Tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratiladi

Tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarning mini-texnologiya va uskunalar xarid qilishi uchun subsidiya ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 yanvar kuni yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash omillaridan biri ularni talab etilayotgan kasb bo‘yicha ixtisoslashtirishdir. Yig‘ilishda shu paytgacha ishsiz aholi va bo‘sh ish o‘rinlari o‘zaro uyg‘unlikda ko‘rib chiqilmagani tanqid qilindi.

Masalan, Toshkent shahrida 26 ming yosh ishsiz. Ayni paytda bu yerda 77 mingta vakant bor, shundan 45 mingtasiga oliy ma’lumot talab etilmaydi. Davlatimiz rahbari yoshlarni kasbga o‘qitish orqali malaka toifasini berib, shunday vakant o‘rinlarga joylashtirish mumkinligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 13 oktyabrdagi “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, diplomi yo‘q, lekin amaliy ko‘nikmasi bo‘lgan ishsiz yoshlarni, malakani baholash markazlarida o‘qitib, sertifikat berish tizimi joriy etildi.

Shundan kelib chiqib, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga “Ishga marhamat” monomarkazlarida, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari va yirik sanot tarmoqlarida malakani baholash markazlari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Bu orqali joriy yilning o‘zida 30 ming yigit-qizga malaka sertifikati berib, ularning bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida o‘g‘il-qizlarni tadbirkorlarga biriktirib, ularda biznes ko‘nikmalarini shakllantirish, imtiyozli kreditlar ajratib, o‘z faoliyatini boshlashga ko‘maklashish zarurligi aytilgan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar