Yaponiyada chop etiladigan «The Japan News» gazetasi sahifasida “O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi islohotlari” sarlavhali maqola bosilib chiqdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Unda qayd etilganidek, O‘zbekistonda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro me’yorlarni milliy qonunchilikka hamda huquq-tartibot tajribasiga tadbiq etishning tizimli va bosqichma-bosqich modeli shakllangan.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiligi muvofiq, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotini liberallashtirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha keng qamrovli islohotlarning tashabbuskori bo‘ldi”, deb yozadi gazeta.
- Inson huquqlari va erkinliklariga qat’iy rioya etilishi, odil sudlovda davlat va jamoatchilik institutlarining o‘rnini mustahkamlash masalalari ustuvorliklar sifatida belgilangan. O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu qatorda, BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Ularning hayotga tadbiq etilishi yuzasidan BMT huquq himoyasi mexanizmlari idoralariga muntazam ravishda milliy ma’ruzalar taqdim etiladi”.
Yapon gazetasining ta’kidlashicha, majburiy mehnatni bartaraf etish, shuningdek, bolalar mehnatiga chek qo‘yish borasida ham ulkan ishlar amalga oshirildi. “Hukumat xalqaro tashkilotlar (jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti) va fuqarolik faollari bilan yaqin hamkorlikni amalga oshirdi, deb yozadi nashr.
Maqolada O‘zbekiston paxta sanoatida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo‘yilgani bilan bog‘liq tafsilotlar atroflicha qalamga olingan.
Izoh qoldirish