Yalpi hududiy mahsulot. 2022 yilning yanvar-dekabr oylarida viloyatdagi yalpi hududiy mahsulot (YaHM) hajmi 49 520,8 mlrd so‘mni, o‘sish ko‘rsatkichi 2021 yilning mos davriga nisbatan 5,6%ni (o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha Respublika hududlari orasida 9-o‘rin) tashkil qilgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaHM hajmi 14 372,6 ming so‘mni tashkil qilgan.
Viloyatda yaratilgan YaHMning Respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 5,6% bo‘lgan holda Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Andijon viloyatlaridan keyingi 7-o‘rinni egallagan. YaHM da kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 69,9%ni tashkil qilgan.
Sanoat. Viloyatda 22 814,7 mlrd so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,5 foiz (o‘sish ko‘rsatkichi bo‘yicha Respublika hududlari orasida 3-o‘rin)ga oshgan. Viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining respublika sanoatidagi ulushi 4,1 foizni va hududlar orasida 8-o‘rinni egallangan. Shuningdek, viloyat sanoati tarkibida tog‘-kon sanoatining ulushi – 7,5%, ishlab chiqariladigan sanoat - 68,2%, elektr, gaz, bug‘ bilan ta’minlash va havoni konditsiyalash sanoati - 23,8%, suv bilan ta’minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish sanoati - 0,5%ni tashkil qilgan.
Jon boshiga to‘g‘ri keladigan sanoat mahsulotlari hajmi 1 376,7 ming so‘m (Respublika hududlari orasida 12-o‘rin) bo‘lgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 102,5 foizga oshgan.
Iste’mol tovarlari. Viloyatda 4 763,1 mlrd so‘mlik (2021 yilning mos davriga nisbatan 9,0%) iste’mol tovarlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, respublikadagi ulushi 2,4 foizni tashkil qilgan holda hududlar orasida 11-o‘rinni egallagan. Tahlil qilinayotgan davr mobaynida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat tovarlari hajmi 2878,6 mlrd so‘m (o‘sish ko‘rsatkichi 108,3%), nooziq-ovqat tovarlari 1884,5 mlrd so‘mni (110,2%) tashkil qilgan.
Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi. Viloyatda 33 384,6 mlrd so‘mlik qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 103,7%ga oshgan. Respublika qishloq xo‘jaligida viloyatning ulushi 9,2% bo‘lgan holda, hududlar orasida 5-o‘rinni egallagan. Jon boshiga to‘g‘ri keluvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 9 689,4 ming so‘mni tashkil qilgan.
Xizmat ko‘rsatish. Ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 15 945,8 mlrd so‘m bo‘lgan holda, 114,1%ga oshgan. Xizmatlar hajmining respublika ko‘rsatkichidagi ulushi 4,5% bo‘lib, hududlar orasida 7-o‘rinni egallagan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan xizmatlar hajmi esa 4 628 ming so‘mni tashkil qilgan.
Chakana savdo. Chakana savdo hajmi 20 504,8 mlrd. so‘m (112,5%), respublikadagi ulushi 6,4%ni bo‘lgan holda, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan. Jon boshiga to‘g‘ri keluvchi chakana savda hajmi 5 951,2 ming so‘m (hududlar orasida 12-o‘rin)ni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 110,1 foizga oshgan.
Qurilish ishlari. Qurilish ishlari hajmi 7 831,1 mlrd. so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 105,8%), respublikadagi ulushi 6,0%ni tashkil etib, hududlar orasida 6-o‘rinni egallagan.
Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar. Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 16 181,5 mlrd so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 80,8%), respublikadagi ulushi 6,1% (hududlar orasida 6-o‘rin)ni tashkil qilgan. Jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi 4 696,4 ming so‘mni tashkil qilgan.
Tashqi savdo aylanmasi. Tashqi savdo aylanmasi hajmi 547,5 mln AQSh dollarini tashkil qilgan holda, o‘tgan yilga nisbatan 96,8 foizni tashkil etgan. Viloyat tashqi savdo aylanmasining respublika jami tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 1,1% bo‘lib, hududlar orasida 13-o‘rinni egallagan. Tashqi savdo aylanmasi tarkibida eksport – 303,4 mln AQSh dollari (112,3% o‘sish)ni, import – 244,1 mln AQSh dollari (82,6%)ga teng bo‘lgan.
2022 yilning yanvar-dekabr oylarida viloyatda 8 551 ta (o‘tgan yilga nisbatan 90,4%) yangi kichik biznes sub’yektlari tashkil etilgan.
Izoh qoldirish