“Texnopark”da O‘zbekiston - Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda

“Texnopark”da O‘zbekiston - Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda
Foto: Gazeta.uz

Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi bilan bir vaqtda poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi “Texnopark” da O‘zbekiston - Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi boshlandi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish va tadbirkorlar o‘rtasida hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida ochiq muloqot platformalarini tashkil etish hisoblanadi.

Mazkur tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiyot va moliya vaziri Ulukbek Karmishakov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov, Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Marat Sharshekeyev, shuningdek ikki davlatdan vazirlik, idoralari hamda jami 250 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari mas’ul vakillari ishtirok etmoqda.

Toshkentda davom etayotgan O‘zbekiston — Qirg‘iziston biznes forumi va Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi avvalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tadbirni ochib berarkan, ilk kalomini qirg‘iz tilida ifodalaganda, qo‘shni davlatdan kelgan mehmonlarning qizg‘in olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Shundan so‘ng S.Umurzoqov ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar rivojlanib, so‘nggi yillarda hamkorlik ko‘lami yanada kengayib borayotganini ta’kidlab, bugungi biznes forumi ham ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun keng va qulay imkoniyat yaratishi, kelgusida samarali natijalarga erishishda asos vazifasini o‘tashiga ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng Qirg‘iz Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Ulukbek Karmishakov so‘zga chiqib, mazkur anjumanning ikki qardosh xalq uchun beqiyos ahamiyati, kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar xususida to‘xtaldi. U o‘z so‘zida O‘zbekiston nisbatan qisqa vaqt ichida sezilarli iqtisodiy o‘sishga erishganini e’tirof etib, aynan shu omil Qirg‘izistonning mamlakatimizga bo‘lgan qiziqishi keskin oshishiga asos bo‘lganini qo‘shimcha qildi.

Zero, tahlillarga ko‘ra, Qirg‘iz Respublikasining pandemiya tufayli boshqa ko‘plab yaqin hamkorlari bilan munosabatlari yaqqol sustlashgan bir paytda, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarida sezilarli o‘sish kuzatilgan. Aniqroq aytganda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi 2016 yilga nisbatan 5 baravar ko‘paygan, mamlakatimizdagi ikki mamlakat ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni esa o‘tgan yil 2019 yilga nisbatan ikki marta ko‘paygan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar