Hokim yordamchilari - xalq orasida ("Do‘stlik" mahallasi)

Hokim yordamchilari - xalq orasida (

Mamlakatimizda “mahallabay” ish tizimi yo‘lga qo‘yilib, barcha mahallalarda “hokim yordamchisi” lavozimi joriy etildi. Siz uchun bu lavozimning mazmun-mohiyati nimada, uni qanday tushunasiz?

– Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan joriy qilingan bu tizim avvalambor oddiy insonlar manfaati uchun xizmat qiladi. Chunki ushbu tizimda joylarda yuzaga kelayotgan muammolar quyi pog‘onada – joyida operativ hal qilinadi. Natija esa pirovardida vatan ravnaqi, kelajagiga xizmat qiladi, mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishi jadallashadi.

O‘zingiz haqingizda ko‘proq gapirib bering. Bu lavozimga qanday keldingiz, bundan avval nima bilan shug‘ullangansiz, qayerda ishlagansiz? Yangi vazifalarni qanday hal qilyapsiz? Yangi ishingizdan qoniqdingizmi?

– Men Kadirkulov Dilmurod Alimaxamatovich, 1988 yil 22 yanvarda tug‘ilganman. 2010 yil Guliston Davlat universitetini, 2020 yil Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining magistratura bosqichini tamomlaganman. Bugungi kungacha Sirdaryo viloyati Maktabgacha ta’lim boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlaganman. Hokim yordamchisi lavozimiga o‘z xohishim bilan o‘tganman, hozirgi ishimdan juda mamnunman. Do‘stlik mahallasidagi har bir xonadon bilan ishlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tuzilgan va istiqbol reja asosida ish yuritilmoqda.

Mahallangiz haqida batafsilroq ma’lumot bering. U qayerda joylashgan, tuman markazidan olismi?

– Mahalla haqida qisqacha aytsam, Do‘stlik MFY 1993 yil tashkil etilgan. Umumiy maydoni 91,76 kv km. Tarkibidagi ko‘chalar soni 14 ta, ko‘p qavatli uylar soni 15 ta, yakka tartibdagi uylar esa 419 tani tashkil etadi. Mahallada 658 ta xonadon, 786 ta oila, 2 646 nafar fuqarolar istiqomat qiladi. Tuman markazidan uzoqligi 0,5 km. Mahallaning asosiy rivojlanish drayverlariga xizmat ko‘rsatish va chorvachilik sohalarini kiritish mumkin.

“Mahallabay” tizimi barcha darajadagi davlat hokimiyati organlarining o‘zaro yaqin hamkorligini ta’minlashni ko‘zda tutadi. Ushbu aloqa qanday o‘rnatilgan? Mahallangizdagi faoliyatingizni tuman, viloyat va respublikadan qo‘llab-quvvatlanayotganini sezyapsizmi?

– Albatta, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan vaqt keldi”. Fuqarolardan kelayotgan murojaatlarni imkon qadar o‘zimiz, qonuniy asosda turli yuqori tashkilotlar bilan birgalikda bahamjihat hal qilmoqdamiz. Hokimiyatning har bir bo‘g‘ini bevosita vakolat doirasida bizga ko‘mak bermoqda. Bunda fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida hokim o‘rinbosarlarining faoliyatiga ko‘maklashish uchun yaratilgan elektron platforma qo‘l kelmoqda.

Mazkur platforma juda qulay bo‘lib, eng muhimi ortiqcha xatti- harakatlarsiz, inson omilisiz murojaatlarni hal qilishga imkon beradi. Fuqarolar uchun qulayligi shundaki, qo‘limizda planshet bilan xonadonlarga borib, shu yerni o‘zida murojaatlarni yozib olyapmiz va elektron platforma orqali yechimini topmoqdamiz.

Yordamga muhtoj oilalarni aniqlash maqsadida mahallada so‘rov va suhbatlar o‘tkazyapsizmi? Qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarni qanday aniqlaysiz? Kambag‘al va himoyaga muhtojlarni qaysi mezonlarga ko‘ra bilish mumkin?

– Yordamga muhtoj oilalarni aniqlash uchun biz har bir xonadonga kirib, xatlov qilganmiz hamda toifalarga ajratganmiz. 1 va 3-toifadagilarga ishsiz, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, nogironligi bor fuqarolar kiritilgan. Fuqarolarga yordam berishda, birinchi navbatda, shu toifadagilar bilan ishlaymiz. Xatlov yakuniga ko‘ra, chorak va yillik ishlar bo‘yicha “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi. Uni tuzishda aholi bandligini ta’minlash etiborning birinchi markazida bo‘ldi. Jumladan, moliyaviy instrumentlar hisoblanadigan imtiyozli kredit, subsidiyalar, o‘qish istagini bildirgan fuqarolarni o‘qishga jalb qilish, o‘zini-o‘zi band qilish hamda yer ajratish va yangi loyihalar hisobiga yaratiladigan ish o‘rinlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tajribangizdan kelib chiqib aytingchi, mahallada qayd etilgan kambag‘allik holatlari qanday sabablarga ko‘ra kelib chiqmoqda? Sizningcha, mahalladagi kambag‘allik darajasini qisqartirish uchun yana nimalar qilish kerak?

– Kambag‘allikka olib kelgan omillar bir qancha. Bular orasida, eng birinchi, doimiy ishning yo‘qligi, ya’ni ishsizlik, ma’lumotga ega bo‘lmaganlik, shuningdek, tadbirkorlik qilish uchun bilim va malakalarning yetishmasligi kabilarni sanab ko‘rsatish mumkin. Biron-bir ishni boshlashdan oldin, masalan, imtiyozli kredit yoki subsidiya olmoqchi bo‘lgan fuqaroni shu sohaga qiziqishi va tushunchasi bo‘lishi kerak.

Ishsizlik va kambag‘allikni oldini olish uchun mahallaning o‘sish drayveridan kelib chiqqan holda, fuqarolarga takliflar va ko‘nikmalar berilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu asnoda mahallamizda yirik ishlab chiqarishlar tashkil etilishi kerak. Natijada ishsizlikning oldi olinadi va daromad manbai paydo bo‘lib, kambag‘allik qisqaradi. Shuningdek, har bir xonadonda chorvachilik, issiqxona, parrandachilik kabi yo‘nalishlarda o‘zini-o‘zi band qilish ishlarining yo‘lga qo‘yilishi ham tez orada o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi shubhasiz. Kambag‘al inson yanada qashshoqlashib ketishini oldini olgan holda tizimdagi talabga asosan tadbirkorlik qilishdan oldin ularni shu sohaning mutaxassisi bo‘lishi uchun monomarkazlarga o‘qishga jo‘natyapmiz.

Mahallangizda oziq-ovqat xavfsizligi, aholining zarur va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi qay darajada (ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda muhim oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilishning tizimli monitoringi /o‘lchovi o‘tkazilmoqdami)?

– Mahallamizda oziq-ovqat xavfsizligi, aholining zarur va sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojini qondirish maqsadida kerakli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Misol tariqasida, lider tadbirkorlarni jalb qilgan holda narx-navo sun’iy oshirilishining oldi olinib, fuqarolarga arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali mahalla aholisini arzon oziq-ovqatlar bilan ta’minlashga erishildi.

Mahalladagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda va bu muammolarni hal etishni siz qay darajada uddalayapsiz?

– Bu borada mahallamizda ishlar tizimli tashkil etilgan. Jumladan, yoshlar yetakchilari tomonidan mahalladagi kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarning 50 foizgacha bo‘lgan kontrakt pullari to‘lab berildi, sog‘lig‘ida muammosi bor yoshlarga esa BHMning 50 baravarigacha bo‘lgan mablag‘lar o‘zimizda va chet elda davolanish uchun ajratiladi. Bundan tashqari, yana turli kasalliklardan aziyat chekayotgan fuqarolarni “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritib, salomatliklarini tiklash uchun mablag‘ ajratmoqdamiz. Mahg‘allamizda shu asosda 12 nafar yoshlarga ta’lim hamda 7 nafar fuqaroga sog‘liqni saqlash tizimi yo‘nalishida yordam berildi.

Ishingizda kambag‘al uy xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash uchun qanday innovatsion usullarni qo‘lladingiz?

– Ushbu fuqarolarni qo‘llab-quvvatlagan holda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida qiymati 2 071 mln so‘mlik 66 ta (18 ta chorvachilik, 28 ta xizmat ko‘rsatish, 5 ta issiqxona, 10 ta tikuvchilik, 2 ta qandolatchilik va 1 ta asalarichilik) loyihaga kredit ajratilishi hisobiga 89 kishi ish joyiga ega bo‘ldi. Shuningdek, 38 nafar ishsiz fuqarolarga 163 mln so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilib, 33 nafar kishi ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, 7 gektar paxta va g‘alla yer maydonlaridan 10 yilga ijaraga 50 sotixdan ajratilishi hisobiga 14 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, mahallada norasmiy faoliyat yuritayotgan 123 nafar fuqarolar o‘zini-o‘zi band qilganlar sifatida ro‘yxatga olindi.

Mahallada mehnatingizga munosabat qay darajada o‘zgardi, aholining ishonchi oshdimi?

– Bizning ishimizga bahoni xalq beradi. Shu bilan birga, fuqarolarning ishonchi ham sezilarli darajada oshganini qayd etib o‘tish kerak. Chunki ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga ozroq turtki berganimiz sababli ularning doimiy daromad manbai paydo bo‘ldi. Maqsadimiz – mahallamizda ishsizlik darajasini butunlay yo‘q qilish va aholi daromadini yanada oshirish! O‘zbekistonimizni rivojlantirishga eng quyi tizimda oz bo‘lsa ham hissamni qo‘shayotganimdan xursandman.

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?

– Hokim yordamchilari uchun aratilgan “ONLINE MAHALLA” platformasi elektron shaklda – inson omilisiz ishlaydi. Fuqarolarga ham juda qulay, eng muhimi – hech qanday ortiqcha xatti harakatlarni talab qilmaydi. Bundan tashqari, doimiy ravishda mahalla fuqarolari bilan suhbatlar uyushtirib, shaffoflik asosida jamoatchilikka o‘z faoliyatim to‘g‘risida ma’lumot va hisobotlar berib bormoqdaman.

Jamoliddin Turdimov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Mamlakatda/Hududlar
"Iqtisodiy sharh" jurnali №12/2022
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar