ShHTning aqliy markazlar konsorsiumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

ShHTning aqliy markazlar konsorsiumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahri. 2020 yil 20-21 avgust kunlari Nyu-Dehli (Hindiston) mintaqaviy savdo markazi tomonidan tashkil etilgan videokonferensiya shaklida ShHTga a’zo davlatlar iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Konsorsium Reglamentiga muvofiq, uning majlislari yiliga bir marta ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari (Bosh vazirlari) ishtirokida kengashga raislik qiluvchi davlat hududida o‘tkaziladi. 2020 yilda ShHTga a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashining yig‘ilishi Hindistonda o‘tkazilish munosabati bilan Konsorsium yig‘ilishi Nyu-Dehli shahrida bo‘lib o‘tishi mo‘ljallangan edi.

Malumot uchun: ShHTda iqtisodiy tahlil markazlarining o‘zaro hamkorligi masalalari bo‘yicha alohida tuzilma mavjud emasligini hisobga olib, Xitoy tomonining tashabbusi bilan XXR Savdo vazirligining Xalqaro savdo va iqtisodiy hamkorlik akademiyasi vakilligida ShHTga a’zo barcha davlatlarning iqtisodiy tahlil bilan shug‘ullanuvchi aqliy markazlari konsorsiumini tashkil etish taklif qilindi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga azo davlatlar Hukumat rahbarlarining Toshkent shahrida o‘tkazilgan kengashida 2019 yil 2 noyabrdagi qarori bilan Shanxay hamkorlik tashkiloti Iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumini tashkil qilish Reglamenti tasdiqlangan edi.

Konsorsium ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikda tadqiqotlar va faoliyat olib borish hamda mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun ShHTga a’zo davlatlar iqtisodiy tahlil markazlarining salohiyatini birlashtirishga mo‘ljallangan. Konsorsiumda ShHTga azo har bir davlatdan faqat bitta ilmiy markaz yoki tashkilot qatnashishi mumkin.

Tadbirdan maqsad, ShHT mamlakatlarining tahliliy iqtisodiy markazlari tomonidan Konsorsiumning kelgusi yil uchun ish rejasini (Dehli harakatlar rejasi – qabul qilingan shahar nomidan) muhokama qilish edi. Yig‘ilishni Hindiston mintaqaviy savdo markazining rahbari, professor Ram Upendra Das olib bordi. Uchrashuvda O‘zbekiston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikistonning iqtisodiy tahlil markazlari rahbarlari va vakillari, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov ishtirok etishdi. ShHT Bosh kotibi Vladimir Norov Konsorsium ishtirokchilariga tabrik nutqi bilan murojaat qilib, Iqtisodiy tahlil markazlari konsorsiumi ShHTga a’zo davlatlar uchun yangi rivojlanish yo‘nalishi ekanligini ta’kidladi.

ShHT Bosh kotibi, shuningdek, koronavirus infeksiyasining tarqalishi tashkilotning ko‘plab ekspert mexanizmlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatganligini, shu munosabat bilan ShHT mamlakatlari ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatish, shu jumladan, ShHT mamlakatlari iqtisodiyotini inqirozdan keyingi davrda tiklash bilan bog‘liq masalalarni o‘rganish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar 8 ta mavzu bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar olib borishni ko‘zda tutuvchi Harakatlar rejasi loyihasini muhokama qilishdi. Bunda har bir tadqiqot bitta markaz tomonidan olib boriladi va u boshqa barcha markazlarning tadqiqot va tahliliy materiallarini jamlaydi. Natijada, loyiha o‘z yakuniga yetgach, har bir markaz barcha hisobotlarni olib foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa ilmiy-tadqiqot markazlarining qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish imkoniyatlarini oshiradi.

Tadqiqot doirasida har ikki oyda bir marotaba onlayn-seminarlar o‘tkazilib, unda tadqiqotlarning borishi va oraliq natijalar muhokama qilib boriladi, shuningdek, kelgusi ishlar bo‘yicha fikrlar almashiladi. Konsorsium ishtirokchilariga so‘zlagan nutqida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, shuningdek, olib borilayotgan islohotlar natijalari haqida ma’lumot berdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbari ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida yanada yaqin hamkorlik o‘rnatishga katta ehtiyoj mavjudligi, Konsorsiumning birinchi yig‘ilishi naqadar muhim ekanligidan dalolat berishini ta’kidladi.

Obid Hakimov Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining Konsorsiumdagi ishtiroki, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida ShHT mamlakatlarining iqtisodiy tahlil markazlari bilan boshqa ustuvor mavzular bo‘yicha ham qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish uchun foydali ekanligini ta’kidlab Konsorsiumning kelgusi davr uchun ish rejasiga qo‘shishni taklif qildi.

Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, elektron tijorat masalalari, tashqi savdoni rag‘batlantirish kabi sohalarga e’tibor qaratdi. Konsorsium ish rejasiga muvofiq tomonlar raqamli iqtisodiyot, innovatsiya va yangi texnologiyalar, transport va kommunikatsiya, turizm, kambag‘allikni qisqartirish, bojxona va savdo standartlarini uyg‘unlashtirish, oziq-ovqat xavfsizligi, kichik va o‘rta biznes, korrupsiyaga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

Yig‘ilish natijalariga ko‘ra, bir necha kun ichida tasdiqlanadigan Konsorsiumning kelgusi yil uchun ish rejasi (Dehli harakatlar rejasi) loyihasi kelishib olindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar