Prezident Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilishni taklif qildi

Prezident Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilishni taklif qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 iyun kuni odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta’sir o‘tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Parlament palatalari ushbu taklifni ko‘rib chiqadi.

Sudlar chiqarayotgan qarorlar faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanishi lozimligi ta’kidlandi. Ayrim sudyalar tergov materiallariga bog‘lanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obro‘siga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning ko‘z o‘ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi haqida gapirdi. Misol uchun, aholisi eng ko‘p tumanlardan biri bo‘lgan Urgutda (500 ming kishi, 102 ta mahalla) fuqarolik sudi yo‘qligi sababli 80 kilometr yo‘l bosib, Toyloq tumanlararo sudiga boriladi.

Shu bois sudlar va ularning faoliyatini optimallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar