Davlatning davlatligi, xalqning xalqligi qiyin paytlarda bilinadi. Afsuski, 2020 yil juda og‘ir keldi. Koronavirus balosi, u keltirgan ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz yetmaganidek, bir hafta ichida Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida tabiiy-texnogen ofatlar ro‘y berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkala joyga ham zudlik bilan yetib borib, vaziyatni o‘z nazoratiga olgan edi. “Sabr qilib, og‘irlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam e’tiborsiz qolmaydi”, degan edi Prezident o‘shanda.
Shunday ham bo‘ldi. Avvalo, eng katta og‘irlikni davlatimiz rahbari o‘z yelkasiga oldi. Talafot oqibatlarini bartaraf etib, hayotni tiklash ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. Bu esa jabrdiydalarga kuchli dalda, madad bo‘ldi. Butun xalqimiz birlashdi. Kimdir mablag‘i, kimdir mehnati bilan yordamga keldi.
Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi. Davlatimiz rahbari o‘shanda bu ahvolni ko‘rib, vayron bo‘lgan mahallalarni nafaqat oldingi holatiga qaytarish, balki undan-da yaxshi qilish, hammaning havasi keladigan maskanga aylantirishga va’da bergan edi.
Shu maqsadda uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani “Do‘stlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida 13 oktyabr kuni yana Sirdaryo viloyatiga keldi. Davlatimiz rahbari dastlab Mirzaobod tumanidagi “Haqiqat” mahallasiga tashrif buyurdi.
- Suv toshqini juda katta talafot bo‘ldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi o‘zi bo‘lmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan ta’minlashga erishdik. Eng katta masala - odamlarning ko‘nglidagi g‘ashlik ketdi, ular rozi bo‘ldi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ilgari bu joylardagi ko‘p uylarda tabiiy gaz yo‘q edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham o‘zlarida qoldi.
Davlatimiz rahbari o‘sha qiyin kunlarda butun xalqimiz jipslashib harakat qilganiga katta e’tibor qaratdi.
- Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu yerda Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatning o‘z ko‘chasi bor. Qudratimiz borligiga, birlashsak, mehrli bo‘lsak, ko‘p ishlarni amalga oshirishimizga hamma inondi, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Ko‘p qavatli uylar shinam, hovlilari obod. Bu mahalla «Yangi O‘zbekiston» deb nomlangan.
- «Yangi O‘zbekiston» deyilganida ham ma’no bor. Agar xalqimizga ma’qul bo‘lsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz o‘zgarishi kerak, - dedi Prezident.
Yangi mavzeda mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.
Turar joylarni ekspluatatsiya qilish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Izoh qoldirish