Tojikistondagi suv omborlaridan O‘zbekistonga suv yetib kelishini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqiladi

Tojikistondagi suv omborlaridan O‘zbekistonga suv yetib kelishini ta’minlash mexanizmi ishlab chiqiladi

Joriy yilning 15 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov bilan Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari D.Saidov o‘rtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik yuqori darajada ekanligi e’tirof etildi va turli darajadagi ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish orqali investitsiyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.

Uchrashuv davomida tomonlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport, suv resurslari sohasida va bank-moliya sektorida o‘zaro aloqalarning bir qator dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqib, kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha fikr almashdilar.

Muloqot davomida elektrotexnika va mashinasozlik tarmoqlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega, mintaqa mamlakatlari va uchinchi davlatlar bozorlarida xaridorgir bo‘lgan texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan ikki mamlakat sanoat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishga alohida urg‘u berildi.

Tomonlarning umumiy fikriga ko‘ra, Tojikiston Respublikasining sanoat ob’yektlarida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EEHO va NQAT), shuningdek, tashqi yoritishni masofadan boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi (TYoMBAT) bo‘yicha loyihalarni birgalikda amalga oshirish - istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi.

Tomonlar, shuningdek, mavjud texnik to‘siqlarni izchil ravishda olib tashlash va ikki mamlakat bozorlariga o‘zbek va tojik mahsulotlarining erkin kirib borishini ta’minlash orqali o‘zaro savdo hajmini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha birgalikda ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar. Bu, o‘z navbatida, o‘zaro tovar aylanmasining hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish vazifasini bajarish imkonini beradi. Toshkent va Dushanbe shaharlarida milliy savdo uylari va tarmoq ko‘rgazmalarini tashkil etish ishlarini tezda yakuniga yetkazishga ham kelishib olindi.

Xalqaro moliya institutlari va donorlarning moliyaviy-texnik yordamini jalb etish orqali qator gidrotexnik inshoot hamda ob’yektlarni modernizatsiya qilish va Tojikiston hududidagi suv omborlaridan O‘zbekistonga barqaror hamda o‘z vaqtida suv yetib kelishini ta’minlash mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish rejalashtirildi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakatning asosiy vazirliklari va idoralari rahbarlaridan tashkil topgan qo‘shma ishchi guruhini tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Uning vazifalariga ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishini nazorat qilish, investitsiya hamkorligini kengaytirish uchun ishga solinmagan salohiyatni tahlil etish hamda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish uchun ikki mamlakat bozor sharoitlarini o‘rganish kiradi.

Shuningdek, tomonlar investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, transport va suv-energetika hamkorligi sohalarida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish uchun alohida "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar