Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan Chimboy tumani meteostansiyasiga atmosfera havosidan ichimlik suvini ishlab chiqarish “atmosfera suv generatori” (Airaqua - 7 ta tozalash filtridan iborat) qurilmasi tajriba (sinov) tarzida ishga tushirildi.
Bu haqda O‘zgidromet axborot xizmati xabar qilmoqda.
“Mazkur qurilma ichimlik suvi yetib bormagan va yetkazib berish iqtisodiy jihatdan qimmatga tushadigan hududlarga moslashtirilgan. Ushbu innovatsion texnologiya sinov tariqasida yo‘lga qo‘yildi va undan olinayotgan statistik ma’lumotlardan foydalangan holda Respublikamizdagi boshqa meteostansiyalarga o‘rnatish rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Atmosfera suv generatorining afzalligi nimada?
Atmosfera havosi namliklarning ulkan rezervuari ekanligini hisobga olsak, atmosfera suv generatorini o‘rnatish atmosfera suvini ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng samarali qurilma deb hisoblasak bo‘ladi. Shuni ta’kidlash lozimki, ushbu moslama distillangan suvdan ham tozaroq suv olish imkonini beradi.
Qurilma atmosfera havosi namligiga va haroratga qarab kuniga taxminan 12 litrdan 30 litrgacha ichimlik suvi yetkazib berish imkonini beradi. Ko‘p quvvat (1 kVt) talab qilmasligi, ixcham, ekologik toza, foydalanishda texnik jihatdan inson hayotiga xavfsizligi uning qulay jihatlaridan biridir.
Izoh qoldirish