan fuqarolarning ba’zilari tikuv mashinalari sotib olib ish boshladi, yana boshqalari chorvachilik yo‘nalishida biznesni yo‘lga qo‘ydi. Masalan, mahallada yashovchi Zulxumor opa Mirsalimovaga 2022 yil boshida o‘zim kafil bo‘ldim, u 21 mln 650 ming so‘mlik imtiyozli kredit evaziga tikuv mashinalari xarid qilib, o‘z xonadonida tikuv sexini ochdi. 4 nafar ayol uy bekalarini ish bilan ta’minlab, kreditni o‘z vaqtida yopib kelmoqda. Yirik tekstil kombinati bilan xamkorlik kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yib, u kishiga yordam berildi. Natijada bugunda bu korxona biznesi muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
— Mahallaning barqaror rivojlanishida transport, energetika, kommunal, ijtimoiy va boshqa infratuzilmalarning mavjudligi va holati muhim ahamiyatga ega. Bu borada qanday ishlar olib boryapsiz?
— Ma’lumki, aholi turmush darajasini yaxshilashda infratuzilmaning ahamiyati juda katta. Tadbirkorlikni rivojlantirishda ham ko‘p narsa shu infrastrukturaga bog‘liq. Infrastruktura bo‘lsa, biznes taraqqiy topadi. Shularni bilgan holda, mahallamizda bir qator ishlar amalga oshirildi. Birinchi navbatda Uymavut mahalla xududi 2022 yili 100 foiz yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘i bilan ta’minlandi. Bunda mahallamiz fuqarosi tadbirkor Ziyamuhamedov Farhod tashabbus ko‘rsatdi. Hokimlik tomonidan ko‘chamizga 1400 metr asfalt qoplamasi yotqizildi. Bir qator ko‘chalarga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Homiylar mablag‘i jalb etilib, maktabimiz va qabriston xududi kapital ta’mirlandi. Sektorimiz tomonidan 50 dona eski simyog‘ochlar yangi beton ustunlarga almashtirildi. Eski elektr simlari yangi SIP kabellarga almashtirildi. Yangi transformatorlar o‘rnatildi. 700 metr gaz quvurlari yangilandi. 2023 yilda PQ-408 qarorga muvofiq, aholi orzusi bo‘lgan oqova suv tarmoqlari 60 foiz o‘tkazildi va xonadonlarga suv quvuri 100 foiz tortilib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Barcha ko‘chalar shag‘allashtirildi, aholi ko‘magida bir ko‘chaga beton qoplamasi yotqizildi. Gaz ta’minoti yaxshilandi, xonadonlarga o‘rta bosimli kichik reduktorlar o‘rnatib chiqildi. Shuningdek, o‘z mablag‘larim hisobiga Sohibkor ko‘chasiga yangi transformator sotib olib, tungi yoritish chiroqlari va videokuzatuv kameralari o‘rnatishda tashabbus ko‘rsatdim.
— Olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflaringiz bor?
— “Mahallabay” ish tizimi yo‘lga qo‘yilib, hokim yordamchisi lavozimlarining joriy etilishi tarixiy voqea bo‘ldi, deb o‘ylayman. Mamlakatimiz rivojlanishida, Yangi O‘zbekiston poydevori qurilishida o‘z hissamni qo‘shayotganimdan benihoyat xursandman. Kambag‘allikni qisqartirish, avvalo, aholi daromadini oshirishdan boshlanadi, shu bois Xitoy tajribasidan ko‘proq foydalanish kerak. Buning uchun hokim yordamchilarini Xitoyga tajriba almashish uchun yuborish zarur, o‘quv seminarlariga jalb qilish darkor. Zamon jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan bir davrda, bilimni doimo oshirib turish kerak, barcha sohalarni raqamlashtirish kerak, deb hisoblayman. Shundagina, qilayotgan ishlarimizning samaradorligi oshadi, ko‘zlangan natijaga erishiladi. Taklifim shuki, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimini albatta davom ettirish zarur. Xususan, hokim yordamchilariga ko‘proq vakolatlar berish kerak. Shunda xalqqa yanada ko‘proq yordamimiz tegadi, deb hisoblayman.
— Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?
— Ish jarayonida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish uchun ishlarni oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etishga harakat qilmoqdamiz. Ish jarayonida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarning oldini olish uchun ishlarni oshkoralik va ochiqlik tamoyillari asosida tashkil etishga harakat qilmoqdamiz Barcha ishlar qonun doirasida, odilona olib borilib, mahalla faollari va oqsoqollari, deputatlarni jalb etgan holda muhokama qilinadi. Bajarilayotgan ishlar bo‘yicha mas’ullar va jamoatchilik nazorat kengashi ular oldida hisobotlar berib boriladi. Bularning bari ishimizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka imkon beradi.
— Faoliyatingiz davomida mahallada nimalar o‘zgardi, aholining bunga munosabati qanday? Ularning hokim yordamchilari institutiga va umuman, “mahallabay” tizimiga ishonchi ortdimi?
— “Mahallabay” ish tizimi Yangi O‘zbekistonni qurishga katta hissa qo‘shadi, deb ishonch bilan aytish mumkin. Mahallada 2 yil davomida “Beshlik” ishlagan bo‘lsak, endi yangi yildan “Yettilik” bo‘lib ishni tashkil qilamiz. Mahallalardagi bunyodkorlik ishlari natijalarini mahalla hayoti, aholi turmush sharoitlarining yaxshilanayotganidan ham yaqqol ko‘rish mumkin! Men ishlayotgan davrda mahallam aholisini davlatga bo‘lgan ishonchi yanada ortdi, fidoyi vatanparvar insonlar ko‘paydi. Bu esa, “mahallabay” tizimining samaradorligidan dalolat beradi. Men uchun - muammosi ijobiy hal etilgan, o‘z maqsadiga erishib tadbirkor bo‘lgan, daromadi ko‘payib xonadoni farovonlikka yuz tutgan fuqarolarning xursandchiligini ko‘rish – bu eng katta baxtdir!
Jamoliddin Turdimov
"Iqtisodiy sharh" jurnali №12/2023
Izoh qoldirish