Shavkat Mirziyoyev: Agar biz bu xatarga beparvo bo‘lsak, odamlarning sog‘lig‘i va taqdirini xavf ostiga qo‘yamiz, o‘lim soni keskin ko‘payadi

Shavkat Mirziyoyev: Agar biz bu xatarga beparvo bo‘lsak, odamlarning sog‘lig‘i va taqdirini xavf ostiga qo‘yamiz, o‘lim soni keskin ko‘payadi

17 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Bugunga kelib yurtimizda COVID-19 bilan kasallanganlar soni 15 mingdan oshgani, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 8 mingdan ortiq kishi sog‘aygani qayd etildi. Afsuski, ushbu virus tufayli qariyb 80 nafar fuqaro vafot etgan.

– Vaziyat hamon jiddiyligicha qolmoqda. Shuning uchun hech qaysi hudud rahbari bizda ahvol yaxshi, deb, xotirjamlikka berilishga haqqi yo‘q. Hamma joyda kamchiliklar bor. Eng asosiy vazifa – ularni vaqtida aniqlab, xolis baho berib, tezda tugatish chorasini ko‘rishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bir haqiqatni unutmasligimiz zarur: kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, degan gap aynan mana shu koronavirus haqida aytilgan. Agar biz bu xatarga beparvo, beg‘am bo‘lsak, minglab odamlarning sog‘lig‘i va taqdirini xavf ostiga qo‘yamiz, vaziyatimiz yanayam og‘irlashadi. Eng qo‘rqinchlisi, o‘lim soni keskin ko‘payadi.

Eslatish joiz, davlatimiz rahbari o‘zining avvalgi chiqishlarida pandemiyaga qarshi kurash strategiyasi va taktikasini tubdan o‘zgartirish keraklagi haqida gapirgan edi. Bugun ham shu masalaga to‘xtalar ekan, hozirgi pandemiya sharoitiga mos eng kuchli, eng ta’sirchan vositalarni ishga solish zarurligini ta’kidladi.

– Bu kurashda davlat va xususiy tibbiyot tizimi, barcha idoralarning doimo safarbar holatda bo‘lishi va samarali ishlashi, shifokorlarning fidoyiligi, xalqimizning ongliligi bizning asosiy qurolimiz bo‘lishi shart, – deya so‘zida davom etdi Prezident. – Faqat tezkor va muntazam safarbarlik, temir intizom, tibbiy madaniyat, yuksak onglilik bilangina biz bu ofatga qarshi kurasha olamiz.

Bu borada eng katta mas’uliyat hokimlar va sektorlar rahbarlari zimmasida ekani yana bir bor eslatib o‘tildi. Buning uchun ularda o‘z hududlaridagi mavjud vaziyat haqida to‘liq va haqqoniy ma’lumotlar bo‘lishi, ular har kuni, har soatda yangilanib borishi kerakligi ta’kidlandi.

– Hokimlar, sektor rahbarlarining, barcha mutasaddi va mas’ullarning miyasi soat mexanizmiday kunu tun, aniq va bexato ishlashi lozim, – dedi davlatimiz rahbari. – Afsuski, biz ko‘pincha mana shu masalalarda oqsayapmiz. Qo‘limizda aniq ma’lumot, asoslangan tahliliy materiallar yo‘qligi tufayli qabul qilgan qarorlarimiz kutilgan natijani bermayapti. Bu masalada qanday yordam zarur bo‘lsa, marhamat, aytinglar, barchasini hal qilamiz. Chunki maqsad bitta: tezroq bu balodan qutulib, iqtisodiyotimizni, ijtimoiy hayotimizni to‘liq tiklab olishimiz kerak.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar