Surxondaryo viloyatining 2022 yilning yanvar-iyun oylaridagi investitsiya ko‘rsatkichlari tahlili

Surxondaryo viloyatining 2022 yilning yanvar-iyun oylaridagi investitsiya ko‘rsatkichlari tahlili

Asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar. Asosiy kapitilga kiritilgan investitsiyalar hajmi 5 422 mlrd so‘m (2021 yilga nisbatan 101,4%) bo‘lib, Respublikadagi ulushi 4,3% (hududlar orasida 11-o‘rin)ni tashkil qilgan.

Viloyatda investitsiyalar o‘zlashtirilishida keskin differensiallik saqlanib qolgan. Xususan, kiritilgan investitsiyalarning 45,1 foizi viloyatning 3 ta hududi - Termiz shahri (17,1%), Boysun (14,3%), Denov (13,7%) tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qumqo‘rg‘on (4,6%), Angor (4,4%), Sho‘rchi (4%), Muzrabot (3,1%), Oltinsoy (3,1%), Bandixon (2,2%), Qiziriq (2,2%), Uzun (2,1%) tumanlarida investitsiyalar oqimining pastligi kuzatilgan.

1-rasm. Tuman (shahar)lar kesimida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar ulushi

Hududlarda amalga oshirilayotgan yirik investitsion loyihalar natijasida asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan Bandixon (1,9 baravar o‘sish), Jarqo‘rg‘on (1,5 baravar), Termiz (1,5 baravar) tumanlarida keskin o‘sish darajasini qayd etgan. Lekin, Qiziriq (76,3%), Qumqo‘rg‘on (68,5%), Sariosiyo (61,4%) Muzrabot (61%) tumanlarida investitsiyalar oqimining pasayishi tendensiyasi kuzatilgan.

Viloyatda jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning o‘rtacha hajmi 1 966,5 ming so‘m (Respublika ko‘rsatkichidan 1 595,1 ming so‘m kam), o‘sish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 99,1%ni tashkil qilgan holda Respublika hududlari orasida 10-o‘rinni egallagan.

Tuman (shahar)lar kesimida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha Termiz (6,6 mln so‘m), Boysun (6,5 mln so‘m) tumanlari va Termiz shahri (4,9 mln so‘m)ning ko‘rsatkichi viloyat ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan. Uzun (3,2 baravar past), Oltinsoy (2,2 baravar), Qiziriq (2 baravar), Sho‘rchi (2 baravar), tumanlari ko‘rsatkichining viloyat ko‘rsatkichiga nisbatan ancha pastligi qayd qilingan.

Jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy vositalarga kiritilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha ham tumanlar o‘rtasida keskin tavofutning mavjudligi kuzatilgan. Jumladan, eng yuqori ko‘rsatkich qayd qilingan Termiz shahrida jon boshiga to‘g‘ri keladigan asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiya hajmi Uzun tumaniga nisbatan 8,2 baravarga ziyoddir.

Tahlil qilinayotgan davr mobaynida viloyat bo‘yicha asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalarning 48,2 fozi chet el investitsiyalari hisobidan, 32,3 foizi –korxona va aholining o‘z vositalari hisobidan, 10 foizi- davlat byudjeti, 8,2 foizi – banklarning krediti va boshqa qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

Furqat Islomov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Qashqadaryo filiali yetakchi ilmiy xodimi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar