Qoraqalpog‘iston Respublikasining “o‘sish nuqtalari”ni kompleks rivojlantirish taklif qilindi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining “o‘sish nuqtalari”ni kompleks rivojlantirish taklif qilindi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, yoshlarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ta’lim tizimi va ilm-fan sohasi o‘rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta’limning uzluksizligini ta’minlash yo‘nalishida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, milliy ta’lim-tarbiya tizimining amaldagi holati uni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, yoshlarni yuksak bilim-ma’rifat egalari, jismoniy va madaniy sog‘lom insonlar etib tarbiyalash, ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarining obro‘sini oshirish, ularning samarali faoliyat olib borishi uchun zarur sharoit yaratishga doir izchil chora-tadbirlarni amalga oshirish talab etilmoqda.

Hozirgi raqamli, smart iqtisodiyotga o‘tish sharoitida ilm-fanni iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish, ilmiy tadqiqotlar hajmini kengaytirish, iqtidorli yosh olimlarning innovatsion faoliyatini rivojlantirish, amalda mavjud bo‘lgan ilmiy tashkilotlarning salohiyatini yanada mustahkamlash va rivojlantirish zarurati yuzaga kelmoqda. Bu ta’lim-tarbiya tizimi, shuningdek ilmiy tadqiqotlarning samaradorligini yanada oshirish va unda yoshlarning innovatsion g‘oyalari hajmini kengaytirishni talab qiladi. Bunda asosiy maqsad Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Uchinchi Renessans bo‘lishi shart.

Uchinchi Renessansning asosini yaratish – bu ikki-uch yilda amalga oshiriladigan ish emas. Buning uchun dastlab yuzlab, minglab iste’dodli kadrlar, fidoyi insonlar kerak. Ularni, albatta, ta’lim muassasalari tayyorlab beradi.

Haqiqatan ham O‘zbekistonda yangi uyg‘onish – Uchinchi Renessans davri boshlandi. Bu holat bugungi kunda mamlakatimizda, tez sur’atlarda rivojlanayotgan, turmushimizda yuz berayotgan taraqqiyot jarayonlari barcha sohalarda o‘z ifodasini topmoqda. Shu bois, mustaqillikka erishgan yillarimizning dastlabki davrlarida biz o‘z milliy o‘zligimizni anglash, boy tarixiy-ma’naviy va ilmiy meroslarimizning asl mazmun-mohiyatini anglab, uni amalga oshirishga intilgan bo‘lsak, endilikda xalqimiz birlashib “Milliy tiklanishdan - milliy taraqqiyot sari” g‘oyasini barqaror amalga oshirishga kirishdi. Bu davrda jamiyatimizda ijtimoiy tafakkurning rivojlanish tendensiyasi shakllanganligi, unga xos bo‘lgan milliy va umuminsoniy qadriyatlarning aks etganligini tan olishimiz kerak. Milliy ma’naviyat va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unlashgan ijtimoiy tafakkur - davlatimiz barqaror rivojlanishining mustahkam asosiga aylanmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, yuqorida keltirilgan buyuk maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston Respublikasini 2019-2021 yillarda innovatsion rivojlantirish strategiyasining bosh maqsadlaridan biri inson kapitalini rivojlantirish bo‘lsa, davomi 2030 yilgacha Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50ta ilg‘or mamlakati tarkibiga kirish etib belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra ilm-fan sohalariga sarflanayotgan jami xarajatlar o‘tgan yillar davomida deyarli 14% ga oshgan. Bu ko‘rsatkich 2018 yilda umumiy 528,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib 603,3 mlrd so‘mga oshgan. Lekin bugungi kunda ilm-fanni moliyaviy ta’minlash hajmi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2%ni tashkil etib, yillar davomida o‘zgarmasdan qolmoqda. Bu ko‘rsatkich jahon bo‘yicha o‘rtacha 1,7 foizga teng, ayniqsa, Xitoyda 2008 yilda 1,4 foizdan 2,14 foizgacha, Koreya Respublikasida 3,1 foizdan 4,5 foizgacha oshgan.

So‘nggi 3 yil davomida ilm-fan sohasiga davlat byudjetidan ajratilgan pullar 2-3 barobargacha oshirilgan bo‘lsada, bu o‘sish sur’ati asosan ilmiy ish bilan shug‘ullanadigan sub’yektlar oylik ish haqlarining oshirilishiga yo‘naltirilib, mamlakatda ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga pul mablag‘lari yetarli darajada ajratilmayapti.

«Qoraqalpoqbaliqsanoat» jamiyati tomonidan «Intensiv tarzda baliq etishtirish va uni qayta ishlash» loyihasi doirasidagi korxona 1,2 gektar er maydonida tashkil qilingan. Uning quvvati yiliga 200 tonna baliq, 5 million dona baliq lichinkalari etishtirish, 5 ming tonna ozuqaviy yem ishlab chiqarish va ming tonna sovutkichli kamerada mahsulotlarni saqlash imkoniyatiga ega. U o‘tgan yil iyul oyida faoliyatini boshlagan bo‘lib, 35 ish o‘rni yaratilgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan Qorao‘zak tumanida “Tebin buloq” ruda konida metall ishlab chiqarish kombinati va metallurglar shaharchasini tashkil etish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasida “Xyunday” kompaniyasi tomonidan modernizatsiya ishlari olib borilmoqda. Bu loyihaning ishga tushirilishi natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalqi uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Qoraqalpog‘istonda barcha sohalarni jadal rivojlantirishga oid kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqilgani haqida xabar berildi. Unda har bir tumanda 2 tadan faoliyat turi o‘ziga xos «o‘sish nuqta»si sifatida belgilangan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha 16ta tumanni yanada rivojlantirish maqsadida ushbu «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlari 3 yil muddatga yer solig‘i, mulk solig‘i, kichik korxonalar aylanmasidan olinadigan soliq, xususiy tadbirkorlarning qat’iy miqdordagi daromad solig‘idan ozod etilishiga oid Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan takliflar bildirildi.

Bundan tashqari, rivojlanish darajasi past bo‘lgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov va Shumanay tumanlarida yangidan tashkil etiladigan sanoat korxonalariga ham 3 yil muddatga soliq va bojxona imtiyozlari beriladi.

Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga kuchli turtki berish, muammolarni operativ tarzda hal qilish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirishga oid kelgusi 3 yilga mo‘ljallangan o‘nta asosiy yo‘nalish belgilandi.

Birinchisi - tuman va mahallalarni jadal rivojlantirish, ikkinchisi - aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirish bo‘lsa, uchinchisi doirasida investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. Orol muammosining salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan harakatlar to‘rtinchi asosiy yo‘nalish sifatida belgilandi.

Beshinchisi sifatida xizmat ko‘rsatish sohasi salohiyatini to‘la ishga tushirish, oltinchisi etib qishloq xo‘jaligini rivojlantirish vazifasi qo‘yildi. Yettinchidan, aholini turar-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar tashkil etilsa, sakkizinchidan, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga e’tibor qaratiladi.

To‘qqizinchi asosiy yo‘nalish sifatida yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rsatilgan bo‘lsa, o‘ninchi yo‘nalish doirasida jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezident mamlakatimiz yigit-qizlarini ushbu hudud turmushi bilan tanishtirish maqsadida kelgusi yilda Qoraqalpog‘istonda Yoshlar festivalini tashkil etish taklifini bildirdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda bo‘lgani kabi baxshichilik san’ati rivojiga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi, Termiz shahrida o‘tgan yili baxshichilik maktabi o‘z faoliyatini boshladi, Respublika baxshichilik san’at markazi qurilmoqda.

Mazkur markaz qoshida baxshichilik san’atini rivojlantirish jamg‘armasi ham tashkil etiladi. Bu kabi ibratli ishlar ota-bobolarimiz asrlar davomida asrab-avaylab kelgan bebaho san’atni dunyoga tanitish, yoshlarimizning unga qiziqishini oshirishda zarur omil hisoblanadi.

Nukus shahrida ko‘p qavatli turar joylar va IT-park qurilishi, Tatibayev ko‘chasidagi yangi turar joy kompleksi zamonaviy namunalar asosida, zilzilaga bardoshli qurilish materiallaridan, tashqi devorlari 3 qavatli energiyatejamkor materialdan qurilganligi sababli xonadonlar qishda issiq, yozda salqin bo‘lishga mo‘ljallangan inshootga aylandi.

Shuningdek, 160 oilaga mo‘ljallangan ikkita 16 qavatli uy kelgusi yilda yashash uchun tayyor holda topshiriladi.

Bu yerda IT-park ham qurilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda 8 raqamli iqtisodiyot markazlari faoliyat ko‘rsatmoqda, ularda axborot texnologiyalari sohasida yosh mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Ushbu IT-park raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha ishlarning uzviy davomi bo‘lib, u ishga tushirilsa, Qoraqalpog‘istonlik yoshlarga axborot-kommunikasiya texnologiyalari sohasidagi tadqiqotlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochiladi.

2020 yil mamlakatimizda «Fan, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» deb e’lon qilindi. 8 iyun kuni Prezident huzurida o‘tkazilgan ko‘rgazmada hududlarda soha rivojlanishiga sharoit yaratish, Buxoro, Namangan, Nukus, Samarqand, Urganch va Jizzax shaharlarida Toshkentdagi IT-park filiallarini tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan edi.

Nukus shahrida qurilayotgan IT-park 16 qavatdan iborat bo‘lib, uni 2021 yilda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Bu erda axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik, ta’lim, turizm, madaniyat, qurilish va transport sohalarida istiqbolli loyihalar ustida ishlar olib boriladi. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar o‘quv maskani, kovorking markazi, o‘quv va kibersport xonalarida yoshlarga axborot texnologiyalariga doir bilimlar beriladi.

Davlatimiz rahbari 2020 yil 2 oktyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hududning har bir shahar va tumanini rivojlantirish, aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan vazifalarni belgilab bergan edi. Shu maqsadda yangi rivojlanish dasturini ishlab chiqish uchun 37 ming xo‘jalik va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rganilib, muhim masalalar aniqlandi.

Ushbu tahlillar asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2020-2023 yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq, hududda investitsiyani jalb etishni oshirish maqsadida yangi tadbirkorlik sub’yektlariga bir qator soliq imtiyozlari berilmoqda. Bundan tashqari rivojlanishdan orqada qolayotgan Taxtako‘pir, Bo‘zatov, Shumanay tumanlari hamda sharoiti og‘ir 45 mahalla va ovullarda sanoat hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida yangi tashkil etilgan korxonalar ham imtiyozlarga ega bo‘lmoqda.

Mazkur dasturda 17 tuman va shaharning o‘ziga xos «o‘sish nuqta»laridan kelib chiqib, 2020-2022 yillarda umumiy bahosi 12 trillion 300 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 359 investitsion loyiha shakllantirilgan. 523 million dollarlik bevosita xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, deyarli 20 ming yangi ish o‘rinlarini yaratish mo‘ljallangan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga «xom ashyodan tayyor mahsulotgacha» tizimida ishlovchi 27 sanoat klasterini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Dasturda qishloq va suv xo‘jaligi bo‘yicha ham bir qator vazifalar belgilangan. Paxta yetishtirish bekor qilinayotgan 12 ming gektar maydonda eksportbop poliz ekinlarini joylashtirish, foydalanishdan chiqqan 36 ming gektar yerni qayta o‘zlashtirish, «Qaraqalpaq-agro» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish shular jumlasidandir. Kunjut yetishtirish va naslli qoramollar sonini ko‘paytirish, Xo‘jayli tumanini chorvachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, yiliga 2,5 milliard kub metr suvni tejash choralari ko‘riladi. Buning uchun 14 ming 200 kilometr suv havzalarini ta’mirlash, 45 ming gektar ekin maydonida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, suv taqsimlash maskanlarida hisoblagichlar o‘rnatish, 38 ming gektar maydonni lazer yordamida tekislash juda muhim.

Bugungi kun holatiga Investitsiya dasturi va Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari doirasida amalga oshiriladigan 426 ob’yektda 511,0 mlrd. so‘m moliyalashtirilgan bo‘lib, 520,8 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.

2020 yil 30 noyabr kuni Yevropa komissiyasi tomonidan O‘zbekistonga preferensiyalar bosh sistemasi (GSP+) bo‘yicha benefitsiar davlat maqomi berildi.

GSP+ tizimi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Bu tizim xalqaro qadriyatlar va tamoyillar, ayniqsa, inson va mehnat huquqlari asosida rivojlanayotgan mamlakatlarga kambag‘allikni kamaytirish va ish o‘rinlarini yaratishga ko‘mak berishni nazarda tutadi. Ta’kidlash joizki, bunday tizimni ajratuvchilar mavjud bo‘lib, ular Iqtisodiy sheriklik va rivojlanish tashkilotiga a’zo davlatlar AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Kanada, Avstraliya, Shveysariya kabi mamlakatlardir.

GSP+ tizimi tavsiya etilishi uchun benefitsiar mamlakat inson huquqlari, mehnat huquqlari, tabiatni muhofaza qilish va samarali boshqarishga oid 27ta xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilishi zarur.

Bu rejim milliy ishlab chiqaruvchilar uchun qulay shartlarda Yevropa Ittifoqi (YeI) davlatlari bozorlariga kirish imkonini beradi. Bu o‘rinda 513 mln. dan ortiq aholiga ega bo‘lgan hudud bozori haqida fikr yurtilmoqda. Kelgusida O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari YeI mamlakatlariga kiritish mumkin bo‘lgan tovar pozitsiyalarining soni 6200 dan ziyodni tashkil etadi.

Uchinchi Renessans 4-sanoat revolyusiyasi bilan bir paytda yuzaga keladi (1-sanoat revolyusiyasi 18 asr oxirlarida suv va bug‘ quvvati asosida harakatlanadigan qurilmalarning yaratilishi bilan boshlangan, 2-sanoat revolyusiyasi 20 asr boshlarida kuzatilgan, bunda elektr energiyasining kashf etilishi bilan mahsulotlar keng ko‘lamda ishlab chiqarila boshlandi, sanoatning 3-revolyusiyasi yuz bergan XX asrning 70 yillarida ishlab chiqarishni kompyuter dasturlari va elektronika asosida avtomatlashtirish keng yo‘lga qo‘yildi, “Sanoat 4.0” kiber-fizik tizimlar (CPS) ishlab chiqarishga integratsiya qilish orqali aqlli, o‘zini-o‘zi tartibga soluvchi va bir-biriga bog‘liq bo‘lgan sanoat qiymatini yaratishni o‘z zimmasiga oladi). Shu bois u dastlab texnologik revolyusiyani, yuqori rivojlangan raqamli smart (aqlli) iqtisodiyotni talab qiladi. O‘z navbatida, raqamli, smart iqtisodiyotga o‘tish uchun ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiyalash, avtomatlashtirish, robotlashtirish talab etiladi. Shuning uchun OTMlarning barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalariga «Raqamli iqtisodiyot», magistratura mutaxassisliklarining o‘quv rejalariga «Patentshunoslik» fanlarini kiritish zarur. Bu o‘z navbatida yoshlarda innovatsion fikrlash ko‘nikmalarini paydo etishi va uni ishlab chiqarishga (xizmat ko‘rsatishga) joriy etish imkoniyatlarini yaratadi.

Tadqiqotlar soni shuni ko‘rsatadiki, har bir qo‘shimcha ta’lim olish yilida inson daromadini o‘rtacha 10 foizga oshiradi. Bunda ta’lim sifati ham muhim. Masalan, AQShdagi boshlang‘ich maktabning maxsus sinfida kasbiy mahorati past o‘qituvchini o‘rta darajadagi mutaxassisga almashtirish o‘quvchilarga butun umri davomida 250 ming dollargacha umumiy daromad olish imkonini beradi.

Prezidentimizning ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab chiqishlarida faqat yoshlar emas, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilim darajasini oshirish uchun, avvalo, ilm-fanga yuksak ma’naviyat zarur bo‘lib, ilm bo‘lmagan joyda qoloqlik, nodonlik va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish yuz beradi, degan dono fikrlari muqaddas kitobimiz Qur’onning dastlabki suralarida ham “O‘qing”, “O‘qing” deb ilm-fanga alohida urg‘u berilganligi va “Ilm” so‘zining takror va takror qo‘llanilganligi hamda Imom Buxoriy bobomizni “Ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay!” kabi g‘oyalari ushbu shiorning qanchalik zarur ekanligini anglatadi. Shu boisdan Prezidentimiz joriy yildagi Oliy Majlisga murojaatida “Eng katta boylik - bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros - bu yaxshi tarbiya, eng katta kambag‘allik - bu bilimsizlik hisoblanadi!” deb ta’kidlagan edi.

Ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatga yo‘naltirilgan mablag‘ buyuk kelajak uchun kiritilgan investitsiya sanaladi. Ilm-fani rivojlanmagan davlat hech qachon to‘la darajada davlat bo‘la olmasligi bizga uzoq o‘tmish va bugungi davrimizdagi yuksak rivojlangan ilg‘or mamlakatlar tajribasidan ma’lum.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda ilm-fanga berilayotgan alohida e’tibor negizida chuqur ma’no bor. Ilm-fan – bu yangi uyg‘onish davrining poydevori, uning asosida esa o‘sha mamlakat fuqarolarining milliy tafakkuri, milliy g‘oyasi, ertangi kun rivojiga bo‘lgan ishonchi bo‘lib, u jamiyatdagi barqarorlikni ta’minlab beruvchi asosiy omillardan biri sanaladi.

Ilm-fan rivojlanar ekan, faqat iqtisodiyot emas, balki ijtimoiy-madaniy sohaning ham rivojlanishiga kafolat bo‘la oladi, bu kafolat esa o‘z navbatida yangi Renessans davrini aks ettirishiga hech qanday shubha yo‘q.

Axmet Reymov,

Qoraqalpoq davlat universiteti rektori, professor.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar