Prezident Zangiotada qurilayotgan maxsus shifoxona xodimlarining oyliklari bonus tizimida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi

Prezident Zangiotada qurilayotgan maxsus shifoxona xodimlarining oyliklari bonus tizimida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona qurilishi bilan tanishdi.

Koronavirus pandemiyasi butun dunyoga tarqalib, insonlar hayotiga katta xavf tug‘dirmoqda. Mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar, xalqimizning chuqur tushunishi va sabr-toqati bilan bu ofat jilovlanib, ommaviy yoyilib ketishining oldi olinyapti. Qisqa fursatlarda davolash-profilaktika muassasalari va karantin zonalari qurilgani bunda muhim omil bo‘ldi.

Zangiota tumanidagi maxsus shifoxona loyihasining umumiy qiymati 504 milliard so‘m bo‘lib, 33 gektarda 2 ta kompleks qurilmoqda. Bunda yuqumli kasalliklar xususiyati va zamonaviy tibbiyot talablari inobatga olingan.

Xususan, statsionar joylarning hammasi bokslangan, har bir xona avtonom. Biridagi havo boshqasiga o‘tmaydi. Ularga kirib-chiqish ham, xizmat ko‘rsatish ham alohida. Kasallar kelgach, qabul bo‘limidan tambur orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z palatasiga joylashtiriladi.

Barcha korpuslar, bo‘linmalar toza va notoza yo‘laklar bilan ajratilgan. Toza yo‘lakdan faqat tibbiy personal o‘z vazifasini bajarish uchun foydalanadi. Shifokorlar harakatlanish chog‘ida sanitar o‘tkazgichlar orqali o‘tadi. Bu barchaning – tashxisi noaniq bo‘lganlar, vrachlar va boshqa xizmatchilarning xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari kasalxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilar bilan suhbatda undan oqilona foydalanish, tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish muhimligini ta’kidladi.

- Bunday zamonaviy shifoxonani qurish sermashaqqat, undan samarali foydalanish esa undan ham qiyin. Shuning uchun bu yerga vrach emas, tashkilotchi odam rahbar bo‘lishi kerak. Xodimlarning maoshi bonus tizimida bo‘lishi zarur. Natija yaxshi bo‘lsa, yaxshi daromad olishsin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar