Qibrayda 450 million dollarlik ikkita issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi

Qibrayda 450 million dollarlik ikkita issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi

Nurafshon shahrida xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi. Toshkent viloyati mamlakatimiz taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutishini ta’kidladi.

- Toshkent viloyatida sanoat, qishloq xo‘jaligi, savdo, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ulkan salohiyat bor. Shuning uchun viloyatga juda katta marra qo‘yganmiz. Lekin, shunga yarasha natija sezilmayapti, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari «aravani tortolmayapti». Endi bizga faqat paxta, g‘alla deb yuraveradigan hokimlar kerak emas. Paxta bilan g‘allani manfaat qilishi kerak. Hokim esa hozirgi zamonga munosib, ustuvor yo‘nalishlarni yaxshi biladigan va joy-joyiga qo‘yadigan, viloyatdagi 2 million 994 ming aholini rozi qiladigan bo‘lishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Davlatimiz rahbari Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Davron Xidoyatov nomzodini viloyat hokimi lavozimiga tavsiya etdi.

D.Xidoyatov 1976 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1996-2009 yillarda bank tizimida, 2014 yilgacha avtosanoat tarmog‘ida faoliyat yuritgan. 2014-2020 yillarda Xususiylashtirish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi, Chilonzor tumani hokimi, Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Xalq deputatlari, viloyat faollari so‘zga chiqib, nomzod haqida fikrlarini bildirdi. Ovozga qo‘yish natijalariga ko‘ra, Davron Xidoyatov Toshkent viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.

Xalq deputatlari kengashi sessiyasida Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalish va vazifalar muhokama qilindi.

Avvalo aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish masalalariga e’tibor qaratildi. Viloyatdagi 1 ming 48 ta mahalla bilan manzilli ishlab, «o‘sish nuqtalari»ni hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

2021-2022 yillarda sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida jami qiymati qariyb 120 trillion so‘m bo‘lgan 1 ming 108 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi ta’kidlandi. Ularning 1 ming 60 tasi hududiy, 48 tasi yirik tarmoqlar loyihalaridir. Bularning natijasida 52 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari kon-metallurgiya, energetika, to‘qimachilik, kimyo, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati, qishloq xo‘jaligi va turizm viloyat iqtisodiyotida asosiy drayver bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Jumladan, joriy yilda Turkiya kompaniyalarining 450 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobiga Qibray tumanida umumiy quvvati 710 Megavatt bo‘lgan ikkita issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi. Shuningdek, Bo‘stonliqda 1 milliard 48 million dollar sarmoya evaziga, jami quvvati 540 Megavatt bo‘lgan ikkita gidro elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddilarga viloyatda 14 ta yangi kichik sanoat zonasi tashkil etish, foydalanilmayotgan 18 noruda konlar negizida qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Chirchiq shahrini zamonaviy innovatsiyalar va investitsiyalar shahriga aylantirish, shu namuna asosida viloyatning boshqa shaharlarini ham kompleks rivojlantirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

16 ming gektarda bog‘ va tokzorlar tashkil etish, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Ijtimoiy sohalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish, maktablarni ta’mirlash, 4 ta tumanlararo tibbiyot markazi tashkil etib, gemodializ xizmatlarini yo‘lga qo‘yish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.

Ko‘p qavatli uylar, yo‘llar, ichimilik suvi tarmoqlari qurib, qishloq va mahallalardagi turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar ma’lum qilindi.

Mutasaddi rahbarlar Prezident aytgan ustuvor vazifalar ijrosini tashkil etish yuzasidan xalq deputatlari oldida hisobot berdi.

Davlatimiz rahbari shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan suhbatlashib, ular bildirgan takliflarni qo‘llab-quvvatladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar