Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning iqtisodiy tafakkuri haqida

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning iqtisodiy tafakkuri haqida

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning nomlari berilgan masjidning ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganidek, Hazrat umrini xalqimizga diniy ma’rifat tarqatishga sarflagan buyuk ulamo edi.

Hazratdan islom olamiga ulkan ilmiy-ma’naviy xazina meros bo‘lib qoldi. U kishining diniy qarashlari haqida juda ko‘p yozilgan va yozilmoqda. Biroq buyuk allomaning iqtisodiy tafakkuri ham aynan shunday yuksak darajada bo‘lganligi ko‘pchilikka unchalik ma’lum emas.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufdan iqtisodiy sohada topgan ilk asarim 1991 yili 28 fevralda “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilingan “Bozordan cho‘chishning hojati yo‘q” nomli maqola bo‘ldi.

E’tibor bering, SSSR deb atalmish davlat hali bor, yurtimiz unga qaram, biz hali sotsialistik tuzum davrida yashayapmiz. Bozor iqtisodiyotidan xalqning hali uncha xabari yo‘q. Hatto, biz, ya’ni iqtisodchi olimlarning bu boradagi fikrlarimiz ham uzuq-yuluq, tasavvurimiz yetarli emas. Lekin matbuotda bozor iqtisodi haqida maqolalar chop qilina boshlagan. Ana shunday paytda katta diniy ulamoning O‘zbekistonning eng nufuzli gazetalaridan birida bozor iqtisodiyoti haqida maqola e’lon qilishi ko‘pchilikni taajjub va hayratga solgani aniq.

“Ayni paytgacha bozor iqtisodining har xil omillari haqida qayta-qayta gapirilib, turli sharhlar ham qilinmoqda”, deyiladi mazkur maqolada. Ammo bozorning haqiqiy omili – insoniy omil haqida hech kim gapirmaydi. Axir, bozor iqtisodini amalga oshiruvchi, undan foyda yoki zarar ko‘ruvchi ham inson-ku!

Ko‘rinib turibdiki, bozor iqtisodining asosiy harakatlantiruvchi kuchi ham, u inson yaxshi yashashi uchun o‘ylab topilgan tizim ekanligi ham shunday sodda va tushunarli usulda bayon etilyapti.

“Haqiqatni aytganda”, davom etiladi maqolada, “to‘g‘ri yo‘lga o‘tib olish qiyin bo‘ladi. Inson o‘zini taniganidan buyon rivojlanib, shakllanib kelayotgan bozor iqtisodiga endi o‘tmoqchimiz. Yo‘l boshida turganimizda bobolarimizning bu ishga munosabatlari qandoq bo‘lgan, buni qandoq yo‘lga qo‘yganlar – shunga o‘xshash savollarga javob topish maqsadida duru gavhardan aziz ulkan madaniy merosimizga murojaat qilsak, deb o‘ylayman. Bizning ota-bobolarimiz bu sohada o‘ziga xos tenglama ishlatganlar: Alloh + inson + modda + vaqt = iqtisodiy ravnaq”.

Hazrat bu o‘rinda sho‘rolar hukmronlik qilgan uzoq davrda iqtisodiy qonun-qoidalardan chetga chiqib ketganligimiz, iqtisodimiz noto‘g‘ri tashkil etilganligi, ongu-shuurimiz ham sho‘roviy aqidalarga qaram bo‘lganligi tufayli bozor iqtisodining to‘g‘ri yo‘liga o‘tib olishimiz qiyin bo‘lishini bashorat qilyaptilar.

Va o‘tgan 31 yillik hayotimiz Hazratning bu fikrlari qanchalik to‘g‘ri ekanligini, ya’ni bozor iqtisodini barpo etish o‘ta katta qiyinchiliklar bilan yuz berishini yaqqol isbotladi.

Shayx Hazratlarining bobolarimizning bozor iqtisodini qanday tashkil etganliklarini o‘rganish kerakligi to‘g‘risidagi fikrlari ham mutlaqo to‘g‘ri. Axir ajdodlarimiz bozor iqtisodi hukmron bo‘lgan asrlarda o‘z tadbirkorlik va ishbilarmonliklari bilan dunyoni hayratga solishgan!

“Islom aqidasi bo‘yicha”, deyiladi mazkur maqolada, “dunyodagi hamma ish Alloh taologa borib taqaladi. Usiz hech narsa bo‘lmaydi. Shu bilan birga, Allohga iymon insonni yaxshi ishlarga chorlaydi. U iqtisodga adolat, omonat, halollik ma’nolarini berib, ochko‘zlik, sudxo‘rlik, harom va adolat-sizliklardan chetlatadi”.

E’tibor beringki, ushbu o‘rinda yaxshi tadbirkor qanday sifatlarga ega bo‘lish kerakligi bayon etilyapti.

Hazrat bozor munosabatlarining ildizlari haqida so‘z yurita borib, yuqorida ta’kidlab o‘tgan tenglamalaridagi ikkinchi omil, ya’ni inson haqida, u bilan bozor iqtisodining chambarchas bog‘liqligi haqida atroflicha so‘z yuritganlar.

Shayx Hazratlari inson iqtisodni rivojlantirish uchun sabab ekanligi, bozor iqtisodi uning harakati bilan amalga oshishi haqida alohida ta’kidlayaptilar.

Shu o‘rinda Hazratning bozor iqtisodi o‘z-o‘zidan rivojlanib ketavermasligi va u yordamga muhtojligini chuqur his qilganliklarini ifodalovchi fikrlarini o‘qib lol qolasan: “Davlat esa bu ishlarni turli usullar bilan quvvatlab turishi kerak”.

Davlatning bozor munosabatlari sharoitida ham iqtisodni qo‘llab-quvvatlashi zarurligi haqidagi bu fikrlar aytilgan pallalarda, ya’ni 1991 yilning fevral oyida jahon iqtisodchilari orasida “bozorga o‘tish bilan hamma masala o‘z-o‘zidan hal bo‘lib ketaveradi, u o‘zini o‘zi stixiyali ravishda boshqaraveradi, davlat unga mutlaqo aralashmasligi, qo‘llab-quvvatlamasligi kerak”, — degan aqidalar hukm surar edi. Bunga ishonib, o‘z iqtisodiy siyosatini tashkil etgan davlatlar tezda og‘ir ahvolga tushib qolganliklari hali esimizda.

Hazrat qayd etgan tenglamadagi uchinchi omil dehqonchilik, chorvachilik, sanoat, konchilik, dengizchilik, hunarmandchilik kabi turli moddiy narsalardan iborat.

Islomda dehqonchilik bilan bir qatorda sanoat va hunarmandchilik bilan ham shug‘ullanish zarurligi uqtirilganligi e’tiborni tortadi.

To‘rtinchi o‘rinda qayd etilgan vaqt omilining ham ahamiyati katta. Islom aqidasi bo‘yicha inson umridagi vaqtning har bir daqiqasi uchun Allohning oldida javob beradi. Shuning uchun uni doimo foydali, samarali ishlarga sarflash zarur.

Yuqoridagi omillarning mavjudligi o‘z-o‘zidan iqtisodiy taraqqiyotga olib kelaveradimi, degan savol tug‘iladi. Hazrat bu savolga: “Yo‘q! Bu omillar ilmiy asosda, o‘zaro to‘g‘ri aloqada rivoj topmog‘i va ro‘yobga chiqmog‘i zarur”, —deb javob beradilar.

Shu o‘rinda yana maqoladan iqtibos keltirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman: “Misol uchun”, deyiladi maqolada, “tajribali dehqon, bo‘liq yer, urug‘ va asbob-anjomlar mavjud. Lekin yer nimayu, urug‘ nimaligini tuzukroq tushunmaydigan “rahbar” yuqoridan ko‘rsatmalar berib tursa, hech narsa bo‘lmaydi”. Bunday salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilish kerakligiga ham Hazratning o‘zlari javob beradilar: “Demak, dehqonga erk berish kerak, nimani qayerga, qachon, qandoq ekishni va ishlov berishni o‘zi biladi”.

Yaqin o‘tmishimizda bu fikrlardan bexabar ayrim amaldorlar dehqonlarga noto‘g‘ri ko‘rsatmalar berib, ba’zi joylarda dehqonchilikka foyda emas, zarar yetkazganliklari ko‘pchiligimiz uchun sir emas.

Maqolada inson mehnatidan samara ko‘rishi kerakligi, buning uchun mahsulot yaratuvchiga mahsulotini erkin sotish imkonini berish lozimligi ham qayd etiladi. Bu zamonaviy bozor iqtisodining o‘ta muhim qoidalaridan biri ekanligini bugun iqtisodchilikka o‘qiyotgan toliblar ham bilishadi. Lekin bu 1991 yilning boshida bozor iqtisodiyotiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rayotgan davlatlar uchun inqilobiy ahamiyatga ega xulosa edi!

Shayx Hazratlari bozor iqtisodida halollik o‘ta zarur ekanligiga juda katta ahamiyat beradilar: “Shu o‘rinda, bozor iqtisodidagi eng muhim omil-lardan biri – savdoda Islom qattiq man qilgan harom ishni eslatib o‘tish zarur. U ham bo‘lsa, “ehtikor” – narxni sun’iy ko‘tarish uchun urinishdir. Bu ishning har qanday ko‘rinishi harom, katta gunoh”.

Jahonning aksariyat davlatlari narxni sun’iy ravishda oshirishlarning oldini olish uchun maxsus tashkilotlar tuzganliklari va mazkur idoralar bu borada juda ko‘p tadbirlar o‘tkazayotganliklari Hazratning bozor iqtisodi nazariy va amaliy asoslarini juda chuqur bilishiga yana bir yaqqol isbotdir.

Jamiyatda moddiy ne’matlarning har ehtimolga qarshi muayyan dara-jadagi zaxiralari bo‘lishi zarurligi ham maqolada o‘z ifodasini topgan: “Shu bilan birga, jamiyat foydasini ko‘zlab, kelajakdagi qiyinchiliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida rejali ravishda kerakli mahsulotlarni saqlab qo‘yish nafaqat mumkin, balki zarur”.

SSSRning oxirgi yillaridagi iqtisodiy qiyinchiliklar, bo‘m-bo‘sh do‘konlar, o‘ta yuqori inflyasiya darajasi kabi salbiy holatlar hali ko‘pchi-likning esidan chiqmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Ana shunday og‘ir sharoitda hukumat bu borada nima ishlarga tayyor turishi kerakligi ham Hazratga ma’lum bo‘lgan: “Hozirgi holatda o‘zimizni o‘zimiz kerakli barcha narsalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rishimiz shart. Barcha zaruriy narsalarni muhayyo etishni esa o‘zimizdan boshqa hech kim biz uchun qilib bermaydi. Hatto Alloh taolo ham o‘z nafsini o‘zi o‘zgartirmagan qavmning holini o‘zgartirmasligi “Qur’oni Karim”da aytilgan.

Shuning uchun ham avvalo ichki imkoniyatlarni ishga solish kerak. Yerlardan to‘liq foydalanib, bug‘doy, sholi, arpa kabi ekinlarni ko‘proq ekish zarur”.

Ekin maydonlarimizning asosiy qismiga paxta ekishga majbur qilib, ehtiyojimiz uchun zarur don-dunni boshqa respublikalardan jo‘natib turgan sho‘rolar tuzumi 1991 yili barham topishi bilan Hazratning o‘zimizni o‘zimiz ta’minlashga tayyorlanishimiz kerak, degan bashoratlari darhol isbotlandi!

Maqolaning ayrim joylarini o‘qiganda, kishida Shayx Hazratlari 1991 yilning boshidayoq yaqinda mustaqillikka erishishimizni his qilganliklari va iqtisodimizda birinchi galda qanday o‘zgarishlar qilishimiz kerak, degan savollarga javoblar berganliklari haqida tasavvur paydo bo‘ladi. Masalan, maqolada ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatishning savdo, hunarmandchilik, kichik korxonalar, transport kabi qator turlari xususiy bo‘lishi kerakligi haqida fikrlar bor. Chorvachilikni jadal rivojlantirish, ayniqsa, uni ozuqa bazasi bilan mutanosib ravishda ta’minlash, xalq hunarmandchiligiga alohida e’tibor berish, turli-tuman taqiqlarni kamaytirish, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, jamiyatning muhtoj tabaqalariga yordam berish, tejamkor bo‘lish, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik va xalqni bozor iqtisodiga tayyorlash zarurligi bo‘yicha ham tavsiyalar berganlar.

Xullas, hajmi unchalik katta bo‘lmagan mazkur maqolaning ahamiyati juda ulkan. Uning har bir satri chuqur va puxta o‘ylangan fikrlardan iborat.

Hazratning bu maqolalarini o‘qiganimdan keyin uzoq vaqt uning ta’siri ostida yurdim. Buyuk ulamoning buyukligi iqtisodiy tafakkurlarida ham yaqqol ko‘rinib turganligiga iymon keltirdim.

Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Hazrat qoldirgan ulkan meros ichida iqtisodiyotga daxldor fikrlar ham mavjud. Bundan tashqari, u kishining “Bozor va unga bog‘liq masalalar” nomli alohida risolalari ham bor. Mazkur kitobda tijorat, uning odoblari, savdo ilmi, ehtikor (monopoliya), narxni ko‘p oshirmaslik, xaridor bilan go‘zal muomalada bo‘lish, qalbaki pulni ishlatmaslik, tarmoqli savdo, shartnoma, kelishuv, shirkatlar, pul birliklarini bir-biriga sotish, qiymatni oldindan berish savdosi kabi bozor iqtisodiyotining o‘ta muhim va dolzarb masalalari haqida atroflicha fikr yuritiladi.

Xullas, buyuk ulamoning iqtisodiy tafakkurini chuqur o‘rganish va undan unumli foydalanish Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy masalalarini hal etishda muhim vosita bo‘lib xizmat qila oladi.

Odil Olimjonov,
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, i.f.d., professor
"Iqtisodiy sharh" jurnali №4/2023


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar