Rossiyaning “VEB.RF” korporatsiyasi O‘zbekistonda yangi loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi

Rossiyaning “VEB.RF” korporatsiyasi O‘zbekistonda  yangi loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etadi

Joriy yilning 16 mart kuni hukumat delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Rossiya Federatsiyasining “VEB.RF” Davlat taraqqiyot korporatsiyasi Raisi I.Shuvalov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda joriy hamkorlikning dolzarb masalalari va yaqin kelajakda munosabatlarni kengaytirish rejalari muhokama qilindi.

Uchrashuv chog‘ida tomonlar ilgari kelishilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning joriy holati va uni jadallashtirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar xususida fikr yuritdilar.

Shuningdek, O‘zbekistonda energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati va farmatsevtika sohalarida yangi istiqbolli sanoat kooperatsiyasi loyihalarini o‘rganish orqali investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Korporatsiya rahbari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Loyiha ofisi” faoliyati doirasida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha shakllangan yangi loyihalarni moliyalashtirish masalalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston – Rossiya iqtisodiy hamkorligini ilgari surish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish hamda Rossiya investitsiyalari va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan eng istiqbolli sohalarda yangi takliflarni ishlab chiqish yuzasidan birgalikda ish olib borishni davom ettirishga kelishib oldilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar