Soliq organlari tomonidan 7 483 ta sub’yektlarning bank operatsiyalari sud qarorlarisiz 10 kundan ko‘p muddatga to‘xtatib qo‘yilgan

Soliq organlari tomonidan 7 483 ta sub’yektlarning bank operatsiyalari sud qarorlarisiz 10 kundan ko‘p muddatga to‘xtatib qo‘yilgan

Hisob palatasi xulosasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 111-moddasida "soliq to‘lovchining (soliq agentining) bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining rahbari (rahbar o‘rinbosari) tomonidan o‘n kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga, o‘n kundan ko‘p muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qaror soliq organining iltimosnomasiga asosan sud tomonidan qabul qilinishi mumkinligi belgilangan.

Biroq, o‘rganishlarda 2020 yilning 24 sentyabr holatiga soliq organlari tomonidan 7 483 ta sub’yektlarning bank operatsiyalari sud qarorlarisiz 10 kundan ko‘p muddatga to‘xtatib qo‘yilganligi aniqlangan.

Tadbirkorlik sub’yektlarining bank operatsiyalarini to‘xtatish muddati 10 kundan ko‘p bo‘lgan hollarda sud qarori mavjud bo‘lmasa, banklar tomonidan soliq organining qarorlarini bajarishni davom ettirish yoki bekor qilish tartibi Soliq kodeksining 113-moddasida aniq belgilanmagan.

Xususan, 111-moddaning birinchi qismida soliq organi qarori bilan bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalari to‘xtatilgan sub’yektlarning operatsiyalari sud tomonidan qaror qabul qilingunga qadar to‘xtatib turilishi belgilangan.

Biroq, soliq organi o‘n kunlik muddat tugagunga qadar sudga iltimosnoma bilan murojaat etmagan holatlarda, bankning operatsiyalarini to‘xtatib turish jarayonini davom ettirish yoki bekor qilish tartibi yoritilmagan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Soliq kodeksining 111-moddasi birinchi qismini quyidagi xatboshi bilan to‘ldirish taklif etiladi:

– Agar soliq organi qaror qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kun muddatda sudga iltimosnoma bilan murojaat etmagan va bu haqda tijorat banki xabardor qilinmagan taqdirda, soliq to‘lovchining hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar to‘xtatilmagan deb hisoblanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar