ShHT davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan doiradagi uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi

ShHT davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan doiradagi uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi

ShHT davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan doiradagi uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Ushbu sammit — tarixiy voqea. Bu tashkilot kelajagi va ShHT mintaqasi taqdirini belgilab beradigan qo‘shma qarorlar qabul qilish imkoniyatidir. O‘zbekiston Tashkilotga raisligi davrida 80 dan ziyod yirik tadbirlarni o‘tkazdi. Pandemiya va boshqa muammolarga qaramay har tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlari va sohalari qamrab olindi.

40 dan ortiq bitim va qarorlar: o‘zaro hamorlik, sanoat kooperatsiyasi, yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish va savdo sohasidagi konsepsiyalar va dasturlarni o‘z ichiga olgan hujjatlar paketi to‘plami imzolash uchun tayyorlandi. ShHT katta oilasiga yangi a’zolar — muloqot bo‘yicha kuzatuvchi va hamkorlar qabul qilinmoqda. Bu Yevroosiyoda ko‘p qirrali hamkorlikni tubdan kengaytirish uchun imkoniyatdir.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT Davlat rahbarlari Kengashi Majlisining ochilishidagi nutqidan asosiylari:

“Qadimiy va mehmondo‘st Samarqand shahrida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar, kuzatuvchi mamlakatlar rahbarlarini, faxriy mehmonlarimiz va xalqaro tashkilotlar vakillarini shaxsan qabul qilish sharafiga muyassar bo‘lganimdan mamnunman”, dedi Prezidentimiz so‘zining avvalida.

Shavkat Mirziyoyev anjumanda birinchi marotaba ishtirok etayotgan davlat rahbarlari – Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedovni samimiy qutladi.

O‘zbekiston ShHTga raislik davrida tashkilot doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga intilgani ta’kidlandi.

Xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga ustuvor e’tibor qaratildi. Tashkilot faoliyatining barcha sohalarida ko‘plab tashabbuslar amalga oshirildi.

“Pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, Raislik rejasini birgalikda to‘liq amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldik. 80 dan ortiq yirik tadbirlar o‘tkazildi. Hamkorlikdagi sa’y-harakatlarimiz bugun qabul qilingan 40 dan ortiq hujjatda o‘z ifodasini topgan”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentimiz dunyoda ishonch va o‘zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko‘plab tahdidlar kuchayganini ko‘rsatib o‘tdi.

Uning fikricha, iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

“O‘zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global miqyosda tobora ortib bormoqda. Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko‘proq talab etilmoqda. Tashkilotimiz faoliyati shunday muloqotni amalga oshirish mumkinligini dunyoga namoyon etmoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

ShHT ochiqlik va bloklarga qo‘shilmaslik tamoyillariga qat’iy sodiqligi tufayli ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda chuqurlashtirayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz ShHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlarimiz rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Eron Islom Respublikasining Tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

Misr Arab Respublikasi va Qatar Davlatiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomi berildi.

Belarus Respublikasiga ShHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt Davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish jarayonlari boshlanadi.

“ShHTning geografik qamrovi kengayayotgani o‘z misolida samaradorlik, o‘zaro bir-birini tushunish va amaliy sa’y-harakatlarni namoyish etayotgan Tashkilotimiz faoliyatining dolzarbligini yana bir tasdiqlamoqda”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston tashkilotning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish muhim ekanini qayd etdi.

“Biz xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qat’iy rioya qilamiz. ShHTning faoliyati keng hamkorlikka yo‘naltirilgan bo‘lishi lozim. Markaziy Osiyo ShHTning "geografik yadrosi" maqomini saqlab qolishi kerakligiga ham ishonchimiz komil”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

ShHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishish mumkinligi, ushbu dasturulamal hujjat ko‘p qirrali hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi, ShHTni uzoq muddatli rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi lozimligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz, avvalo, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish g‘oyat muhim ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston ShHT mamlakatlari iqtisodiyotlarining bir-birini o‘zaro to‘ldirib borishdagi afzalliklarini hisobga olgan holda, mavjud salohiyatni maksimal darajada oshirishdan manfaatdor. Shu munosabat bilan ShHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash asosida sanoat va texnologik hamkorlikning umumiy makonini shakllantirish taklif etildi.

Mamlakatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash va amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishish maqsadida O‘zbekistonda ShHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazish taklifi ilgari surildi.

O‘zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida ShHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdori.

Har yili ShHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish, uning asosida yagona elektron platforma yaratish taklif etildi.

Prezidentimiz ishtirokchilarning e’tiborini mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari bo‘lishiga qaramasdan, ShHT maydonchasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha hali jiddiy hamjihatlik yo‘lga qo‘yilmaganiga qaratdi.

“Davlatlarimiz salohiyati ichki bozorlarni boshoqli ekinlar, chorvachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, asosiy oziq-ovqat turlari hamda zarur o‘g‘itlar bilan muntazam ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, biz ushbu muammoni global darajada hal qilishga hissa qo‘shishimiz kerak”, dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zaro ta’minotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, "yashil" va ekspress-yo‘laklarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratishga chaqirdi.

Ushbu hayotiy masalalarni keng muhokama qilish maqsadida kelgusi yili Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazishni taklif etildi.

Bugun qabul qilinayotgan ShHTning O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va samarali transport yo‘laklarini yaratish konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish maqsadida Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkilotining qo‘llab-quvvatlashi ostida Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etishni taklif qildi.

Sammit doirasida Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama Bitimning imzolanishini tarixiy voqea deya baholab, Shavkat Mirziyoyev strategik jihatdan yana bir muhim loyiha – Termiz–Mozori Sharif-Kobul–Peshovar temir yo‘li koridori qurilishini ham qo‘llab–quvvatlashga chaqirdi.

Transport va kommunikatsiyalar sohasidagi barcha istiqbolli loyihalarni kelgusi yili O‘zbekistonda ShHT Birinchi transport forumi doirasida muhokama qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Kun tartibidagi ekologik muammolar alohida dolzarblik kasb etmoqda.

“Barchamiz uchun hayotiy o‘ta muhim bo‘lgan ushbu sohada amaliy hamkorlikning yangi mexanizmlari va shakllari zarurdir”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

O‘z tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan ShHT Iqlim kengashini tuzish taklif qilindi.

Xavfsizlik sohasidagi samarali hamkorlik ShHT rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi samaradorligini oshirish, jumladan, xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlardan ogohlantirish va ularga tezkorlikda munosabat bildirishga oid shartnomalar asosida ushbu tuzilmaning faoliyatini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Mamlakatlarimizdagi vaziyatni baholash va bugungi voqelikni hisobga olgan holda majmuaviy qarorlar qabul qilish uchun Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi kengashining yillik sayyor yig‘ilishlari amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish uchun qo‘shma platformani yaratish vazifasi tobora dolzarb bo‘lib borayotgani qayd etildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish ShHTning eng ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolishi lozim.

“Shuni ta’kidlashni istardimki, afg‘on xalqi yaxshi qo‘shnichilik yordamimizga har qachongidan ham ko‘proq muhtojdir. Biz o‘tmishdagi xatolarni takrorlamasligimiz va Afg‘onistonni uning muammolari bilan yolg‘iz qoldirmasligimiz lozim.

Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg‘onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun platsdarmga aylantiradi.

Shu bois biz Afg‘oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo‘yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz”, dedi Prezident.

Afg‘onistonni gumanitar qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus fondni mazkur mamlakatga chegaradosh bo‘lgan Termiz shahrida – u yerdagi mavjud transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalangan holda, birgalikda ta’sis etish taklif qilindi.

Fond mablag‘lari ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta’lim dasturlari va sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz madaniy-gumanitar aloqalar an’anaviy ravishda hamkorligimizning mustahkam asosi ekanini ta’kidladi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va bir-birini o‘zaro to‘g‘ri tushunish ShHT mintaqasidagi tinchlik va keng qamrovli sheriklikning garovidir.

Bugun qabul qilinayotgan Uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish bo‘yicha kompleks reja aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

ShHT doirasida universitet rektorlari forumi, madaniyat va turizm kunlari, qo‘shma sport tadbirlari va universiadalar singari qo‘shimcha formatlarni ta’sis etish zarurligi qayd etildi.

Madaniyatlararo muloqotning raqamli platformalarini ishga tushirish taklif etildi.

O‘zaro turistik oqimlarni ko‘paytirish, sayyohlik sohasida qo‘shma dasturlar va loyihalarni amalga oshirish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu ustuvor yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirish uchun davlatimiz rahbari kelgusi yilni ShHT makonida turizmni rivojlantirish yili, deb e’lon qilishni taklif etdi.

“Samarqand – biz ShHTni tuzishda asos qilib olgan bag‘rikenglik va turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida hayotga tatbiq etilgan jonli namunadir”, dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda geosiyosiy raqobat, mafkuraviy ziddiyat va bahslardan xoli bo‘lgan bunday muloqot favqulodda zarurligi bois O‘zbekiston sheriklarga umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusini taqdim etadi.

Bu tashabbusning maqsadi – bizning umumiy kelajagimizga befarq bo‘lmagan, ixtiloflarga qaramasdan kelishilgan yondoshuvlar va qarorlarni izlashga tayyor, "Samarqand ruhi" tamoyillariga hamfikr bo‘lganlarning barchasini global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb qilishdir.

Uning amaliy ijrosiga doir masalalarni siyosiy yetakchilar, jamoatchilik, ishbilarmonlar, akademik va ekspert doiralarining nufuzli vakillari ishtirokida kelgusi yili Samarqand xalqaro forumida birgalikda ko‘rib chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida O‘zbekiston raisligidagi maqsadlarga erishishda faol ko‘mak uchun hamkasblariga samimiy minnatdorlik bildirdi.

“Ishonchim komilki, bugun qabul qilinayotgan hujjatlar va qarorlar mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligi yo‘lida mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Shanxay hamkorlik tashkiloti yanada izchil rivojlanishiga hamda Tashkilotimiz nufuzining yuksalishiga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi”, dedi Prezidentimiz.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT mamlakatlari nomidan xalqaro hamjamiyatni Pokistondagi tabiiy ofatning keng ko‘lamli salbiy oqibatlarini bartaraf etish uchun ushbu mamlakatga imkon boricha gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

Yig‘ilishda shuningdek, Qog‘oziston Prezidenti Tokayev, Hindiston bosh vaziri Modi, XXR raisi Si Szinpin, Qirg‘iziston Prezidenti Japarov, Pokiston bosh vaziri Sharif, Rossiya prezidenti Putin va Tojikiston Prezidenti Rahmon so‘zga chiqdi.

Material to‘ldirib boriladi


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar