Ishchi guruhga Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining mas’ul xodimlari, 13 ta respublika vazirlik va idoralari hamda viloyat, tuman va shahar sektorlari, sohaviy tashkilotlar rahbarlari jalb etildi.
Aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida 3 kun davomida qator amaliy ishlar bajarildi.
Jumladan, yo‘l, kommunikatsiya tarmoqlari, infratuzilma holati yaxshilash uchun Bektemir va Yashnobod tumanlarida ichki yo‘llarning 4 kmga yaqin qismi asfalt qilindi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida 88 ta beton ustunlar o‘rnatildi, 1,8 km tarmoq tortilib, 2 ta transformator o‘rnatildi. Ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 1,3 km suv quvurlari va 12 ta suv quduqlari joriy ta’mirlandi. Yunusobod, Chilonzor, Mirobod tumanlarida ichimlik suvi quvurlarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etildi. Gaz ta’minoti bo‘yicha 5 km gaz quvurlari qurildi, 3 ta gaz taqsimlash punktlari ta’mirlandi.
Aholi bandligini ta’minlash hamda ko‘makka muxtoj aholi qatlamini ijtimoiy muhofaza qilish masalalari ham Respublika ishchi guruhi e’tibori markazida bo‘ldi.
Xususan, tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish maqsadida faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 34 nafar fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan 294,4 mln. so‘mlik asbob-uskuna va mehnat qurollari subsidiya asosida olib berildi.
“Sahovat va ko‘mak” jamg‘armasidan “Temir daftar” ro‘yxatidagi 14 nafar fuqaroga va ehtiyojmand oilalarga jami 364, 0 mln. so‘mlik quyosh paneli o‘rnatishga mablag‘lar ajratilgan.
“Ayollar daftari” ro‘yxatidagi 278 nafar xotin-qizlarga 449,4 mln. so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. “Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 68 nafar fuqarolarga 238 mln.so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
Ishlar davom etmoqda.
Izoh qoldirish