Hozirgi yoshlarning zamonaviy texnologiyalarga qiziqishi yuqori. O‘tgan yili IT-parkning 5 ta filiali va Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlarida 10 mingdan ortiq yoshlar saboq olgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishida har bir tumanda kamida bittadan maktabda IT-to‘garagi ochish, yana 100 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etib, 20 ming yigit-qizni dasturlash va axborot texnologiyalari sohasida tadbirkorlikka o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda yoshlarning ijtimoiy masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda 129 ta oliy o‘quv yurtida 500 mingdan ortiq talaba o‘qiyotgani, lekin ular yotoqxona bilan yetarlicha ta’minlanmagani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga talabalar uylarini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Izoh qoldirish